Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi mexanizatori Azmiddin Sadriddinovich Sadriddinov vafoti munosabati bilan hamdardlik
Mashinasozlik sohasidagi taniqli olim, Toshkent davlat texnika universiteti professori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi mexanizatori Azmiddin Sadriddinovich Sadriddinov shu yil 4-dekabr kuni 89 yoshida vafot etdi.
A.Sadriddinov 1936-yil 26-iyunda Toshkent shahrida ziyoli oilasida tugʻildi. Oʻrta maktabni tugatganidan soʻng Toshkent yengil sanoat institutida muhandis-mexanik mutaxassisligi boʻyicha taʼlim oldi. Mehnat faoliyatini Oʻrta Osiyo politexnika instituti (hozirgi Toshkent texnika universiteti)da katta laborant vazifasida boshladi. Ushbu oʻquv dargohining aspiranturasida tahsil olib, dastlab nomzodlik, soʻngra doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Isteʼdodli olim Toshkent texnika universitetida katta oʻqituvchi, dotsent, Mexanika, Traktor va qishloq xoʻjaligi mashinasozligi fakultetlari dekani, birinchi prorektor, professor, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazining Toshkent viloyati boʻlimi rahbari kabi lavozimlarda samarali xizmat qilib, mamlakatimizda yuksak malakali kadrlar tayyorlash, agrar sohani zamon talablari asosida mexanizatsiyalashtirishga doir ilmiy ishlanma va qoʻllanmalar tayyorlash, ularni amaliyotga joriy etish jarayonlariga munosib hissa qoʻshdi.
Zahmatkash olim va pedagog 65-yildan ziyod vaqt mobaynidagi serqirra faoliyati davomida paxta terish mashinalarini takomillashtirish boʻyicha samarali tadqiqotlar olib bordi, ushbu yoʻnalishda koʻplab maqolalar, risola va monografiyalar, amaliy ishlanma va metodik qoʻllanmalar yaratdi. Ayniqsa, agrotarmoq rivoji uchun dolzarb ahamiyatga ega boʻlgan 40 dan ziyod ilmiy loyihalar, davlat grantlari va xoʻjalik shartnomalari asosidagi ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qilgani, paxta terish mashinalarini takomillashtirish boʻyicha laboratoriya bazasiga asos solgani mamlakatimiz qishloq xoʻjaligida texnik va texnologik islohotlarni amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Ustoz olim tajribali pedagog sifatida koʻplab shogirdlar tayyorladi, uning rahbarligida oʻnlab nomzodlik va 5 ta doktorlik ilmiy ishi himoya qilindi.
A.Sadriddinovning mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi mashinasozligini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjalik mexanizatori” faxriy unvoni, “Doʻstlik” va “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan taqdirlandi.
Taniqli olim va pedagog, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Azmiddin Sadriddinovning xotirasi qalbimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov, A.Aripov
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Barselona” La Ligada navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi
- Bugun 2026-yilgi Jahon chempionatiga qurʼa tashlanadi
- Prezident poytaxtda transport tizimini yangilashga doir muhim qarorni imzoladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring