Hududlarning ijtimoiy infratuzilmasi yaxshilanmoqda

16:19 30 Sentyabr 2023 Jamiyat
575 0

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan chekka va olis hududlarning ijtimoiy infratuzilmasini yaxshilash va aholi turmush darajasini koʻtarishga qaratilgan “Obod koʻcha”, “Obod mahalla”, “Obod xonadon” mezonlarini joriy qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ana shunday manzillardan biri Xorazm viloyatidir. Dastur boʻyicha viloyatning toʻrt hududida — Bogʻot tumani “Saxovat” MFYda, Yangibozor tumani “Katli” MFYda, Xonqa tumani “Durgadik” MFYda hamda Xiva tumani “Istiqlol” MFYda keng koʻlamli bunyodkorlik ishlar olib borilmoqda.

Aholini oʻylantirib kelayotgan muammolarga oʻz vaqtida va sifatli yechim topish maqsadida Prezident maslahatchisi Gʻofurjon Mirzayev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi vakillari ham bevosita joylarga chiqqan xolda uyma-uy yurib oʻrganishlar olib bormoqda.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, tanlangan hududlar infratuzilmasini yaxshilash maqsadida yangi mahalla binolari, atrofida mini sport maydonchalar, tikuvchilik sexlari, bank xizmatlari markazlari, sartaroshxona va goʻzallik salonlarini qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Mahallardagi maktab va bogʻchalar joriy va kapital taʼmirlandi.

Bundan tashqari 22 kilometrga yaqin ichki tuproq yoʻllar shagʻallashtirildi, 6 kilometrdan ziyod tabiiy gaz quvurlari kapital taʼmirdan chiqarildi, 5 kilometrga yaqin yangi suv quvurlari oʻtkazildi. Elektr energiyasi taʼminotini yaxshilash maqsadida 9 ta yangi transformator oʻrnatildi, 12 kilometr SIP kabellar tortildi hamda 200 dan ziyod yangi beton tayanch ustunlar oʻrnatildi, 300 ga yaqini joriy taʼmirdan oʻtkazildi.

Hududlarni tartibga keltirish maqsadida, 36 km. ariqlar va zovur tarmoqlari tozalanib, ishchi faoliyatga keltirildi, mahalla qabristonlari obodonlashtirildi.

Kam taʼminlangan, ijtimoiy yordamga muhtoj 584 ta oilalar xonadonlarida kapital va joriy taʼmirlash ishlari ketmoqda, tomorqalari tartibga keltirilmoqda.

Aholi sogʻligʻini muhofaza qilish maqsadida 6,3 mingga yaqin fuqaro tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Natijada, 84 nafar fuqaroga ambulator sharoitda davolanishga order ajratildi, 49 nafar fuqaroga tuman tibbiyot markaziga yoʻllanma berildi, 723 fuqaroga esa bepul dori-darmonlar yetkazildi.

Oilalarni tadbirkorlikka jalb qilish hamda bandligini taʼminlash maqsadida tikuvchilik va xizmat koʻrsatish yoʻnalishida 39 nafar fuqaroga 366 mln soʻmlik subsidiya, 118 nafar fuqaroga 2,3 mlrd. soʻmlik imtiyozli kredit mablagʻlari ajratib berildi. Shu bilan birga 112 nafar fuqaro kasb-hunarga oʻqishga yoʻnaltirildi hamda 73 nafari haq toʻlanadigan jamoatchilik ishlariga jalb qilindi. Ijtimoiy ogʻir ahvoldagi 89 ta oilaga 36,1ga yer maydoni ekin ekish uchun tarqatildi.

Bundan tashqari, Respublika ishchi guruhi vakillari aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha obyektlarining qish mavsumiga tayyorgarligini ham oʻrgandi. FVB tomonidan yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishi va is gazidan zaharlanish holatlarini oldini olish boʻyicha profilaktik tadbirlar oʻtkazildi. Xususan, mingga yaqin xonadon moʻrilari tozalandi, oʻndan ziyod ijtimoiy obyektlar yongʻin xavfsizligi boʻyicha oʻrganib chiqilib, koʻmir saqlash omborlari tartibga keltirildi.

Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер