Gulxayri ekib, katta biznes qilayotgan qamashiliklar

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Qamashi tumanida faoliyat yuritayotgan “BBU — Azamat” xususiy korxonasi bundan 6-7-yil avval tasarrufidagi kichik maydonlarda dorivor oʻsimliklarni yetishtirib, uni Yevropa davlatlariga eksport qilish faoliyatini boshlagan edi.
Tabiiy sharoitda, issiq quyosh taftida yetishtirilgan dorivor giyohning sifati xorijlik ishlab chiqaruvchilarga ham maʼqul tushdi. Buyurtmalar hajmi orta boshladi. Bu esa tadbirkorni faoliyatini yanada kengaytirib, mahsulot yetishtirish hajmini oshirishga undadi. Bu borada eng maqbul yoʻl hududdagi tomorqachilarni hamkorlikka chorlash edi. Korxona rahbari Azamat Choriyev shunday qildi. Avvaliga mahalladagi, keyinroq tuman va viloyatning boshqa hududlaridagi yuzlab xonadonlarni bu ishga jalb etdi.
Taʼkidlash joiz, bugungi kunda qishloq va mahallalarda istiqomat qiladigan aksariyat oilalar tomorqa yer maydoniga ega. Ammo hamma ham undan samarali foydalanishni uddalay olmaydi. Bunga koʻp hollarda ularning maʼlum bir mahsulotni yetishtirish borasida yetarli tajribaga ega emasligi, qolaversa, yetishtirilgan mahsulotni kimga va qay tartibda realizatsiya qilishda aniq rejasi yoʻqligi sabab boʻlishi sir emas.
Shu maʼnoda aytganda, “BBU — Azamat” xususiy korxonasining hamkor tomorqachilarga dorivor gullarning urugʻini yetkazib berib, ularni parvarishlash boʻyicha doimiy tarzda yoʻl-yoʻriq koʻrsatib borishi, olingan hosilni shartnoma asosida toʻliq oʻzi xarid qilib, mahsulotni eksportga yoʻnaltirishi tomorqachilar uchun ham ayni muddao boʻldi. Natijada korxona bilan hamkorlikda mahsulot yetishtirish istagidagi xonadonlar soni ortib bormoqda.
— Ayni paytda viloyatimizdagi 1200 dan ziyod xonadon biz bilan hamkorlikda oʻz tomorqasida dorivor gulxayri oʻsimligini yetishtirmoqda, — deydi korxona rahbari oʻrinbosari Doʻstmurod Choriyev. — 2026-yil mavsumidan boʻtakoʻz gulini ham aholi tomorqasiga keng miqyosda yetishtirish rejalashtirilgan. Ayni vaqtda maxsus plantatsiyalarda yana yigirmaga yaqin turdagi dorivor gullar yetishtirilmoqda. Qamashi va Shahrisabz tumanining togʻ hududlarida tajriba sifatida yangi navlar parvarishiga ham kirishilgan.
Ahamiyatli jihati, tadbirkorning birgina muvaffaqiyatli loyihasi ortidan bugun hududdagi 30 nafar kishining doimiy hamda yuzdan ortiq kishining mavsumiy ishlar bilan bandligi taʼminlangan. Minglab xonadonlar oʻz tomorqasidan samarali foydalanib, yaxshi daromad topmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring