Goʻzallik va nafosat ayyomi

Foto: Xalq so‘zi
Navoiyda 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar ayyomiga bagʻishlangan asosiy tantana shahardagi muazzam «Oqsaroy» marosimlar uyida boʻlib oʻtdi. Unga taʼlim, tibbiyot, ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi, qoʻyingki, barcha sohalarda muvaffaqiyati bilan safdoshlariga namuna boʻlayotgan xotin-qizlar, talabalar, shuningdek, kayvoni onaxonlar taklif etildi.
Dastlab Navoiy viloyat hokimi Normat Tursunov ayollarni bayram bilan qutlab, mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan xotin-qizlarga yuksak ehtirom koʻrsatilayotgani, ularning jamiyatdagi nufuzini oshirish, manfaatlarini himoya qilish, orzu-istaklarini roʻyobga chiqarish uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar dunyo miqyosida tan olinayotganini taʼkidladi.
— Jamiyat hayotining barcha jabhasida xotin-qizlarimiz oʻrni, ularning faolligi yuksalib bormoqda, — dedi N. Tursunov. — Bugungi zamon ayolining dunyoqarashi kechagidan tubdan farq qiladi. Erishilayotgan natijalar dillarda faxr uygʻotadi.
Xususan, viloyat miqyosida olib qaraganda, opa-singillarimiz taʼlim sohasida 74,1, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida 81,5, qishloq xoʻjaligi va qurilishda 34,5, moliya va iqtisodiyotda 40,9, sanoat va xizmatlar sohasida 29,5 foizni tashkil etib, ularning jamiyat hayotidagi oʻrni va roli birgina oʻtgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 1,2 barobarga ortdi.
Qayd etish joiz, tadbirkorlik, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va bandlik sohalarida xotin-qizlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar va imtiyozlar samarasi oʻlaroq, birgina 2022 yilning oʻzida qariyb 2 ming nafar xotin-qizlar oʻzining tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻydi, ular tomonidan 5,5 mingta yangi ish oʻrinlari yaratildi, 9 ming 193 nafar ayollar kasb-hunarga qayta tayyorlandi, 19 ming nafarining bandligi taʼminlandi, 600 nafardan ortiq ayollarning uy-joy taʼminoti bilan bogʻliq muammolari hal etildi.
Bundan tashqari «Har bir oila tadbirkor» dasturi doirasida 8 ming 915 nafar ayolga 263 milliard soʻm kredit ajratildi. Ehtiyojmand oilalardagi 1 ming 944 nafar qizlar oliy taʼlim muassasalariga imtiyozli kvota asosida oʻqishga qabul qilinishlari uchun tavsiyanomalar berildi, 150 nafar ehtiyojmand oilalar farzandlarining 1 milliard 70 million soʻmlik shartnoma toʻlovlari toʻlab berildi.
«Ayollar daftari»ning 3-bosqichi doirasida oʻtgan yili 5 ming 995 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlarning bandligi taʼminlandi.
Tadbirda viloyatning har jabhada faol boʻlgan bir guruh xotin-qizlariga viloyat hokimligining faxriy yorliq, tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari topshirildi. Shuningdek, jamiyat va davlat hayotida faollik hamda tashabbuskorlik koʻrsatgan, oʻzining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishiga va farovonligi mustahkamlanishiga, onalik hamda bolalik muhofazasiga munosib hissa qoʻshgan hamda sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik, istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, joylarda maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʻlomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targʻib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan 15 nafar navoiylik xotin-qiz «Moʻtabar ayol» koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Bayram tantanasi viloyatning badiiy jamoalari va taniqli xonandalar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar, dilbar raqslar bilan yanada koʻtarinkilik kasb etdi.
Temur ESHBOYEV, «Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring