“Grija” har doim ham jarrohlik amaliyotini talab qilmasligi mumkin
Maʼlumki, hamyurtlarimiz orasida oyoq va bel ogʻrigʻidan aziyat chekuvchilar soni talaygina. Tekshiruvlar davomida ularning baʼzilariga umurtqalararo disk churrasi, xalq tilida aytganda “grija” tashxisi qoʻyiladi. Ilgari bu xastalik koʻproq katta yoshli odamlarda kuzatilgan boʻlsa, endilikda esa 20 – 25 yoshli yigit-qizlarda ham uchramoqda.
Keling, soʻzimiz avvalida ushbu xastalik oʻzi nima ekani haqida toʻxtalsak. Umurtqa disk churrasi umurtqalar orasidagi yumshoq va elastik disklarning tashqi fibroz qavati yorilishi natijasida ichidagi yumshoq yadroning orqa yoki yon tomonga oqib chiqish holati hisoblanadi. Ushbu kasallik natijasida umurtqa sohasida kuchli ogʻriq, harakat cheklanishi, mushaklarda zaiflik, baʼzida oyoq yo qoʻllarda sezgirlikning pasayishi hamda uvishish kabi alomatlarga sabab boʻladi. Bunda eng asosiy simptom — bel ogʻrigʻidir. Dard harakat yoki biror ogʻir yukni koʻtarish natijasida battar kuchayadi. Hatto tinch holatda ham ogʻriq pasaymasligi mumkin. Bunday paytda tanada kislorod va ozuqalar yetishmasligi tufayli qoʻl-oyoqlar muzlaydi, uyushadi, bemor holsizlanadi. Bosh aylanishi, ichak va bovul qilishda buzilishlar, qon bosimi oʻzgarishi, qorin boʻshligʻidagi noqulaylik ham shu xastalikka xos alomatlardir.
Kasallik xuruj qilganida koʻngil aynishi, qayt qilish, qorinda toʻlgʻoqsimon ogʻriq kuzatilishi mumkin. Bunday vaziyatda bemor ogʻriq qoldiruvchi dorilarni qabul qilishi mutlaqo mumkin emas. Boisi oʻzboshimchalik bilan davolanish keyinchalik salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Ming afsuski, hozirni kunda koʻpchilik bemorlar yaqinlarining maslahatiga ishonib, umurtqa pogʻonasini bosish, uqalash va shunga oʻxshash amaliyotlar orqali davolanishga harakat qiladi. Bu esa shikastlangan umurtqani yanada zoʻriqtirib, kasallikning kuchayishiga sabab boʻladi. Vaholanki, zamonaviy tibbiyotda xastalik muolajasida lazerli va endoskopik usullardan keng foydalanilmoqda. Biroq churra inson tanasidagi oʻsimta hisoblangani, qolaversa, vaqtida chora koʻrilmasa, salbiy oqibatlarga olib kelishi tufayli uni rejali jarrohlik yoʻli bilan davolash eng samarali yoʻldir.
Eng asosiysi, umurtqa churrasini dori-darmonlarsiz ham tuzatsa boʻladi. Deylik, buning uchun tibbiyotda keng qoʻllanilayotgan suv muolajalarini olish lozim. Lekin bunday amaliyotlarni shifokor tavsiyasisiz olish notoʻgʻri boʻladi.
Unutmaslik lozimki, dardga davo topishda churraning yuzaga kelish muddati juda muhimdir. Uch oygacha boʻlgani yengil, uch oydan olti oygacha boʻlgani esa surunkali hisoblanadi. Shuningdek, agar u 9 millimetrdan kichik boʻlsa jarrohlik amaliyotisiz ham davolash mumkin.
Umuman olganda, umurtqa disk churrasining oldini olish uchun muntazam jismoniy faollik, toʻgʻri oʻtirish, ogʻir yuk koʻtarishda ehtiyotkorlik va sogʻlom turmush tarziga rioya qilish nihoyatda muhimdir. Davolash jarayoni asosan dori-darmonlar, fizioterapiya muolajalari, maxsus mashqlar va ogʻriqni kamaytiruvchi usullarni oʻz ichiga oladi.
Umurtqa disk churrasining profilaktikasi va jarrohlik amaliyotisiz davolash uchun quyida tavsiyalarga amal qilish oʻrinlidir:
– Qad-qomatni toʻgʻri tutish. Umurtqani himoya qilish uchun tik va toʻgʻri oʻtirishga harakat qilish darkor. Uzoq vaqt egilib ishlash yoki notoʻgʻri oʻtirish disk churrasiga sabab boʻladi.
– Muntazam jismoniy mashqlar bajarish. Muskullarni mustahkamlovchi yengil sport turlari, masalan, suzish, piyoda yurish yoki maxsus mashqlar umurtqani mustahkamlaydi hamda disklar sogʻlom boʻlishiga yordam beradi.
– Ogʻir yuk koʻtarishda ehtiyot choralarini koʻrish. Ogʻir yuk koʻtarganda orqani emas, balki oyoq mushaklarini ishlatish joiz. Orqani egib, bir tomondan ogʻir yuk koʻtarish umurtqaga katta zarar yetkazadi.
– Ortiqcha vazndan saqlanish. Ortiqcha vazn umurtqa disklariga ortiqcha bosim beradi, shuning uchun vaznni nazorat qilish va toʻgʻri ovqatlanish muhimdir.
– Vaqti-vaqti bilan dam olish va choʻzilish mashqlarini bajarish. Uzoq vaqt oʻtirib ishlaganda har soatda qisqa tanaffuslar qilib, orqani choʻzish va yengil harakatlar qilish maqsadga muvofiqdir.
– Stressni kamaytirish. Stress ham mushaklar zoʻriqishiga olib kelishi, ogʻriq kuchayishiga sabab boʻlishi mumkin. Shu bois uni boshqarish juda muhimdir.
– Shikastlanish va jarohatlardan saqlanish. Sport yoki kundalik hayotda ehtiyotkorlikni oshirish, umurtqalarni shikastlamaslik uchun imkoni boricha toʻgʻri harakatlanish darkor.
Xulosa qilib aytganda, ushbu tavsiyalarga rioya qilish orqali disk churrasining rivojlanishi oldi olinadi yoxud yengil shaklda qoladi. Shu tariqa jarrohlik amaliyotiga ehtiyoj ancha kamayadi.
Eʼtibor NURIDDINOVA,
Ichki ishlar vazirligi markaziy gospitali shifokori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring