Hududlardagi 204 ta tuman va shahar hokimliklarining 43 tasida rasmiy veb-sayti ishlamaydi

12:52 19 Mart 2022 Siyosat
1041 0

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Senatning yigirma toʻrtinchi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda soʻnggi yillarda davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining jamoatchilik oldida doimiy hisobot berish institutining joriy etilgani, shuningdek, ochiqlikni taʼminlash borasida tub islohotlar amalga oshirilayotgani oʻzining ijobiy natijalarini bermoqda.

Biroq amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga ayrim davlat organlari va tashkilotlari oʻz faoliyati ochiqligini taʼminlashda kamchiliklarga yoʻl qoʻymoqda.

Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga har yili faoliyat yoʻnalishi boʻyicha erishgan asosiy yutuqlar hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida uchrayotgan kamchiliklar yuzasidan rasmiy veb-sayti orqali eʼlon qilib borish vazifasi yuklatilgan boʻlsada, bu maʼlumotlar eʼlon qilinmagan.

Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqishda ularning davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligiga oid fikr-mulohazalari oʻrganilmagan, aholini tashvishga solayotgan dolzarb muammolarni qonuniy hal qilish maqsadida “Mening fikrim” veb-portali orqali muhokama qilish ishlari amalga oshirilmagan.

Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash borasidagi ishlar yetarli darajada muvofiqlashtirilmaganligi oqibatida ular tomonidan tegishli maʼlumotlar ochiq maʼlumotlar portali (data.egov.uz) va oʻz rasmiy veb-saytlarga joylashtirilmagan.

Xususan, 135 ta davlat organlari va tashkilotlarining 2021-yil toʻrtinchi choragi boʻyicha davlat xaridlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlari tahlili koʻrsatganidek, ularning 80 tasi yoki 60 foizi ushbu maʼlumotlarni belgilangan resurslarga joylashtirmagan. Yoki xizmat safarlari va xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari boʻyicha hisobotlar 88 ta davlat organi va tashkiloti tomonidan oʻz vaqtida ochiqlamagan.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalariga ijara huquqini berish boʻyicha ochiq tanlov gʻoliblari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar vazirlik saytida eʼlon qilinmagan.

Madaniy meros agentligi tomonidan davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros obyektlari hududida tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun berilgan ruxsatnoma egalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar toʻliq eʼlon qilinmagan.

Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tomonidan ov qilish va ovchilik xoʻjaliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shu jumladan ov qilish taqiqlangan joylar, muayyan ov qilish joylarida ov qilish uchun taqiq belgilanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar doimiy yangilab borilmagani jamoatchilikning katta eʼtiroziga sabab boʻlgan.

Respublikadagi 204 ta tuman va shahar hokimliklarining 43 tasida rasmiy veb-sayti ishlamaydi.

Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan davlat xaridlari bilan bogʻliq maʼlumotlar, xarajatlar smetasi va uning ijrosi, xizmat safarlari va xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari, litsenziya va ruxsat etish uchun masʼullar toʻgʻrisida maʼlumot, yengil avtomobillar, xizmat uylari hamda boshqa zarur maʼlumotlarni jamoatchilikka toʻlaqonli eʼlon qilinmayapti.

Majlisda Hukumatga davlat organlari va tashkilotlarining ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni oʻz muddatida eʼlon qilmagan hamda kamchiliklarga yoʻl qoʻygan rahbarlari faoliyatini tanqidiy koʻrib chiqish va masʼuliyatini oshirish boʻyicha vazifa qoʻyildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?