Igor Sergeyev dublga erishgan oʻyinda Oʻzbekiston terma jamoasi gʻalaba qozondi

10:06 03 Sentyabr 2025 Sport
541 0

Foto: OʻFA

Kecha, 2-sentyabr kuni Markaziy Osiyo Futbol Assotsiatsiyasi tomonidan oʻtkazilayotgan “CAFA National Cup” musobaqasining “A” guruhida ikkinchi tur oʻyinlari boʻlib oʻtdi.

Xususan, Toshkentda joylashgan “Olimpiya” stadionida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Turkmaniston termasi bilan kuch sinashdi. Uchrashuv 2:1 hisobida Timur Kapadze shogirdlarining gʻalabasi bilan yakunlandi.

Uchrashuvda hisob 35-daqiqada maydon egalari tomonidan ochildi. Igor Sergeyev oʻzining terma jamoadagi yigirmanchi golini urdi. Igorning yigirma birinchi goli ham oʻzini uzoq kuttirmadi, 44-daqiqada Turkmaniston darvozasi tomon penalti zarbasi belgilandi. Bundan unumli foydalangan Igor Sergeyev terma jamoa tarixidagi toʻpurarlar reytingida Igor Shkvirinni ortda qoldirib, Odil Ahmedovga yetib oldi.

Uchrashuvning asosiy vaqti tugashiga 7 daqiqa qolganida, uchrashuvni boshqarib borgan tojikistonlik hakam Oʻzbekiston milliy terma jamoasi darvozasi tomon penalti belgilandi. Bundan esa “Arkadag” futbolchisi Didar Durdiyev aniq foydalanib, hisobni qisqartirdi. Uchrashuvda hisob boshqa oʻzgarmadi va Oʻzbekiston milliy terma jamoasi musobaqadagi dastlabki gʻalabasini qoʻlga kiritdi.

Maʼlumot uchun, endi Timur Kapadze boshchiligidagi jamoa 5-sentyabr kuni guruhdagi soʻnggi oʻyinini oʻtkazadi. Ushbu bahsda Oʻzbekiston termasiga Qirgʻiz Respublikasi raqiblik qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер