Hayot davom etadi...

18:16 08 Aprel 2020 Lifestyle
12655 0

Illyustrativ foto

Ammo uning qanday kechishi oʻzimizga bogʻliq

Taniqli shoir Oʻtkir Rahmatning “Xalq soʻzi” gazetasining shu yil 4-aprel sonida chop etilgan “Hayot qoʻshigʻi” sarlavhali maqolasida bugungi kunimizning dolzarb mavzusi —koʻzga koʻrinmas virus balosi koʻpchiligimizni xavotirga solib qoʻygan bir pallada Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan xalqimiz salomatligini saqlash, xususan, koronavirus pandemiyasining oldini olish borasidagi ishlarga xayrixohlik, oʻzaro ahillik, hamjihatlik masalalari qalamga olingani bilan eʼtiborimni tortdi.

Darhaqiqat, bugun barchamiz ulkan sinov davrida yashayapmiz. Bu nafaqat oʻzaro jipsligimiz, saxovatpeshaligimiz, olijanobligimiz, temir intizomimizni imtihondan oʻtkazuvchi tarixiy davr, balki maʼnan yuksalish, ruhan poklanish imkoniyati hamdir.

Aytish mumkinki, mana shunday ogʻir kunlardan kimlardir qiynalib qolgan insonlarga, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan, nogironligi boʻlgan oilalarga yordam qoʻlini choʻzib, shifokorlar tomonidan belgilangan sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilib, oʻzini ham, oʻzgalarni ham xavfdan asrab — yorugʻ yuz bilan, maʼnan yana-da yuksalib bormoqda.

Afsuski, ochkoʻzlik, nafsga qullik, subutsizlik, xudbinlik qilib, oʻzining aslida kim ekanligini, insoniylik darajasini, maʼnaviy qiyofasini namoyon etib qoʻyayotganlar ham uchrab turibdi.

Muallif mazkur jihatlarni qayd etar ekan, bu — baʼzilarning iymoni sustligi, dunyoqarashi torligi, maʼnaviyati zaifligidan dalolat emasmi, deydi. Bu savol, aslida, har birimizni oʻzimizga, qalbimizga, qilayotgan ishlarimizga teran nazar tashlashga undaydi. Prezidentimiz atrofida jipslashib, koronavirus balosini yengishda bir musht boʻlishga daʼvat etadi.

Maqolada ijodkorning nekbin tuygʻulari, ertangi kunga ishonchi mustahkamligi yaqqol sezilib turibdi. Fidoyi jurnalist “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga begʻaraz mablagʻ oʻtkazayotgan muassasalar va saxovatpesha insonlar, davlatimiz rahbarining Farmoniga koʻra, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hamda nogironlariga pul mukofoti berilishi haqida fikr yuritishi asnosida mamlakatimizda inson va uning shaʼni, qadr-qimmati eng oliy qadriyatga aylanganini alohida eʼtibor bilan taʼkidlaydi. Axir bu jihatlar har bir insonning koʻnglini togʻdek koʻtarib, ruhini tetiklashtiradi, umriga umr qoʻshadi.

Shu oʻrinda maqolaga nega aynan “Hayot qoʻshigʻi” deya sarlavha qoʻyilgani haqida ikki ogʻiz soʻz. “Koʻrinmas yov”ga qarshi kurashilayotgan bugungi murakkab kunlarda inson ilgari ahamiyat bermagan, oddiy tabiiy jarayonlar sifatida qabul qiladigan hodisalarga eʼtiborli, har qanday umidbaxsh holatdan oʻzi uchun madad, ilhom va nekbinlik qidiradigan boʻlib qoladi. Jumladan, bugungi xonanishinlik sharoitida asalarilarning uchib yurganini koʻrish ham odamga katta umid, uy ishlarida gʻayrat, qalblarga shirindan-shakar niyatlar baxsh etadi. Yaratganning mitti mavjudotidagi yashashga tashnalik, harakatchanlik, oʻzi yiqqan bol bilan insonlar dardiga malham boʻlish ezgulikning umri boqiyligiga ishonch uygʻotadi. Xuddi hayot qoʻshigʻi kabi qalblarimizga taskin-tasalli beradi, deydi muallif.

Demak, hayotning davom etishi, dunyoning ertangi taqdiri, baxtli va farovon hayotimiz bugun asalarilar kabi ilohiy bir intizom asosida yashashimizga, tartib-tozalikka rioya etishimizga, oʻzgalarga yaxshilik qilishimizga, sabrli hamda matonatli boʻlishimizga bogʻliqdir.

Saidjon MAXSUMOV,
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?