Huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish yoʻlida konstitutsiyaviy islohotlarning oʻrni
Har bir demokratik davlat taraqqiyotining asosiy tayanchi hisoblangan Konstitutsiya, mamlakat siyosiy-huquqiy tizimining negizini belgilab beradi. Fuqarolarning asosiy huquqlari va erkinliklari, davlat tuzilishi va boshqaruvi huquqiy jihatdan mustahkamlanadi. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 1992-yil 8-dekabr kuni qabul qilingan boʻlib, oradan oʻtgan davr mobaynida mamlakatda roʻy bergan tub siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy oʻzgarishlar uni takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirdi. Xususan, 2023-yilda amalga oshirilgan Konstitutsiyaviy islohotlar mamlakat tarixida muhim bosqich boʻlib, ular “Yangi Oʻzbekiston” konsepsiyasining asosiy yoʻnalishlarini huquqiy jihatdan mustahkamlashga qaratildi. Ushbu islohotlar inson qadri, huquq va erkinliklarini kafolatlash, adolat tamoyillarini mustahkamlash hamda fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, 2023-yil Konstitutsiyaviy oʻzgarishlari mustaqil Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim tarixiy davomi sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Har bir demokratik jamiyat va huquqiy davlatning mustahkam poydevori sifatida Konstitutsiya mamlakat taraqqiyotining asosiy huquqiy kafolati hisoblanadi. U davlat boshqaruvi tuzilishi, siyosiy tizim, fuqarolarning asosiy huquqlari va erkinliklarini aniq belgilab beradi. Konstitutsiya nafaqat nazariy hujjat, balki jamiyat hayotining barcha jabhalarini tartibga soladigan amaliy asosdir.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 1992-yil 8-dekabr kuni qabul qilingan boʻlib, u mustaqillik sharofati bilan shakllangan yangi siyosiy-huquqiy tizimning negizini yaratdi. Mazkur hujjat davlat suvereniteti, xalq hokimiyatchiligi, inson huquqlari va erkinliklarining ustuvorligini konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamladi. Aynan Konstitutsiya qabul qilinganidan keyin mamlakatda huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish yoʻlida asos solindi.
Biroq oradan oʻtgan 30-yildan ortiq vaqt davomida dunyo, mintaqa va mamlakatimizda chuqur siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy oʻzgarishlar sodir boʻldi. Global muammolar, zamonaviy texnologiyalar, inson huquqlarining yangi talqinlari, atrof-muhit muhofazasi, shuningdek, boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish zarurati Konstitutsiyani qayta koʻrib chiqish ehtiyojini keltirib chiqardi. Shu bilan birga, xalqaro huquqning rivojlanishi va demokratik tamoyillarni yanada chuqurlashtirish talablari ham islohotlar zaruratini kuchaytirdi.
Xususan, fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, inson qadri, huquq va erkinliklarini yanada ishonchli kafolatlash, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, sud hokimiyati mustaqilligini kuchaytirish kabi omillar 2023-yilda keng koʻlamli konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishga asos boʻldi.
2023-yilda amalga oshirilgan Konstitutsiyaviy islohotlar mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichini boshlab berdi. Ushbu islohotlar Yangi Oʻzbekiston konsepsiyasiga asoslangan holda, inson huquqlari va erkinliklarini yanada mustahkamlash, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish hamda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga qaratildi.
Yangilangan Konstitutsiyaning eng asosiy jihatlaridan biri — inson huquqlari va erkinliklariga berilgan eʼtibordir. Konstitutsiyaning ikkinchi boʻlimi toʻliq inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlariga bagʻishlandi. Shaxsiy daxlsizlik, fikr bildirish erkinligi, mulk huquqi, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish, sogʻliqni saqlash va ekologik xavfsizlik kabi asosiy huquqlar huquqiy asosda mustahkamlandi. Bundan tashqari, qonunchilikdagi har qanday noaniqlik yoki ziddiyatlar inson foydasiga talqin qilinishi Konstitutsiya darajasida ilk bor mustahkamlandi. Bu esa inson huquqlarini himoya qilish amaliyotida muhim kafolat boʻlib xizmat qilmoqda.
Islohotlarning markazida “Inson qadri uchun” tamoyili turibdi. Ushbu tamoyil asosida har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmati oliy qadriyat sifatida eʼtirof etildi hamda ularni taʼminlash davlatning asosiy vazifasi sifatida belgilandi.
Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida hokimiyatlar oʻrtasidagi vakolatlar aniq taqsimlandi va oʻzaro muvozanat prinsipi kuchaytirildi. Xususan, Qonun chiqaruvchi hokimiyat vakolatlari kengaytirilib, Oliy Majlis, ayniqsa Qonunchilik palatasining roli oshirildi. Bosh vazir va vazirlar nomzodlarini tasdiqlash vakolati parlament zimmasiga yuklatildi. Shuningdek, parlament nazoratining mexanizmlari takomillashtirildi. Ijro etuvchi va mahalliy hokimiyat islohotlari orqali mahalliy davlat organlarining vakolatlari kengaytirildi. Xalq deputatlari kengashlari tomonidan mahalliy hokimiyat faoliyati ustidan nazorat qilish tizimi mustahkamlandi, bu esa detsentralizatsiya jarayonini jadallashtirdi. Sud hokimiyatining mustaqilligi tamoyili kuchaytirildi. Sudlarning faqat qonunga boʻysunishi, sudyalar faoliyatiga aralashmaslik va ularning daxlsizligi Konstitutsiyada mustahkamlandi. Bundan tashqari, advokatura institutining konstitutsiyaviy maqomi belgilandi, bu esa inson huquqlarining samarali himoyasini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Yangilangan Konstitutsiyada fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy maqomi aniq belgilandi. Jamoat birlashmalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari bilan davlat organlari oʻrtasida hamkorlik mexanizmlari mustahkamlandi. OAV va axborot erkinligi masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Axborotni izlash, olish va tarqatish huquqi qatʼiy kafolatlandi. Davlatning OAVga asossiz aralashuviga yoʻl qoʻyilmasligi Konstitutsiyada alohida qayd etildi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli OAV uchun huquqiy asos yaratildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada OAV faoliyatiga oid yana bir qoʻshimcha moddaning kiritilgani demokratik tamoyillarning mustahkamlanishidan dalolat beradi.
Saylov tizimidagi yangiliklar ham muhim oʻrin tutadi. Saylovlarning shaffofligi va ochiqligi, fuqarolar ishtirokini kengaytirish, siyosiy plyuralizmni taʼminlash maqsadida kuzatuvchilarning huquqlari kengaytirildi. Endilikda saylov huquqidan faqat sudning qarori bilan mahrum etish mumkinligi aniq belgilandi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ekologik xavfsizlik masalasi dolzarb yoʻnalish sifatida mustahkamlandi. Fuqarolarning ekologik huquqlari, shaharsozlik faoliyatida jamoatchilik ishtiroki va jamoat tashkilotlari orqali nazorat olib borish mexanizmlari aniq belgilab berildi. Bu, avvalo, global ekologik muammolar kuchayib borayotgan hozirgi zamonda fuqarolarning atrof-muhit muhofazasida faol ishtirok etishini taʼminlash, yashash muhiti va shaharsozlikda aholining fikri inobatga olinishi uchun zarur huquqiy asos yaratadi.
2023-yilda amalga oshirilgan Konstitutsiyaviy islohotlar nafaqat davlat boshqaruvi, inson huquqlari va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda, balki ilmiy-amaliy sohalarda ham oʻzining ijobiy natijalarini koʻrsatmoqda. Xususan, Toshkent davlat yuridik universiteti ushbu islohotlarning ilmiy tayanchiga aylangan muassasalardan biri sifatida eʼtirof etilmoqda. Toshkent davlat yuridik universitetining hissasi mazkur islohotlar jarayonida muhim ahamiyat kasb etdi. Konstitutsiyaning yangi tahriri loyihasini tayyorlash va muhokama qilish bosqichlarida universitet professor-oʻqituvchilari faol ishtirok etib, oʻz taklif va mulohazalarini ilgari surdilar. Ularning ilmiy asoslangan fikrlari, huquqiy tahlillari va tajribalari natijasida bir qator muhim normalar Konstitutsiyada oʻz aksini topdi.
TDYU professor-oʻqituvchilarining konstitutsiya loyihasidagi takliflari inson huquqlari, advokatura institutining mustaqil maqomini belgilash, sud hokimiyatining mustaqilligini kuchaytirish, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish kabi sohalarni qamrab oldi. Universitet jamoasining saʼy-harakatlari natijasida Konstitutsiyada xalqaro huquq talablariga va milliy qadriyatlarimizga mos keladigan zamonaviy yondashuvlar mustahkamlandi. Shu bilan birga, universitet ilmiy salohiyati va xalqaro nufuzining ortib borishi mamlakatimizdagi keng koʻlamli islohotlarning amaliy natijasidir. Xususan, TDYU xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinlarni egallamoqda.
“Times Higher Education Impact Rankings — 2025” natijalariga koʻra, dunyoning 2500 ta oliy taʼlim muassasasi orasida Toshkent davlat yuridik universiteti 301-oʻrinni egalladi. Bu koʻrsatkich 2024-yilga nisbatan 100 pogʻonaga yuqorilaganini koʻrsatadi. Ayniqsa, universitet: SDG 5 — Gender tengligi yoʻnalishi boʻyicha 51-oʻrinni egallab, dunyoning top-100 oliygohlari qatoridan joy oldi; SDG 4 — Taʼlim sifati boʻyicha 301−400-oʻrin; SDG 8 — Munosib ish oʻrinlari va iqtisodiy oʻsish boʻyicha 101−200-oʻrin; SDG 16 — Tinchlik, adolat va kuchli institutlar hamda SDG 17 — Maqsadlar boʻyicha hamkorlik yoʻnalishlarida 201−300-oʻrinlarni egalladi. Bundan tashqari, universitet “AD Scientific Index” (Alper-Doger Scientific Index) reytingida ham yuqori natijalarga erishdi. Xususan, Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari orasida “Law” (huquqshunoslik) yoʻnalishi boʻyicha Toshkent davlat yuridik universiteti birinchi oʻrinni egalladi.
Mazkur yutuqlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, Konstitutsiyaviy yangilanishlarning ilm-fan va taʼlim tizimidagi amaliy natijalaridan dalolat beradi. TDYUU nafaqat milliy, balki mintaqaviy miqyosda ham nufuzli va faol huquqiy oliy taʼlim muassasasiga aylanmoqda. Bu esa Oʻzbekiston Respublikasining huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirish yoʻlidagi izchil islohotlari muvaffaqiyatli davom etayotganining yorqin isbotidir. 2023-yilda amalga oshirilgan Konstitutsiyaviy islohotlar Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichini boshlab berdi va davlatimiz tarixida strategik ahamiyatga ega boʻlgan tub oʻzgarishlarga zamin yaratdi. Mazkur islohotlar orqali mamlakatimizda huquqiy davlat tamoyillari, demokratiya va inson huquqlarining ustuvorligi yanada mustahkamlandi.
Yangilangan Konstitutsiya Yangi Oʻzbekiston konsepsiyasining huquqiy asosini yaratdi. Xususan, “Inson qadri uchun” tamoyilining huquqiy jihatdan mustahkamlanishi, davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligi, fuqarolarning boshqaruv jarayonlarida faol ishtirokini taʼminlash mamlakat taraqqiyotining asosiy yoʻnalishiga aylandi. Konstitutsiyaviy oʻzgartirishlar natijasida inson huquqlari va erkinliklarini amaliy jihatdan kafolatlash, hokimiyatlar oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlash, sud hokimiyatining mustaqilligini kuchaytirish, fuqarolik jamiyati institutlari va OAV erkinligini rivojlantirish, ekologik xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha muhim normativ-huquqiy asos yaratildi.
Shuningdek, ushbu islohotlar mamlakat taraqqiyotining uzviy tarkibiy qismi sifatida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, xalq bilan muloqotni kuchaytirish, ilm-fan va taʼlim tizimining xalqaro nufuzini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Toshkent davlat yuridik universitetining konstitutsiyaviy islohotlar jarayonidagi faol ishtiroki va xalqaro reytinglarda erishgan yuqori natijalari bunga yaqqol dalildir. Xulosa qilib aytganda, 2023-yilgi Konstitutsiyaviy islohotlar Yangi Oʻzbekistonni huquqiy, demokratik va insonparvar davlat sifatida shakllantirishga, fuqarolik jamiyatining har tomonlama rivojlanishiga mustahkam zamin yaratdi. Ushbu islohotlar mamlakatimiz taraqqiyotining uzoq muddatli strategik maqsadlariga erishishda muhim huquqiy kafolat boʻlib xizmat qilmoqda.
Jasurbek Ilxombekov
Toshkent davlat yuridik universiteti
“Konstitutsiyaviy huquq” kafedrasi katta oʻqituvchisi,
yuridik fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring