Golden Valley Marathon: Qoʻqon minglab turizm va sport ixlosmandlarining eʼtiborini oʻzida jam qildi

22:21 03 May 2023 Madaniyat
674 0

Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida minglab xorijlik va mahalliy sportsevarlarni oʻzida jam qilgan “Golden Valley Marathon” xalqaro marafoni oʻtkazildi.

Tadbir Madaniyat va turizm vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Fargʻona viloyati hokimligi koʻmagida tashkil etildi. Xalqaro marafonda mamlakatimizdagi oliygohlarda tahsil olayotgan yuguruvchilar bilan minglab havaskorlar ham ishtirok etishdi.

Ishtirokchilar orasida aynan ushbu marafonda qatnashish istagida 10 dan ortiq xorijiy mamlakatlardan 200 dan ortiq sportsevarlar Qoʻqonga tashrif buyurishdi. Shuningdek, marafonda respublikamizning turli hududlaridan kelganlar hamda mahalliy qoʻqonliklar soni ham ming nafardan ortib ketdi.

«Mamlakatimizning boy tarixga ega boʻlgan goʻzal goʻshalaridan biri boʻlmish Qoʻqon shahrida mana shunday tadbirlarni oʻtkazish nafaqat sportga boʻlgan mehrimizni kuchaytiradi, balki xorijiy va mahalliy turistlarning bu shaharga boʻlgan qiziqishlarini ham oshiradi.

Biz imkon boricha bu kabi xalqaro darajadagi tadbirlarni koʻpaytirish, unda ishtirokchilar geografiyasini kengroq qamrab olish ustida ishlayapmiz. Bugun marafon tufayli ilk bor Qoʻqonga kelgan sayyohlar, albatta, bu shaharga oilaviy yoki doʻstlari bilan yana bir bor kelish istagida boʻlishadi. Chunki bu yerdagi qadimiy qadamjolar ularni bir necha marotaba bu yerda boʻlishga unday oladi», deydi Madaniyat va turizm vazirligi boshqarma boshligʻi Zarrina Abdullayeva.

Xalqaro marafon doirasida yuguruvchilar erkaklar va ayollar toifasida ikki xil masofada: 2 km va 5 km masofalarda oʻz omadlarini sinovdan oʻtkazdilar. Uning yakunida gʻolib va sovrindor boʻlganlar pul mukofotlari, esdalik sovgʻalari, statuetkalar va maxsus diplomlar bilan taqdirlanishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?