“Hodisa yaqin atrofdagi aholi punktlari uchun xavf tugʻdirmaydi” — Energetika vazirligi

14:16 05 May 2025 Jamiyat
226 0

Videodan kadr

Bugun, 5-may kuni soat tonggi 6:10 da “Mustaqillik-25” konidagi 202-quduqda tarkibida vodorod sulfidi yuqori boʻlgan gazning katta bosim bilan otilishi va natijada fontanlanish holatining qaytalanishi kuzatildi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi axborot xizmati.

Bildirilishicha, tarkibida vodorod sulfidi yuqori boʻlgan gazning tarqalishini oldini olish maqsadida gaz oqimi nazorat ostida yoqib yuborilgan.

“Ayni paytda barcha zarur tadbirlar xavfsizlik choralariga toʻliq rioya qilingan holda amalga oshirilmoqda. Hodisa sodir boʻlgan hudud tegishli xizmatlar tomonidan oʻrab qoʻyilgan va hozirgi vaqtda ushbu hudud Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, «Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi hamda Ochiq neft va gaz favvoralarining oldini olish hamda ularni bartaraf etish boʻyicha Oʻzbekiston harbiylashtirilgan qismi mutaxassislari tomonidan doimiy nazorat qilinmoqda», deyiladi rasmiy xabarda.

Taʼkidlanishicha, yuzaga kelgan hodisa yaqin atrofdagi aholi punktlari uchun xavf tugʻdirmaydi.

“Avariyani bartaraf etish maqsadida hodisa joyida xorijdan jalb etilgan mutaxassislar ham faoliyat olib bormoqda. Har bir holat boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlar berib boriladi”, deya qoʻshimcha qilinadi vazirlik munosabatida.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 27-mart kuni mazkur quduqda tarkibida vodorod sulfidi yuqori boʻlgan gazning chiqishi qayd etilgandi. Ekologik xavfsizlikni taʼminlash maqsadida quduq nazorat ostida yoqib qoʻyilgan. 22-aprel kuni quduq oʻqining gʻovlanib tushgani va kolonna chiqib ketishi natijasida fontanlanish toʻxtagan, hodisa joyida gazning sust oqimi (grifon) kuzatilgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер