Garvardning 50 nafarga yaqin magistrant, doktorant va tadqiqotchilari Oʻzbekistonga keldi

11:42 18 Mart 2025 Jamiyat
188 0

Shu kunlarda yurtimizga Garvard universiteti delegatsiyasining taʼlim, turizm va madaniy tashrifi oʻtmoqda. Delegatsiya universitetning 46 nafardan ziyod magistrant, doktorant va tadqiqotchilaridan iborat. Ular orasida oʻzbekistonlik magistrlar Behzod Alixanov va Jahongir Saʼdiyev ham bor. Kuni kecha delegatsiya aʼzolari poytaxtimizda ehtirom bilan kutib olindilar.

Davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizda Garvard maktabini tashkil qilish, iqtidorli yoshlarni maqsadli tayyorlash va dunyoning mazkur eng nufuzli oliygohiga kirish imkoniyatlarini oshirish, zamonaviy bilimlarni egallab, vatanimiz ravnaqiga hissa qoʻshadigan mutaxassislar boʻlishlariga keng yoʻl ochish vazifalari ilgari surilgan edi. Mazkur tashrif oʻzbekistonlik mutaxassislarni Garvard universitetida qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ilmiy hamkorlik aloqalarini kengaytirish, ilmiy almashinuv va malaka oshirish dasturlarini yoʻlga qoʻyish, Oʻzbekistonda davlat xizmatchilari uchun master-klasslar tashkil qilish kabi hamkorlik istiqbollariga ham eʼtibor qaratish maqsadida tashkil etildi.

Ushbu tashrif davomida Garvard va Xalqaro Nordik universiteti hamkorlikda ilmiy loyihalar tayyorlash, oʻzaro almashinuv dasturlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvlarga erishiladi.

Delegatsiya aʼzolari dastlab Hazrati Imom ansambliga tashrif buyurishdi. Hazrati Imom masjidi, Baroqxon madrasasi va Tilla Shayx masjidi, shuningdek, milliy oʻzligimiz, ilm-fan, taʼlim va madaniyat timsoli sifatida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlarga islom dunyosining ulugʻ olimlari hayoti, ilmiy faoliyatlari va merosi haqida keng maʼlumotlar berildi.

Garvardchilarning Oʻzbekiston bilan tanishuv safarlari qadimiy Buxoro shahrida davom etmoqda. Koʻhna kentga tashrif davomida delegatsiya aʼzolari Labi Hovuz va afsonaviy milliy qahramon Xoʻja Nasriddin Afandi haykali, hovuzning sharqiy qismidagi Nodir Devonbegi madrasasi, shimoliy qismidagi Koʻkaldosh madrasasi bilan tanishdi. Ulugʻvor Poyi Kalon meʼmoriy ansambli va undagi Mir Arab va Amir Olimxon madrasalari, Boloi Hovuz majmuasi bilan tanishuv xorijiy delegatsiya aʼzolarida katta hayrat uygʻotdi. Shuningdek, mehmonlar Chashmai Ayyub meʼmoriy yodgorligi, 10 asr davomida saqlanib kelayotgan Ismoil Somoniy maqbarasiga ham tashrif buyurdilar. Buxoroning obidalari, yodgorliklari, meʼmorchilik durdonalari, ziyoratgohlari, koʻhna devorlari, gavjum savdo rastalari oʻzining qadimiy tarixi va sirliligi bilan garvardchilarni oʻziga maftun qilmoqda. Sayohat davomida Sharqning sehrli muhitini yaqindan his qilmoqdalar.

Delegatsiya aʼzolarining, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi bilan uchrashuvi, Yangi Oʻzbekiston universitetiga tashrifi ham koʻzda tutilmoqda.

Delegatsiya aʼzolari Xalqaro Nordik universitetida tashkil etilishi rejalashtirilgan Navroʻz bayrami rasmiy tadbirlarida ham ishtirok etadilar, yurtimiz qadriyatlari, madaniyatidan bahramand boʻladilar.

Jon Garvard nomi bilan atalgan Garvard AQSHdagi eng qadimiy oliy taʼlim muassasasi va dunyodagi eng nufuzli xususiy tadqiqot universitetidir.

Kembrij shahrida joylashgan, dunyoda faqatgina eng yaxshi, eng salohiyatli yoshlar kira oladigan mazkur oliygohda ijtimoiy, tabiiy, yuridik fanlar, tibbiyot, pedagogika, muhandislik va boshqa sohalar boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi. Dunyodagi eng yirik akademik kutubxona tizimiga ega. Universitetda Nobel sovrindorlari, Fanlar akademiyasi aʼzolari faoliyat yuritadi. Tashrif davomida mazkur nufuzli oliygoh faoliyati va tajribalari borasida akademik maʼlumotlarga ega boʻlinadi, axborotlar, tajribalar almashiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер