Hayot maktabi

07:43 06 Aprel 2021 Jamiyat
677 0

“Amir Temur”, desak, kifoya — bus-butun ulugʻ tarix manzaralari koʻz oldimizdan bir-bir oʻtadi. Moʻgʻullar istilosi davrida oʻzimizning mustaqil davlatimiz boʻlmagan tangu tor davrlar, parokanda yurt, qadriyatlar toptalishi, maʼnaviy hayotimizdagi turgʻunlik, millat rivojidagi toʻxtalishlar, dunyo sivilizatsiyasi doirasidan chetga chiqib qolish kabi holatlar esga tushadi.

Ha, ogʻir kunlarni koʻrdi bu jabrdiyda xalqimiz... Xayriyatki, barchasi ortda qoldi.

Xalqimizning peshonasi yorugʻ hamisha. Millatning baxtiga, Sohibqiron dunyoga keldi, u tarix maydoniga kirishi bilan hamma narsa oʻzgara boshladi. Alloh ato etgan salohiyatni, aql-idrokni, fahmu farosat, tafakkurni toʻligʻicha anglagan Temurbek taqdir uning zimmasiga qanday vazifa yuklaganini teran his qildi. Va butun kuchini ulugʻ maqsadlarga yoʻnaltirishga qaratdi. U xalqqa, odamlarga suyandi. Shunisi eʼtiborliki, yoshligida uning yoniga kirganlar, doʻst boʻlganlar, butun umr Sohibqirondan ajralmadi, balki yurtga va elga sadoqat bilan xizmat qildi. Bunga tarix guvoh.

Amir Temur xizmat qilgan odamni — u sarkarda boʻladimi, olimmi, askarmi, hokimmi, mirobmi, muhandismi — aslo esdan chiqarmasdi. Piri Mir Sayyid Baraka oʻzi oʻstirib voyaga yetkazgan, elning xizmatiga qoʻshgan kishilarni hech qachon xor qilmaslikni maslahat berardi. Chunki bir niholni meva beradigan daraxtga aylangunicha parvarishlash qanchalik mashaqqatlar talab etsa, bir yoshni tarbiyalab kamolga yetkazish uchun undan-da koʻp mehnat singadi, loaqal shu mehnatni qadrlash uchun ham ularni avaylash kerak.

Sohibqironning kechirimli zot boʻlgani taʼrifiga esa qalam ojiz...

Yaqinda davlatimiz rahbari xuddi shunday, hokimlarimizni xor qilib qoʻymaymiz, deganida Sohibqiron tutumining hayotiy va taʼsirchan kuchini angladik. Hokim deganda, umuman, insonlar nazarda tutildi bu yerda, deb tushunmoq kerak.

Oʻzbekiston mustaqil boʻlib, jahon maydoniga qadam qoʻyar ekan, tabiiyki, oʻtmishdagi davlatlarimiz tajribalarini oʻrganishga oʻzida ehtiyoj sezadi, ularga suyanadi. Bu jihatdan, Sohibqiron tuzgan Turon saltanati (Amir Temur oʻzini “Turon sultoni” deb atagan, bu soʻzlarni toshga oʻydirib yozdirgan, bu tosh xorij muzeyida saqlanadi) tajribalari birinchi oʻrinda turadi.

Buyuk sarkarda oʻz hayotida tajribaga katta eʼtibor berardi. Turmushda orttirilgan bilimning bebaho ekanini, tajribali odam hech qachon ishda pand yeb qolmasligini, shunday kishilarga suyanish lozimligini, shu bilan oʻzining tajribasi ham ortib borishini anglab yetdi. “Qarori qatʼiy, tadbirkor, hushyor, jang koʻrgan, shijoatli bir mard kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroq ekanini oʻz tajribamda koʻrdim, — deb yozadi Sohibqiron «Tuzuklar”da. — Chunki tajribali bir kishi minglab kishiga ish buyuradi».

Davlatimiz rahbari shijoati va zukkoligi bilan bugun mamlakatimizda oʻn minglab, yuz minglab va undan ortiq ish oʻrinlari yaratilmoqda. Bunda oʻsha Sohibqiron aytgan “tajribali bir kishi” xizmati koʻzga yaqqol tashlanib turibdi.

Amir Temurning hayoti, harbiy yurishlari, ul zotning odamlar bilan muomala-munosabatlari, xorijiy mamlakatlar bilan oʻzaro diplomatik aloqalari — shaxsiy fazilatlari va faoliyatining har bir jabhasi biz, avlodlarga ibrat maktabi. Ul zotning har bosgan qadami bizga saboq.

Davlatimiz rahbari shu maktabdan saboq olishimiz kerakligi, ayniqsa, yoshlarimiz oʻqib-oʻrganishlari zarurligi, buning uchun sharoitlar yaratish lozimligi haqida jon kuydirib, yoʻl-yoʻriq, koʻrsatmalar berayotgani alohida eʼtiborga sazovor. Bu — nihoyatda toʻgʻri va oqilona yoʻldir. Zero, Sohibqironning hayotiy tajribalari, amalga oshirgan ezgu ishlari, bunyodkorligi, ilm-fanga rivoj berishi, harbiy sanʼatni jahoniy darajaga koʻtarishi bilan birgalikda, shu qizgʻin umr qaymogʻi jam boʻlgan “Temur tuzuklari” nomi bilan mashhur madaniyatimizning nodir yodgorligi bugungi kunda ham katta ahamiyatga egadir.

Jahon tarixida davlat tuzish, yurt boshqarish haqida Sharqda ham, Gʻarbda ham koʻp kitoblar yozilgan. Platonning (miloddan avval XV-XIV asrlar) “Davlat”, Abu Nasr Forobiyning (IX asr) “Fozil shahar kishilarining qarashlari”, Nizomulmulkning (XI asr) “Siyosatnoma” (“Siyar ul-mulk”), Xoja Samandar Termiziyning (XVII asr) “Dastur ul-mulk”, Gʻarbda Florensiyada yozilgan Nikkolo Makiavelli (XVI asr)ning “Podshoh”, Prussiya qiroli, Volterning homiysi boʻlgan Fridrix II ning (XVIII asr) «Antimakiavelli» kitoblari shular jumlasidan. Bu kitoblarda davlat tuzish, yurtni boshqarish, uni obod qilish, tinch saqlash toʻgʻrisida juda kerakli maslahatlar, chuqur mulohazalar, oʻrinli fikrlar oʻrtaga tashlangan.

Lekin “Temur tuzuklari” mutlaqo boshqa asar. Uning oʻziga xosligi, farqi nimalarda koʻrinadi?

Yuqorida keltirilgan kitoblarning mualliflari (qirol Fridrix II bundan mustasno) yurt boshqarmagan faylasuflar va tarixchilar boʻlib, ular saltanat saroylarida turli lavozimlarda ishlashgan, oʻzlarining zukko qobiliyatlari, tiniq idroklari va oʻtkir kuzatuvchanliklari bilan nazariya asosida davlat qurilishi tajribalarini umumlashtirib, oʻz risolalarini yaratganlar, lekin davlat tuzish jarayonlarida faol ishtirok etmaganlar.

Amir Temur esa barini oʻzi boshdan kechirdi, kuyib-yondi, oʻzi boshqardi, shu jarayonning ichida qaynab, pishdi. “Qora mehnat”dan qochmadi, oʻzini baland olmadi, odamlarga yaxshi muomalada boʻldi. Qalbi toza insonlarni izlab topdi, oʻz atrofiga yigʻdi, doʻstlashdi, muzokaralar olib bordi. Oʻzi aytmoqchi: “kattalarini ogʻa oʻrnida, kichiklarini farzand oʻrnida” koʻrdi, hamfikrlarning boshlarini qovushtirishdan tolmadi. Natijada katta mustaqil saltanat tuzishga erishdi, davlat asoslarini puxta ishlab chiqdi. Ushbu jarayonda hayotiy zarurat, voqelik uning oldiga jamiyatni olgʻa suradigan, unga rivoj beradigan tuzuklar-qonunlar yaratishni vazifa qilib qoʻydi...

Bir misol keltiramiz. Mamlakatda obodonchilik ishlari boshlanib ketdi. Shunda yangi yerlarni oʻzlashtirishda oliq-soliqlar tartibini koʻrib chiqish zarurati tugʻildi. «Mamlakatni tartibga keltirish va yuksaltirish, uning obodonchiligi, xavfsizligini amalga oshirish tuzuki»da Sohibqiron raiyatdan mol-xiroj yigʻishda ehtiyot boʻlishni taʼkidlab, odamlarni ogʻir ahvolga solishdan yoki mamlakatni qashshoqlikka tushirib qoʻyishdan saqlanish zarurligini aniq koʻrsatib qoʻydi. Ushbu tuzukda shunday satrlar bor: «Kimki biron sahroni obod qilsa yoki koriz qursa, yo biron bogʻ koʻkartirsa yoxud biron xarob boʻlib yotgan yerni obod qilsa, birinchi yili undan hech qanday soliq olmasinlar...»

Bu hayotiy adolat hozir ham oʻzining dolzarbligini yoʻqotgani yoʻq.

Agar tuzuklarda qalamga olingan mavzularni nazardan oʻtkazsak, ularda jamiyatning, mamlakat hayotining, voqelikning barcha sohaci eʼtiborga olinganini koʻrib, hayratda qolamiz, bir chetda qolgan mavzu yoʻq. Chunki davlat ishida mayda narsalar boʻlmaydi. Har qanday kichik narsa ham muhim. Hammasi muhim, hammasi zarur! (Qiyos qilib, davlatimiz rahbari shugʻullanayotgan ishlarga bir koʻz tashlaylik: Orol dengizi oʻrnida koʻkalamzor maydonlar barpo qilish, charm-poyabzal ishlab chiqarishni yaxshilash, uyushmagan yoshlarni mehnatga jalb qilish, tadbirkorlikni kuchaytirish, tarixni oʻrganish, ishsizlarni ish bilan taʼminlash, yoshlarni tarbiyalash, baliqchilikni rivojlantirish, Alisher Navoiy ijod maktabini ochish, fuqaroning qanday yashayotganini koʻrish uchun uyiga tashrif buyurish, toʻyiga taklif etsa, borishni unutmaslik... va boshqa ezgu yumushlar).

“Tuzuklar”da askarni eng quyi martabadan oliy martabagacha tarbiyalab koʻtarish tuzuki oʻrin olgan. Demak, Amir Temurni bir oddiy askarni tarbiyalash va uni qanday qilib quyidan yuqoriga koʻtarish tashvishga soladi va uni mamlakat hayotida muhim ishlardan biri deb hisoblab, “Tuzuklar”ga kiritadi. Unda, jumladan, shunday soʻzlar bor: “Sipohiylardan (askarlardan) kimki astoydil qilich chopsa, oyligini oshirsinlar”, “Qaysi sipohiy dushman qarshisida qilich chopib yaralansa, uni taqdirlab, inʼom bersinlar”, “Qaysi sipohiy xizmatda yurib qarilik yoshiga yetarkan, uni oylik haqdan mahrum etmasinlar”, «Yoshi keksa sipohiylarni hurmatlab aziz tutsinlar, ulardan foydali maslahatlar olsinlar, chunki ularning aytadigan gaplari oʻz tajribalarida koʻrib bilganlaridir. Ularni saltanat korxonasining ustunlari deb bilsunlar. Ulardan keyin oʻgʻillarini oʻrinlariga oʻtqazsinlar...» Yana “Qilich chopib oʻzlarini koʻrsatishsa, birinchi marta — oʻnboshi, keyin yuzboshi, keyin mingboshi qilib tayinlasinlar...”

Mana, saltanat sohibining oddiy bir fuqaro haqidagi gʻamxoʻrligi. Va buni davlat qonunlari qatoriga qoʻshishi. Shuni aytish kerakki, oddiy askar haqidagi bu tuzuk vazirlarning xizmat qilish tuzukidan ancha avval kelmoqda.

Amir Temurning davlat tuzish, unda intizom oʻrnatish va hokazolarga katta ahamiyat bergani “Temur tuzuklari” mundarijasidayoq koʻzga yaqqol tashlanadi. Mana qarang: mamlakat ishlari, sipoh saqlash, sipohga ulufa (haq) berish, oʻgʻillar va nabiralarga ulufa ajratish, vazir tanlash, sarkardalarga nogʻora va bayroq berish, amirlik martabasi, ularni inʼom-sovgʻalar bilan taqdirlash, doʻstu dushmanga muomala, askarning begiga, bekning oʻz askariga muomalasi qanday boʻlishi kerakligi... Hatto sipohiylar, amirlar, mingboshilarning mamlakatda urush yoki tinchlik paytlaridagi yigʻinlar va bazm-majlislarda qanday oʻtirib-turishlari ham “Tuzuklar”da bayon qilib berilgan. Bunday holatlar kitobda koʻp.

“Temur tuzuklari” — hayot maktabi. Allohga shukrki, shunday kitob oʻzimizda bor, ulugʻ bobomizning bizlarni oʻylab, gʻamimizni chekib, yozgan kitobi. “Saltanat qurish, davlat tutish bobida oʻzim qoʻllagan ishlarni bir necha «Tuzuk”ka bogʻladim, — deydi Amir Temur, — saltanatni boshqarish haqida qoʻllanma yozib qoldirdim».

Aslini olganda, “Temur tuzuklari” insonga komillikka erishish yoʻllarini yoritib bergan nodir asardir. Undagi yoʻl-yoʻriqlarga, chuqur pand-nasihatlarga, kengashlarga, tajribalarga rioya qilib yashagan inson Vatanini sevguvchi, oqil, el uchun jonfido, botir va qahramon, haqiqiy yurt farzandi boʻlib kamol topadi.

Davlatimiz rahbari bu kitobni “Temurbeklar maktabi”da yoshlarimiz oʻqishsin, oʻqiganda ham bilib, tushunib oʻqisin, deb bejiz qaygʻurayotgani yoʻq. Buyuk zotning hayotiy tajribalari yoshlarga ibrat, yoʻl koʻrsatuvchi boʻlsin, demoqda. Bu gʻoyat toʻgʻri. Kitob, ayniqsa, harbiy sanʼatni, jang rusumi, maydon vaziyatini yaxshi egallash bobida ham yoshlarga, nafaqat yoshlarga, balki kattalarga, harbiy xizmatchilarga yorqin namuna. Vatanimiz himoyachilari ushbu noyob qoʻllanmadan savq-ul jaysh, yaʼni strategiya va taʼbiyat-ul jaysh — taktika sir-sinoatlarini chuqur oʻrganishi mumkin.

“Temur tuzuklari” keng qamrovli va donishmand kitobligini nazarda tutib, uni nafaqat “Temurbeklar maktabi”, balki barcha umumtaʼlim maktablarida ham oʻqitilsa, maqsadga muvofiq boʻlardi, degan fikrdamiz. Kitob maktab dasturining 9-sinf doirasida oʻqitilishi mumkin. Oʻquvchilar tariximizni oʻrganish asnosida, Amir Temurning hayotiy tajribalarini ham bilib olishadi. Bu esa yoshlarimizga umr boʻyi yoʻl-yoʻriq boʻladi, asqatadi, albatta.

«Bu tuzuklardan, — deb orzu qilgan edi Amir Temur bobomiz, — (avlodlarim) saltanat ishlarini boshqarishda qoʻllanma sifatida foydalangaylar, toki mendan ularga yetadigan saltanat zararu tanazzuldan omon boʻlgay...»

Sohibqiron bobomizning orzu-umidlari esa bugun roʻyobga chiqmoqda.

Muhammad ALI,
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi,
Davlat mukofoti laureati.



Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?