Gidroenergetika: Oʻzbekiston va Turkiya kompaniyalari oʻrtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanadi

19:25 05 Iyun 2024 Iqtisodiyot
181 0

“Oʻzbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi Abdugʻani Sanginov boshchiligidagi delegatsiya yangi loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik ishlarini amalga oshirish yuzasidan xizmat safari bilan Turkiyada boʻlib turibdi.

“Oʻzbekgidroenergo” AJ Axborot xizmati xabariga koʻra, safar dasturi doirasida Anqara shahridagi bir qator yirik kompaniya rahbarlari bilan amaliy uchrashuvlar oʻtkazildi. Ularda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari yil sayin mustahkamlanib borayotgani, ikki davlat munosabatlari yangi bosqichga koʻtarilib, strategik sheriklik darajasiga olib chiqilgani eʼtirof etildi.

Xususan, “DOLSAR Engineering” kompaniyasi bosh ofisida ikki tomonlama hamkorlikka qaratilgan uchrashuv tashkil etildi.

“DOLSAR Engineering” kompaniyasi Boshqaruvi raisi Irfan Aker bilan boʻlib oʻtgan samimiy qabulda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, sohada kompaniya tajribasini ishga solish, mamlakatimiz gidroenergetikasini yanada rivojlantirishga tegishli yoʻnalishlarda hissa qoʻshish borasida fikr bildirildi.

Uchrashuvda turk kompaniyasi bilan “Oʻzbekiston — Turkiya” biznes forumida imzolanishi rejalashtirilgan umumiy qiymati 52 mln. dollarga teng 3 ta loyiha doirasidagi shartnomalar koʻrib chiqildi.

Chunonchi, Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani Pskom daryosida Toldiqsoy GES va Qorongʻitoʻqay GES (qoʻshma loyiha) qurilishi loyihalarining TIAsini ishlab chiqish (shartnoma qiymati — 5,8 mln. doll.), Namangan viloyati Norin daryosida Norin GESlar kaskadi qurilishi loyihasi qurilishida PMC xizmatlari (shartnoma qiymati — 15,7 mln. doll.), shuningdek, Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani Pskom daryosida Pskom GES qurilishi loyihasining toʻgʻoni qurilishida PMC pudratchi xizmatlari (shartnoma qiymati — 30,5 mln. doll.) shular jumlasidandir.

Kompaniya ekspertlarini qiziqtirgan savollarga javob berildi, koʻzda tutilgan loyihalar yuzasidan ularning fikr-mulohazalari oʻrganildi.

***

Navbatdagi uchrashuv sohaviy yoʻnalishda nufuzli hisoblangan “Özaltin Xolding” kompaniyasi Bosh direktori Muzeffer Özdemir oʻrtasida kechdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama oʻzaro manfaatli hamkorlik doirasida istiqbolli loyihalar ustida ishlash, asosiy hamkorlik yoʻnalishlarini belgilab olish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda “Özaltin Holding” kompaniyasi faoliyatiga oid taqdimot boʻlib oʻtdi. Shuningdek, turkiyalik hamkorlarga “Oʻzbekgidroenergo” AJning istiqbolli loyihalari borasida maʼlumotlar taqdim etildi. Ushbu loyihalar boʻyicha investitsiya kiritish orqali EPC+F, DXSH asosida hamkorlik qilish taklifi berildi.

Oʻz navbatida, “Özaltin Holding” kompaniyasi Bosh direktori Muzeffer Özdemir kompaniyaning toʻgʻonlar qurish boʻyicha katta taribasidan kelib chiqib, Pskom GES qurilishi loyihasi doirasida GES toʻgʻoni qurilishida (tender orqali) ishtirok etish istagini bildirdi.

Kompaniya vakillari bilan Pskom toʻgʻoni loyihasi texnik xarakteristikalari muhokama qilindi. Loyihaning tender shartlari, toʻgʻon turi, joylashuvi, geologik va seysmik holatlari yuzasidan kompaniya ekspertlarining fikr-mulohazalari oʻrganildi.

Taʼkidlash joizki, Anqara shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston — Turkiya biznes forumi doirasida “Oʻzbekgidroenergo” AJ hamda “DOLSAR Engineering” kompaniyasi oʻrtasida Namangan viloyati Norin daryosida Norin GESlar kaskadi qurilishi loyihasi qurilishida PMC xizmatlarini koʻrsatish borasida kelishuv bitimi imzolandi.

Shu bilan birga, “Oʻzbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi Abdugʻani Sanginov hamda “Özaltin Xolding” kompaniyasi Bosh direktori Muzeffer Özdemir tomonidan oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер