Gripp kasalligiga beparvo boʻlmang!

13:53 29 Noyabr 2020 Jamiyat
621 0

Gripp eng keng va tez tarqaladigan oʻtkir yuqumli kasallik boʻlib, deyarli dunyoning barcha mamlakatlarida uchraydi.

Gripp eng keng va tez tarqaladigan oʻtkir yuqumli kasallik boʻlib, deyarli dunyoning barcha mamlakatlarida uchraydi. Bu kasallik uchun mavsumiylik xos boʻlib, asosan kuz va qish oylarida koʻp holatda roʻyxatga olinadi. Gripp kasalligi koʻrsatkichlarini mavsumiy koʻtarilishi yilning noyabr - mart oylariga toʻgʻri keladi.

Gripp virusining A, V va S turlari mavjud.

Kasallik manbai faqat bemor odam hisoblanadi. Kasallik atrofdagi sogʻlom odamlarga asosan havo-tomchi yoʻli bilan bemor aksirganda, yoʻtalganda, gaplashganda tez yuqadi. Havoda saqlanib turgan gripp virusi sogʻlom odamga tezda yuqadi. Kasallikning birinchi belgilari paydo boʻlgunga qadar bir necha soatdan 3 kungacha vaqt oʻtadi. Kasallik toʻsatdan, oʻtkir boshlanadi.

Gripp kasalligiga barcha yoshdagilar moyil, ayniqsa zaif (nimjon, yaʼni immun holati past) bolalar, keksa yoshdagi kishilar, homilador ayollar hamda surunkali xastaliklari boʻlganlarda yaʼni immuniteti past kishilarda tez rivojlanadi va ogʻir kechadi.

Gripp nafas yoʻllarini yalligʻlanishi bilan boshlanib, keyinchalik bemorda tana harorati 38-40 darajaga koʻtarilishi, bosh va tomoq ogʻrishi, burun bitishi, burundan suyuklik ajralishi, yoʻtal, mushaklarda ogʻriq, holsizlik, ishtahani buzilishi baʼzi hollarda qusish holatlari kuzatiladi. Kasallik bemorlarda yengil, oʻrta va ogʻir shakllarda kechadi. Kasallikning eng xavfli asoratlari oʻpka toʻqimalarini yalligʻlanishi pnevmoniya (zotiljam), meningit (miya pardasining yalligʻlanishi), meningoensefalit (miya pardasini va moddasining yalligʻlanishi), otit (oʻrta quloqning yalligʻlanishi, sinusit (burun yondosh boʻshliklarning yalligʻlanishi), nefrit, piyelonefrit (buyrakning yalligʻlanishi). Shuning uchun ham, xalq orasida grippning oʻzi emas, balki uning asoratlari yomon degan fikr bejiz aytilmagan. Baʼzida, yaʼni grippning yengil shakllari bilan ogʻrigan bemorlar atrofdagilar uchun koʻproq xavf tugʻdiradi, chunki bunday bemorlar aksariyat hollarda uyida davolanmasdan, kasalligiga yetarli darajada eʼtibor bermay, oyoqda oʻtkazadilar. Ularni kasal holatida jamoat joylarda, barcha transportlarda, oʻqish va ish joylarda uchratish mumkin.

Grippni oldini olishda quyidagilarni tavsiya etamiz :

- grippga qarshi emlanish

  • mavsumga xos kiyinish
  • oʻz vaqtida ovqatlanish va dam olish
  • xonalarni
  • vaqti-vaqti bilan shamollatib turish va kunda namli tozalov ishlarini oʻtkazish.
  • ishlab chiqarish korxonalari, davolash profilaktika va oʻquv muassasalari, bolalar va qariyalar uylari, tashkilot va idoralarda hamda turar joy binolarida issiqlik rejimiga rioya qilish barcha xonalarning issiqlik harorati 22 darajadan past boʻlmasligi
  • kasallikni erta aniqlash maqsadida maktabgacha muassasalar, maktablarda kirish joylarida ertalabki filtrni tashkil etishni va ertalabki filtrlar oʻtkazilishiga eʼtibor qaratilishini,
  • gripp va oʻtkir respirator kasalliklariga xos boʻlgan simptomlar aniqlangan shaxslarni jamoaga qoʻymaslikni;
  • gripp va oʻtkir respirator kasalliklariga gumon qilingan bolalarni izolyatorga joylashtirish xamda ota-onasiga va hududiy poliklinikaga xabar berishni;
  • ertalabki filtr ishini amalga oshiradigan gripp va oʻtkir respirator kasalliklarga gumon qilinib izolyatorga yotkizilgan bemorlarni parvarish qiladigan xodimlarni respirator (niqoblar) bilan taʼminlanishini;
  • oʻquv-tarbiya muassasalarida tanaffus paytida shamollatish rejimini tashkil qilishni;
  • maktabgacha tarbiya muassasalarida xar kuni bolalarni kamida 2 marotaba toza havoga sayrga chiqarishni;
  • barcha oʻquv-tarbiya muassasalarida sanitariya-targʻibot ishlarini olib borishni
  • uyushgan jamoalarda konsert zallari kinoteatr, oʻquv va ish joylarda kuniga vaqti bilan 3-4 marotaba shamollatib turish, xonalarda dezinfeksiya moddalarini qoʻllangan holda namli tozalov ishlarini olib borishdir

Oʻzingiz va atrofdagilar sogʻlom boʻlishini xohlasangiz, gripp va oʻtkir respirator kasalliklariga gumon qilinsa, darhol shifokorga murojaat qiling va doimo quyidagilarga amal qiling:

  • gripp va oʻtkir respirator virusli infeksiya (OʻRVI) bilan ogʻrigan barcha bemorlar isitma davrida albatta yotishi va shifokorni uyiga chaqirishni
  • Kasallikni oyoqda oʻtkazmaslikni
  • Shifokor maslahatlari va tavsiyalari asosida ish tutishni
  • Agar bemor uy sharoitida davolansa, unga alohida xona, idish, sochiq, oʻrin-koʻrpa ajratilib, kam harakat qilishni
  • Bemorga qarayotganlar burun va ogʻizlarini respirator yoki dokali niqob bilan toʻsishlari va qoʻllarini tez-tez sovunlab yuvib turishlarini
  • Bemor yotgan xonani tez-tez shamollatib, namli tozalov ishlarini amalga oshirishni
  • Bemorlar koʻproq suyuqlik — quruq mevalar qaynatmasi, meva sharbatlarini ichirish hamda oson hazm boʻladigan oqsil va vitaminlarga boy taomlarni isteʼmol qilinishi tavsiya etiladi
  • kasallangan davrda jamoat joylariga (ishxonaga, oʻqishga, kinoteatrlarga, konsert zallariga, yigʻilishlarga, mehmonga) bormaslikni
  • yoʻtalganda va aksirganda ogʻiz-burnini roʻmolcha bilan yopishni
  • oʻzboshimchalik bilan davolanish kasallikning ogʻir asoratlarga olib kelishini unutmaslikni!

Kasallikni oldini olishda tanani chiniqtirish, badantarbiya bilan muntazam shugʻullanish, ochiq havoda yurish, oʻz vaqtida ovqatlanish alohida ahamiyatga ega. Koʻproq sovuq kunlarda issiq kiyinish, albatta bosh kiyim kiyish, oyoqlarni issiq boʻlishi muhimdir. Kasallik avj olgan paytda (dekabr, yanvar, fevral) oylarida nafaqat epidemik jihatdan muhim boʻlgan korxonalar va tashkilotlar ishchi-xizmatchilariga balki barcha fuqarolarimizga niqob taqish tavsiya etiladi.

Kasallik qanday boʻlishidan qatʼi nazar, inson salomatligi va turmush farovonligiga jiddiy putur yetkazadi. Shu bois, sogʻligimizga boʻlgan masʼuliyatni chuqur his qilgan holda, mavsumiy kasalliklardan ehtiyot boʻlaylik. Unutmang, kasallikni davolagandan koʻra, uning oldini olgan afzal.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik
va jamoat salomatligi xizmatining 
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?