Gazlida yirik texnologik obyektlar foydalanishga topshirildi

“Odam yursa oyogʻi, qush uchsa qanoti kuyadi”, degan ibora ishlatilganida beixtiyor koʻz oldimizda bepoyon Qizilqum gavdalanadi. Sahro oʻz nomi bilan sahro. Lekin bu adogʻi yoʻq qumliklar oʻz bagʻrida shunday maʼdanlarni jamlab, asrab kelyaptiki, ular tabiatning xalqimizga, davlatimizga bemisl inoyati, bebaho tuhfasi emasmikan, deya oʻylab qolasan, kishi.
Ana shunday boyliklardan biri — tabiiy gaz sanaladi. Uni qazib olish, tozalash, qayta ishlash, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini gaz bilan uzluksiz taʼminlash juda katta kuch-gʻayrat, azmu shijoat, ayni chogʻda, ishga yangicha yondashuvni ham talab qiladi.
Mamlakatimiz rahbarining tegishli qarorlariga muvofiq, umumiy qiymati 185 million dollarlik “Propan-butan aralashmasini olish qurilmasini qurish”, Siquv kompressori stansiyasi va Oltingugurtdan tozalash qurilmasining 6-tarmogʻi kabi texnologik obyektlarni barpo etish vazifasi belgilangan edi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ mutaxassislarining taʼkidlashicha, propan-butan aralashmasini olish qurilmasini bunyod etish investitsiya loyihasi yiliga 4,5 milliard metr kub gazni qayta ishlashni koʻzda tutadi. Shu orqali 80 ming tonnagacha propan-butan aralashmasi hamda 37,5 ming tonna kondensatni ishlab chiqarish imkoni yuzaga keladi. Loyiha ichki bozorda oshib borayotgan talabni qondirishga qaratilgani bilan ham jozibador va ahamiyatlidir.
Ushbu loyiha doirasida gazni seolitli quritish hamda propan-butan aralashmasini olish qurilmalari, suyultirilgan gazni qabul qilish, saqlash uchun sigʻimlar, laboratoriya binolari va boshqa inshootlar qad rostladi. Qurilish ishlari “Muborakneftgazmontaj” korxonasi tomonidan amalga oshirildi. Texnologik uskunalar esa Germaniya,
Ukraina, Rossiya, Estoniyaning yetakchi korxonalari tomonidan yetkazib berildi.
Shu bilan birga, “2017 — 2021-yillarda uglevodorod xomashyosini qazib olishni koʻpaytirish dasturi” doirasida “Enter Engineering” (Singapur) kompaniyasi tomonidan yangi Siquv kompressori stansiyasi va Oltingugurtdan tozalash qurilmasining 6-tarmogʻi qurildi. Siquv kompressori stansiyasi yiliga 5 milliard metr kub tabiiy gaz bosimini oshirish hamda gaz tarkibidagi suyuq komponentlarni ajratib olish uchun propan-butan aralashmasi yetkazib berishga xizmat qiladi.
Oltingugurtdan tozalash qurilmasining 6-tarmogʻi ishga tushirilishi orqali yiliga 1,5 milliard metr kub tabiiy gaz tarkibini oltingugurtdan tozalashga erishiladi.
Shu oʻrinda “Oʻzbekneftgaz” AJga qarashli Gazli neftgaz qazib chiqarish boshqarmasi faoliyatiga bir qur nazar tashlash foydadan xoli emas. Uning tasarrufida ayni paytda 25 ta kon mavjud. Jami 502 ta quduq boʻlib, shuning 228 tasidan gaz hamda gaz kondensati qazib olinyapti.
“Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan uyushtirilgan press-tur doirasida bir nechta kon, jumladan, Andaklida ham boʻldik. Pandemiya sharoiti boʻlishiga qaramay, bu yerda ishchi-xodimlar belgilangan rejimda mehnat qilmoqda.
— Andakli koni bundan ikki yil avval ochilgan, — deydi “Oʻzbekneftgaz” AJning Konlarni ishlatish departamenti boshligʻi S. Mallayev. — Uning bugungi kundagi boshlangʻich zaxirasi 2 milliard metr kub gazni tashkil etadi. Konda toʻqqizta quduq kovlangan boʻlib, biz 5-sonli quduq oldida turibmiz. Uning chuqurligi 2,5 ming metr. Ushbu quduq orqali kuniga 300 ming metr kub tabiiy gaz qazib olishga erishiladi.
Press-tur ishtirokchilari bu yerda burgʻilash ishlaridan soʻng tabiiy gazni oʻzlashtirish jarayoni boshlanganini bildiruvchi unutilmas lahzalar guvohi boʻldi. Odatda, bunday kunni burgʻilovchilar orziqib kutishadi, oʻziga xos tarzda nishonlashadi. Axir, biyday sahroda qishning sovugʻi, yozning jazirama issigʻi demay mehnat qilish aytishga oson.
— Oʻn bir yildan buyon burgʻilovchi vazifasida ishlayman, — deydi shofirkonlik Elmurod Nosirov. — Oila bagʻridan olisda, huzur-halovatdan voz kechib choʻlda mehnat qilishning oʻzi boʻlmaydi. Lekin koʻnglimizga taskin shuki, biz burgʻilagan quduqlardan chiqayotgan tabiiy gaz minglab yurtdoshlarimizning ogʻirini yengil qilyapti. Shularni oʻylab, xalqimizning koriga yarayotganimizdan gʻururlanib ketaman.
Darvoqe, Yangi yil arafasida zamonaviy texnologik liniyalarning ishga tushirilishi munosabati bilan bu yerda tantanali marosim ham boʻlib oʻtdi.
Unda taʼkidlanganidek, yangi qurilmalarning ishga tushirilishi ishlab chiqarish quvvatlarini yana-da oshiradi. Bu ham mamlakat, ham odamlar turmush farovonligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.
Marosimda «Oʻzbekneftgaz ” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev hamda Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Botir Zaripov qatnashdi.
Tadbirda obyektlar qurilishida faollik koʻrsatganlardan bir guruhiga qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.
Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari xodimlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilar tomonidan batafsil javob berildi.
Istam IBROHIMOV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring