HAMAS Trampning Gʻazo haqidagi rejalarining ayrimlarini maʼqullaydi
HAMAS AQSH prezidenti Donald Trampning Gʻazo urushini toʻxtatish borasidagi rejalarining ayrim bandlarini qoʻllab-quvvatlaydi, biroq taklifning ayrim qismlari muhokama qilinishi kerakligini aytmoqda.
Trampning 20 banddan iborat rejasi zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatish, qolgan barcha asirlarni almashish, xalqaro tashkilot boshchiligidagi oʻtish davri hukumatini joriy etish va HAMASni qurolsizlantirish talablarini oʻz ichiga olgan.
Guruh garovdagilarni ozod qilishga, qurollarini Falastin milliy konsensusiga asoslangan va arab hamda islom davlatlari koʻmagi bilan yaratilgan mustaqil Falastin (texnokratlar) organiga topshirishga rozi boʻlgan. Shuningdek, vositachilar orqali darhol muzokara oʻtkazishga tayyorligini bildirgan.
HAMASning ushbu bayonotiga koʻra, Gʻazoni Tramp va Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler tomonidan boshqariladigan xalqaro oʻtish davri boshqaruv kengashi emas, balki falastinliklar tomonidan boshqarilishini istashmoqda.
Guruh aʼzolari ayniqsa Britaniyaning sobiq bosh vazirini xushlamayapti. Chunki Bler 2003-yilda AQSH boshchiligidagi harbiylarning Iroqqa bostirib kirishdagi rolini unutmagan.
Vositachi Qatar Tashqi ishlar vazirligi guruhning Tramp rejasiga javobini olqishlashini bildirdi. Matbuot kotibi Majed al-Ansoriyning aytishicha, Qatar bu taklif boʻyicha muzokaralarni davom ettirish uchun Misr va Qoʻshma Shtatlar bilan hamkorlikni boshlagan.
Misr ijobiy rivojlanishga umid bildirib, Gʻazoda doimiy oʻt ochishni toʻxtatish uchun arab davlatlari, AQSH va Yevropa davlatlari bilan hamkorlik qilishini bildirdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish HAMAS bayonotidan ruhlangan va tomonlarni Gʻazodagi fojiali mojaroga chek qoʻyish imkoniyatidan foydalanishga chaqirgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring