“Har bahor men Sizga gullar tutaman...”

15-may — Oliy Majlis Senati aʼzosi, shoir Abdusaid Koʻchimov tavallud topgan kun
JAVOB
Bir nihol ekdingmi Vatan bogʻiga,
Mehringni toʻkdingmi choʻl, yantogʻiga,
Gullarga chang-gʻubor qoʻngan chogʻida
Arta biloldingmi chang-u gʻuborni –
Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?
Bitta gʻisht qoʻydingmi maydonlariga,
Bir vassa oʻydingmi ayvonlariga,
Bir misra qoʻshdingmi dostonlariga,
Kurab tashladingmi tomlardan qorni –
Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?
Kimdir uzib ketsa dilbar gullarni,
Kimdir buzib ketsa sarvar yoʻllarni,
Kimdir ezib ketsa muztar dillarni,
Duosin oldingmi mehrga zorni –
Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?
Urush-janjallarga xamirturushlar,
Illatfurushlar-u millatfurushlar,
Afif osmoningga qilsa xurujlar,
Hosud haqirlarga tikdingmi dorni –
Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?
Javobing boʻlmasa mumtoz-mukammal:
Qoʻlingda zulfiqor, belingda kamar,
Duldul tulporingga yor boʻlsa qamar —
Yoʻldoshing sabʼai sayyor boʻladi,
Muqaddas javobing tayyor boʻladi.
QUDUQDAGI TOSH
Quduqning tubida miltillagan tosh,
Yolgʻiz odam toʻkkan yoshga oʻxshaydi.
Yolgʻizlik dardiga duchor boʻlgan bosh,
Quduq tubidagi toshga oʻxshaydi.
Sening koʻzlaring ham toʻlgandir yoshga,
Yolgʻizlik dardiga mubtalo boshsan.
Doʻst-u yoroning yoʻq oʻzingdan boshqa,
Sen ham quduqdagi bechora toshsan.
OSMONIM
Biz tuproq, yer edik,
Siz baland osmon,
Biz qaqroq choʻl edik,
Siz moviy ummon.
Qul kabi gʻarib-u nolon edik biz,
Shoh kabi kabir-u davron edingiz.
Yastanib yotibdi yer-u koʻk aro,
Cheku chegarasiz, betimsol sahro.
Har bahor men Sizga gullar tutaman,
Intizor kutaman, zor-zor kutaman.
Siz hanuz nazarga ilmaysiz, ammo
Men ham suykalishni qoʻymayman aslo.
Oʻtdi, eh-he, qancha bahorlar, kuzlar,
Oʻtdi, oʻtayotir kecha-kunduzlar.
Siz esa oʻshasiz, hamon oʻshasiz,
Osmonim, yonimga qachon tushasiz?
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring