Hosil bayrami: Dehqonlar va fermerlarning mehnati eʼtirof etildi (+fotoreportaj)

18:13 08 Dekabr 2024 Jamiyat
795 0

Bugun, 8-dekabr kuni Toshkent davlat agrar universitetida Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni – “Hosil bayrami” keng nishonlandi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, agrar soha xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdilar. Bayram tadbiri doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning bayram tabrigini matbuot kotibi Sherzod Asadov oʻqib eshittirdi.

Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni 2017-yildan beri Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qonuni asosida dekabrning ikkinchi yakshanbasida nishonlab kelinadi. Bu yilgi tadbirlarda “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi” asosida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida maʼlumot berildi. Xususan, paxta-toʻqimachilik klasterlarini rivojlantirish va moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari yoʻlga qoʻyildi.

2024-yilda agrar va oziq-ovqat sohalarida jami 137 ta normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Yil yakuni boʻyicha qishloq xoʻjaligida mahsulot ishlab chiqarish hajmi 477,4 trillion soʻmni tashkil etishi kutilmoqda. Bu oʻtgan yilga nisbatan 104% oʻsish demakdir. Shuningdek, fermerlar tomonidan 3,9 million gektar yerga ekinlar ekildi, bu esa oʻtgan yilga nisbatan 270 ming gektarga koʻproq.

Chorvachilik sohasida 1220 ta loyiha amalga oshirilib, 6,4 mingdan ortiq ish oʻrinlari yaratildi. Hozirgi kunda qoramollar soni 14,4 million boshga, qoʻy va echkilar 24,8 million boshga yetkazilgan boʻlib, jami 2,9 million tonna goʻsht va 12,3 million tonna sut ishlab chiqarildi. Issiqxona xoʻjaliklari orqali 254 ming tonna mahsulot yetishtirish koʻzda tutilgan.

Meva-sabzavot yetishtirishda 368 ming gektar mevali bogʻ va 221 ming gektar tokzor xatlovdan oʻtkazilib, jami 33,6 ming gektar yangi bogʻ va 101,2 ming gektar yangi tokzor barpo etildi. Shuningdek, 96,1 ming gektarga tajriba tariqasida xorijiy gʻoʻza navlari ekilib, yuqori hosildorlik taʼminlandi. Toʻraqoʻrgʻon tumanida birinchi bor tomchilatib sugʻorish texnologiyasi qoʻllanib, 72 gektar maydonda sholi yetishtirildi.

Bayram tadbirida agrar sohadagi koʻzga koʻringan yutuqlar qatorida 75 ming gektar yer ajratilishi va 180 ming yangi ish oʻrni yaratilishi qayd etildi. Suv tejovchi texnologiyalar orqali 2 mlrd metr kub suv tejaldi. Ushbu tadbirlar doirasida bir guruh fidoyi xodimlarga “Qishloq xoʻjaligi fidoiysi” koʻkrak nishonlari topshirildi.

Shu tariqa, “Hosil bayrami” tadbirida mamlakat qishloq xoʻjaligida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi qilinar ekan, kelgusi yillarda yanada yuqori marralarni zabt etish maqsad qilib qoʻyildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер