“Ibrohim G’ofurov – adib, munaqqid, tarjimon” mavzusidagi ilmiy-adabiy anjuman bo‘lib o‘tdi

16:14 22 Yanvar 2025 Jamiyat
297 0

Foto: Yunus Bo‘riyev, Haqberdi Asqarov / «Xalq so‘zi»

2025-yil 22-yanvar kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida taniqli adib, olim va tarjimon, O‘zbekiston san’at arbobi, O‘zbekiston Qahramoni  Ibrohim G‘ofurov tavalludining 88 yilligi munosabati bilan  “Ibrohim G’ofurov – adib, munaqqid, tarjimon” mavzusida ilmiy-adabiy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada O‘zbekistonning taniqli adabiyotshunoslari, yozuvchilar, olimlar va talabalar ishtirok etishdi. Akademik Shuhrat Sirojiddinov o‘z nutqida Ibrohim G‘ofurovning o‘zbek adabiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini e’tirof etar ekan, uning ijodi orqali o‘zbek kitobxoni  jahon adabiyotining durdona asarlari bilan tanishganini ta’kidladi.

Taniqli yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad esa Ibrohim G‘ofurovning o‘zbek adabiy tanqidi rivojida muhim o‘rin tutgan munaqqid sifatidagi rolini alohida ta’kidladi. Uning tanqidiy maqolalari o‘zining uslubiy aniqligi va badiiy nafisligi bilan ajralib turishi, ularni milliy adabiyotshunosligimizning eng nodir namunalari qatoriga qo‘shishi ta’kidlandi.

Konferensiya davomida Ibrohim G‘ofurov o‘zi ham so‘zga chiqib, unga ko‘rsatilgan ehtirom va hurmat uchun minnatdorchilik bildirdi. O‘z nutqida u tarjimonlik faoliyatining muhim jihatlari, asarlarni tarjima qilishdagi qiyinchiliklar va jahon adabiyoti durdonalarini ona tilimizga o‘girish jarayonidagi mas’uliyat haqida fikrlarini bildirdi. Shuningdek, yosh avlodni milliy va jahon adabiyotini chuqur o‘rganishga undab, bunday tadbirlar yosh iste’dodlarni rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Ushbu ilmiy anjuman milliy adabiyotimizning buyuk siymolaridan biri bo‘lgan Ibrohim G‘ofurov ijodini yana bir bor yuksak qadrlashga va uning boy merosini yangi avlodga yetkazishga xizmat qildi. Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAUda o‘tkazilgan ushbu konferensiya milliy adabiyotimiz va tarjimonlik san’atiga bo‘lgan e’tiborni yanada mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.

Foto: Yunus Bo‘riyev, Haqberdi Asqarov / «Xalq so‘zi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер