Har qarich yer tilloga teng

18:08 28 May 2025 Jamiyat
123 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Tomorqaning foydalari haqida qancha gapirilsa ham, natija koʻp jihatdan insonning oʻziga bogʻliq. Bugungi kunda hovlisida moʻjaz issiqxona qurib, undan unumli foydalanayotganlar ham bor, aksincha, bir soʻm foyda koʻrmay, issiqxona uchun olingan kreditlarning zalvoridan egilganlar ham yoʻq emas. Shoʻrchi tumani Olatemir mahallasida yashovchi Zulfiya Soatova tomorqasini daromad manbaiga aylantirgan zahmatkashlar mehnatiga tasanno aytasan kishi.

Zulfiya opaning hovlisiga kirishingiz bilan goʻyoki jannat bogʻiga tushib qolgandek boʻlasiz. Turfa rangdagi gullar, sabzavotlar va koʻkatlar, mevalari pishishga shaylangan dov-daraxtlar, marjon shodasidek tizilgan uzum gʻoʻralari koʻzni qamashtiradi. Tomorqada tashkil etilgan moʻjazgina issiqxonada yilning istalgan faslida pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri, rezavorlar, turli koʻchatlar yetishtiriladi. Zulfiya opaning bu boradagi muvaffaqiyatlari siri, shubhasiz, mehnatda.

— Inson har bir ishga hafsala bilan yondashsagina biror natijaga erishadi, — deydi Zulfiya Soatova. — Tomorqaga mehr berilsagina u roʻzgʻorga baraka keltiradi. Bu mehr ortida tinimsiz mehnat yotadi. Baʼzan shunday oʻylab qolaman: davlatimiz oilalarni kambagʻallikdan chiqarish uchun barcha sharoitlarni yaratyapti — tomorqasini haydab, urugʻigacha yetkazib beryapti. Hattoki, ayrim hollarda oʻzlari ekib ham berishyapti. Ammo shunga qaramay, baʼzilar “ekinlarim qurib ketdi, hosil ololmadim, bizni aldab ketishdi”, deganini eshitib taajjubga tushaman. Nega odam kambagʻallik botqogʻiga tushib qoladi, bilasizmi? Menimcha, bunga koʻp hollarda ularning oʻzlari aybdor. Mehnatdan qochish, dangasalik odamni boqimanda qilib qoʻyadi, birovning qoʻliga qaram qiladi. Har kuni subhidamdan avvalo tomorqamga, issiqxonaga oshiqaman. Gullar, sabzavotlar, koʻkatlar, koʻchatlar — hammasi menga bir oiladek boʻlib qolgan. Ularning har biriga ishlov beraman, oʻz vaqtida sugʻoraman, oʻgʻitlayman, kasalliklariga qarshi kurashaman. Shundagina moʻl hosil beradi. Tomorqa — bu shunchaki yer emas, u oilaning daromad manbai, barakasi. Agar unga mehr bilan yondashsang, u ham senga oʻn karra koʻp qaytaradi. Qolaversa, tomorqa ishi odamga estetik zavq beradi, jismoniy quvvat bagʻishlaydi.

Yer bilan tillashib, oʻrni kelsa kurashib mehnat qilayotgan Zulfiya opa tomorqasida bir qarich ham boʻsh joy qoldirmay ekin ekkan. Qoʻsha mashina, yangi uy-joy, toʻkin toʻylar tomorqadagi yil boʻyi qilingan mehnatning mevasi.

— Mahallamizda besh yuzdan ortiq xonadon bor, — dedi Olatemir mahalla fuqarolar yigʻini raisi Sherzod Qobilov. — Ularning aksariyati tomorqachilik bilan shugʻullanishadi. Ilgari oqova suv tanqisligi sababli tomorqadan yiliga bir martagina hosil olish imkoniyati boʻlardi. Endi bu muammolar ham ortda qoldi. “Aholi tomorqalari va dehqon xoʻjaliklari yer maydonlaridan samarali foydalanishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qaroriga asosan hududimizga tutash Joyilma, Baxshtepa-1, Oynakoʻl va Tolli mahallalari uchun ham ikkita quduqda quyosh panellari oʻrnatildi. Endilikda yiliga ikki-uch marta hosil yetishtirish imkoniyati yaratildi.

Shoʻrchi tumanida yilning toʻrt faslida ham oziq-ovqat ekinlari yetishtirilib, undan salmoqli daromad olayotgan xonadonlar safi yil sayin kengayib bormoqda. Aholi tomorqalarida pishib yetilayotgan ertagi mahsulotlarning mahalliy bozordan ortgan qismi xorijga ham eksport qilinishiga erishilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер