Hindistonlik tadbirkorlar Nukusda

12:50 12 Sentyabr 2024 Jamiyat
321 0

Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Joriy yilning 9-sentyabr kuni Hindiston Savdo-sanoat palatalari Federatsiyasi boshchiligidagi ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiya Oʻzbekistonga tashrif buyurgandi.

Bugun hindistonlik tadbirkorlar delegatsiyasi Qoraqalpogʻistonga tashrif buyurdi. Mehmonlarni Nukus xalqaro aeroportida Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqar­masi boshligʻi va boshqa rasmiylar kutib olishdi.

Delegatsiya vakillari ishtirokida Nukus shahrining “Oq qush” majmuasidagi yaqinda Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgan “Qora uy”da Oʻzbekiston – Hindiston qoʻshma biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi oʻrinbosari Dilshod Rasulov hamda Hindistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant va Hindiston Savdo-sanoat palatalari Federatsiyasi bosh maslahatchisi Manab Majumdar soʻzga chiqib, qoʻshma biznes-forumni oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad va Oʻzbekiston, shu jumladan Qoraqalpogʻistonda hamkorlikda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlar haqida toʻxtalib oʻtdi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi tovar aylanmasi 2023-yil holatiga koʻra, 691,5 mln dollarni tashkil etadi. Hindiston davlatiga amalga oshirilgan eksport hajmi 36,5 mln dollar, import hajmi 655,1 mln dollardan iborat.

Forum doirasida ikki davlat vazirlik, idora va tashkilot vakillari Oʻzbekiston hamda Hindiston davlatining savdo-iqtisodiy munosabatlarini rivojlantirish boʻyicha tadbirkorlikning keng istiqbollari namoyish etilgan taqdimot bilan qatnashdi.

— Biznes-forum doirasida hindistonlik tadbirkorlar Nukus shahridagi bir necha korxonalarda boʻlishdi, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqar­masi boshligʻi Kazbek Artikov. — Xususan, Nukus shahridagi “Nukus SSP Texnopark” MCHJ, “Nukuselektroapparat” qoʻshma korxonasi, terini qayta ishlovchi korxonalarda boʻlib, mahalliy tadbirkorlar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatmoqda. Qoraqalpogʻistonda tabiiy holda oʻsadigan qizilmiya oʻsimligiga delegatsiya vakillari katta qiziqish bildirdi. Keyingi yillarda yurtimizda qizilmiya ildizini yetishtirish va qayta ishlash rivojlanayotgani farmatsevtika va boshqa sohalarda qoʻllash borasida hamkorlikda ishlash boʻyicha fikr almashildi.

Tashrif doirasida qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, logistika, taʼlim, qurilish hamda turizm sohalarida ish yurituvchi 150 ga yaqin ikki davlat ishbilarmon doira vakillari ishtirokida Oʻzbekiston – Hindiston biznes forumi hamda V2V formatidagi ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?