Ham suv tejaladi, ham mablagʻ yonga qoladi
Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda suv resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlash, qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish hamda ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi kanallar oʻzani asosan tuproq boʻlgani uchun katta miqdordagi suv dalalarga yetib bormasdan yerga singib ketardi. Davlatimiz rahbarining 2023-yil 25-dekabrdagi qarori asosida 130,3 kilometr uzunlikdagi kanallarni betonlash va qurish, rekonstruksiya qilish maqsadida hududdagi 13 ta irrigatsiya obyektlariga 78 mlrd. soʻmdan oshiqroq mablagʻ ajratildi. Bugungi kunga kelib belgilangan mablagʻlar hisobidan qariyb 95 kilometr uzunlikdagi kanallar taʼmirdan chiqarilib, suvni tejash boʻyicha favqulodda ish tizimiga oʻtildi. Hozir “Doʻstlik”, “Mangʻit-Arna”, “Shirin jap” va “Tashli jap” kanallarida betonlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Keyingi yillarda mintaqamizda kuzatilayotgan suv tanqisligi Amudaryoning quyi qismida joylashgan Qoraqalpogʻistonda ham yaqqol sezilmoqda. Shuning uchun Prezidentimiz suvga munosabatni oʻzgartirish, sugʻorish ishlarini tejamkorlik bilan olib borishga shaxsan oʻzi alohida eʼtibor qaratmoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasida sugʻorish mavsumigacha kanal va ichki ariqlarni betonlash ishlari uyushqoqlik bilan olib borildi. Ayni kunlarda Chimboy tumanidagi “Tazgʻara” ovul fuqarolar yigʻini hududidagi “Goʻna Shoxariq” (Eski shohariq) ichki kanalini betonlash ishlari olib borilmoqda.
— Keyingi paytlarda mazkur suv tarmogʻida suvdan foydalanish koeffitsiyenti keskin pasayib, hududdagi suv isteʼmolchilarining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan edi, — deydi Chimboy tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi direktori Aydarbek Qadirbayev. — Sugʻorish tarmogʻining umumiy uzunligi 7 kilometrni tashkil qiladi “Goʻna shoxariq”da betonlash ishlari amalga oshirilgach, hududdagi fermer xoʻjaliklari va aholi tomorqa maydonlarida suv taʼminoti yaxshilanadi. Suv yoʻqotishlari kamayadi, eng muhimi, kanal oxirigacha suvning yetib borishi taʼminlanadi.

Suvni tejash borasida qilinayotgan yana bir amaliy tadbirlardan biri bu – suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishdir. Sir emas, bu texnologiya yaqin vaqtlargacha Orolboʻyi hududidagi dehqon-fermerlar orasida ommalashmasdan, yaʼni kattaroq maydonlarda foydalanmasdan kelinayotgan edi. Keyingi yillarda suv tejovchi texnologiyani joriy qilishga imtiyozli kreditlarning ajratilishi, fermerlarga kredit foizining bir qismini qoplash tartibining joriy etilishi, shu bilan birga Orolboʻyi uchun qoʻshimcha imtiyozlar berilayotgani hududda suv tejovchi texnologiyaning kengroq joriy qilishga zamin yaratmoqda.
— Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etgan fermerlar uning qanchalik samaradorligini amalda koʻryaptilar, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari Aybek Urazimbetov. — Albatta, bu boradagi targʻibotni kuchaytirish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida muntazam ravishda koʻrgazmali seminar va media turlar tashkil etilib kelinmoqda. Yaqinda Toʻrtkoʻl tumanida oʻtkazilgan tadbirda mintaqamizda suvdan samarali foydalanish, tejamkor texnologiyalarni joriy etishda hukumatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida fermerlarga atroflicha maʼlumot berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-apreldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq onlayn kredit ajratish imkonini beruvchi “suvkredit.uz” elektron tizimi ishlab chiqildi. Unda barcha bosqichlar shaffof, yaʼni onlayn kuzatib boriladi. Bugungi kungacha 531 ta fermer xoʻjaligi rahbarining 9 ming 49 gektarga suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish yuzasidan qilgan murojaatlari platformaga qabul qilindi. 510 ta fermer xoʻjaligi arizalariga skoringdan (kredit tarixi) ijobiy xulosa berilgan boʻlsa, qolgani ish jarayonida oʻrganilmoqda. 26 ta talabgor 671 gektar maydonga 14 milliard soʻmdan ziyodroq sarmoya kiritib, suv tejovchi texnologiyalarini joriy etmoqda.
Yana bir muhim jihat, joriy yildan boshlab, qoraqalpogʻistonlik fermerlar suv tejovchi texnologiyalarni resurs tejamkor, yaʼni muqobil energiya bilan uygʻun holda joriy etmoqda. Yaqinda Xoʻjayli tumanidagi “Sherzod Otabek” fermer xoʻjaligi dalasiga quyosh panelida ishlaydigan texnologiya oʻrnatildi. Ham elektr ishlab chiqaradigan, ham suv tortib beradigan texnologiya unga 80 mln. soʻmga tushdi. Yer boniteti hisobga olingan holda fermerga davlatdan 50 mln. soʻm atrofida subsidiya beriladi.

Fermer ilgari oʻziga qarashli maydonni dizel yoqilgʻisi bilan ishlaydigan nasos agregati orqali sugʻorgan. Masalan, 18,5 gektar paxta maydonining shoʻrini yuvish uchun fermer 800 litr dizel yoqilgʻisi ishlatgan. Bir litr yoqilgʻi 9,5 ming soʻmdan boʻlganida 7 mln 600 ming soʻm mablagʻ sarflagan. Endilikda esa zamonaviy texnologiyadan samarali foydalanish natijasida ham suv tejaladi, ham mablagʻ yonga qoladi. Eng muhimi, mehnat osonlashadi. Texnologiya quyosh panelidan olingan elektr energiyasi bilan ishlaydi. Uni boshqa joyga koʻchirish oson.
Qoraqalpogʻistonda ommalashayotgan yana bir suv tejovchi texnologiya – mobil koʻchma yomgʻirlatib sugʻorish tizimi boʻlib, bunda anʼanaviy sugʻorishga nisbatan 40-50 foizgacha suv iqtisod qilinadi. Bu tizimga oʻtgan fermerlarga Prezident qarori asosida subsidiya mablagʻlari beriladi. Mutaxassislar fikricha, mobil sugʻorish tizimi suvni tejash effekti va kuchli moslashuvchanlik afzalliklariga ega. Hozirgi kungacha jami 22 ta yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalaridan foydalanilmoqda. Bu nafaqat suv sarfi, balki energiya sarf-xarajatlarni kamaytirish, fermerlarning daromadi ortishiga olib keladi.

— Bir necha yildan buyon paxta maydonlarida tomchilatib sugʻorish texnologiyasidan foydalanib kelamiz, — deydi Toʻrtkoʻl tumanidagi “Qoʻshnazar-paxtakor” fermer xoʻjaligi rahbari Maxsud Ismoilov. — Tejamkor texnologiyaning afzalliklarini juda yaxshi bilamiz. Hosildorlikning oshishi, gʻoʻza koʻsaklari yirikligi, paxta ochilganda chigitlar soni hamda vazni oshishini tajribamizda koʻrdik. Bu yil Xitoy texnologiyasi boʻyicha innovatsiya usulida chigit ekdik. Bunda bir yoʻla plyonka va shlanglarini yotqizib, tomchilatib sugʻorishni yoʻlga qoʻydik. Gʻoʻzalar rivoji, hosil toʻplash jarayonlari juda yaxshi. Qoʻshni tumanlardan kelgan fermerlar ham bunday tejamkor texnologiyalarni joriy qilishga qiziqish bildirmoqdalar.
Bir soʻz bilan aytganda, Qoraqalpogʻistonda suvni tejash boʻyicha favqulodda ish tizimiga oʻtilgani, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan islohotlar bu borada erishilgan natijalarda namoyon boʻlmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring