Hududlarda tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish mexanizmlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

20:27 19 Aprel 2022 Hujjatlar
4898 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Hududlarda amalga oshirilayotgan tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlik tashabbuslarining oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash orqali kichik va oʻrta tadbirkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida:

1. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi hamda Markaziy bankning kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatini moliyalashtirish uchun tijorat banklariga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining mablagʻlari hisobidan 300 million AQSH dollari ekvivalentida kredit liniyasini ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Belgilansinki:

kredit liniyasi tijorat banklariga 7 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 10 foiz stavkada milliy valyutada ajratiladi;

tijorat banklari tomonidan kreditlar ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish (bundan qurilish, savdo, vositachilik sohasidagi loyihalar, shuningdek, aksizosti tovarlar ishlab chiqaruvchilar, davlat korxonalari va ustav jamgʻarmasida (ustav kapitalida) davlat ulushi mavjud boʻlgan yuridik shaxslar hamda aylanma mablagʻlarni toʻldirish holatlari mustasno) uchun yillik 14 foiz stavkada, 5 yilgacha muddatga, shu jumladan, 2 yilgacha boʻlgan imtiyozli davr bilan 5 milliard soʻmgacha miqdorda ajratiladi;

tadbirkorlik subyektlarining faoliyat davri 6 oygacha boʻlganda 1 milliard soʻmgacha, 6 oydan 1 yilgacha boʻlganda 2 milliard soʻmgacha, 1 yildan 2 yilgacha boʻlganda 3 milliard soʻmgacha, 2 yildan 3 yilgacha boʻlganda 4 milliard soʻmgacha va 3 yildan oshganda 5 milliard soʻmgacha kreditlar ajratiladi;

kredit liniyasi mablagʻlarining kamida 70 foizi Nukus shahridan, viloyatlarning maʼmuriy markazlaridan va viloyat boʻysunuvida boʻlgan shaharlardan tashqari hududlarda faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlarga ajratiladi.

3. Mazkur qaror doirasida ajratilgan kredit liniyasidan samarali foydalanilishini muvofiqlashtirish Bosh vazir oʻrinbosari S.U.Umurzakov tomonidan amalga oshiriladi va unga quyidagi vazifalar yuklatiladi:

kredit mablagʻlariga talab va loyihalarning istiqboli va qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratishga qaratilganidan kelib chiqib, kredit liniyasi resurslarini hududlar (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar) va tijorat banklari kesimida taqsimlash;

loyiha fabrikalari va loyiha guruhlari tomonidan tijorat banklari bilan hamkorlikda loyiha va loyihaoldi hujjatlarning sifatli va qisqa muddatlarda ishlab chiqilishini taʼminlash;

tadbirkorlik subyektlari hamda tijorat banklari tomonidan kredit liniyasi mablagʻlari samarali va manzilli ishlatilishi ustidan tizimli monitoring ishlarini tashkil etish;

vazirlik, idora va hudud rahbarlarining kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish, loyihalarni amalga oshirish va belgilangan muddatda ishga tushirish toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitib borish.

4. Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi (Sh.Vafayev) resurslar hududlar va tijorat banklari kesimidagi taqsimotga muvofiq tijorat banklarining talabnomasi kelib tushgandan soʻng uch kunlik muddatda tijorat banklariga joylashtirilishini taʼminlasin.

5. Tijorat banklariga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi ajratayotgan mablagʻlarning tadbirkorlik subyektlari tomonidan maqsadli ishlatilishi va qaytarilishi ustidan tizimli monitoring hamda nazorat qilish tavsiya etilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

7. Moliya vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu qarordan kelib chiqib “2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                               Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2022-yil 19-aprel

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?