Gʻazo boʻyicha “Tinchlik kengashi” tarkibi eʼlon qilindi
Oq uy Gʻazo boʻyicha Tramp maʼmuriyati tuzayotgan yangi “Tinchlik kengashi”ning asosiy tarkibini eʼlon qildi. BBC xabar berishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp raislik qiladigan taʼsischi Ijroiya kengashi Gʻazoni vaqtincha boshqarish va uni qayta tiklash bilan shugʻullanadigan texnokratlar qoʻmitasi faoliyatini nazorat qiladi.
Har bir aʼzo “Gʻazoni barqarorlashtirish uchun muhim” yoʻnalishga masʼul boʻlishi kutilmoqda, biroq portfellar hozircha taqsimlanmadi. Yuqori darajada ayollar va falastinliklar yoʻq, ammo qoʻshimcha aʼzolar yaqin haftalarda eʼlon qilinishi aytildi.
Ijroiya kengashiga kiritilgan eng bahsli nomlardan biri — Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler. U 1997–2007-yillarda hukumatni boshqargan va 2003-yilda Iroq urushiga kirish qarori sabab tanqidlarga uchragan. Bler 2007–2015-yillarda BMT, YeI, AQSh va Rossiyadan iborat “Toʻrtlik”ning Yaqin Sharq boʻyicha elchisi boʻlgan. U ijroiya kengashidagi AQSH fuqarosi boʻlmagan yagona aʼzo hisoblanadi va Trampning Gʻazo rejalarini “ikki yillik urush va azob-uqubatni tugatish uchun eng yaxshi imkoniyat” deb atagan.
AQSH davlat kotibi Marko Rubio tashqi siyosatda markaziy figura sifatida kengashga kiritildi. Tramp hokimiyatga qaytishidan oldin u Gʻazoda oʻt ochishni toʻxtatishga qarshi chiqqan, keyinchalik esa oktyabrda imzolangan Isroil—HAMAS kelishuvining birinchi bosqichini “eng yaxshi va yagona reja” deb baholagan. Shu oyda u Isroil parlamentining Gʻarbiy Sohilni anneksiya qilishga oid qadamlarini ham tanqid qilgan.
Yaqin Sharq boʻyicha AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoff ham kengash aʼzosi boʻladi. U yaqinda Gʻazodagi urushni yakunlash rejasining ikkinchi bosqichi boshlanganini eʼlon qilib, u qayta qurish va toʻliq demilitarizatsiyani, jumladan HAMASni qurolsizlantirishni nazarda tutishini aytgan. Vitkoff kelishuv shartlariga amal qilinmasa, “jiddiy oqibatlar” boʻlishini ogohlantirgan. Shu bilan birga, u Rossiya—Ukraina muzokaralarida ham asosiy vositachi sifatida ishtirok etgan.
Trampning kuyovi Jared Kushner tashqi siyosat muzokaralarida muhim rol oʻynab kelmoqda. U Vitkoff bilan birga Rossiya—Ukraina va Isroil—Gʻazo yoʻnalishlarida vositachilik qilgan, noyabrda esa Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan tinchlik kelishuvidagi murakkab masalalarni muhokama qilgan. Kushner 2024-yilda Garvard universitetidagi chiqishida “Gʻazo sohilboʻyi mulki katta qiymatga ega boʻlishi mumkin” degan bayonoti bilan ham eʼtibor tortgan.
Kengash tarkibiga shuningdek, “Apollo Global Management” bosh direktori, milliarder Mark Rouen va Jahon banki prezidenti Ajay Banga kiritildi. Banga 1959-yil Hindistonda tugʻilgan, 2007-yilda AQSH fuqaroligini olgan va 2023-yilda Jo Bayden tomonidan Jahon banki rahbarligiga nomzod qilingan. Ijroiya kengashining yana bir aʼzosi — milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchi Robert Gabriel boʻlib, u Tramp bilan 2016-yildan beri ishlab keladi.
Shu bilan birga, bolgariyalik siyosatchi va BMTning sobiq Yaqin Sharq elchisi Nikolay Mladenov Gʻazodagi ishlarni joyida muvofiqlashtiruvchi vakil etib tayinlandi. U urushdan keyingi davrda kundalik boshqaruvni amalga oshiradigan 15 nafar falastinlik texnokratdan iborat Milliy qoʻmita (NCAG) faoliyatini nazorat qiladi. Qoʻmitaga Falastin maʼmuriyatida sobiq oʻrinbosar vazir boʻlgan Ali Shaat rahbarlik qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring