Gʻarb AQSHning Ukraina boʻyicha yetti banddan iborat rejasi tafsilotlarini oshkor qildi

11:40 23 Aprel 2025 Dunyo
199 0

Foto: Reuters

Bugun, 23-aprel kuni Londonda Gʻarb ittifoqchilari oʻrtasida Ukrainada oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha muzokaralar boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.

Buyuk Britaniyaning “The Telegraph” nashrining yozishicha, AQSH Londonda Ukraina uchun yetti banddan iborat tinchlik rejasini taqdim etadi. Manbaga koʻra, dastlabki ikki band zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatish va Moskva va Kiyev oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralarni boshlashni oʻz ichiga oladi.

Uchinchi bandda Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qoʻshilish imkoniyatini saqlab qolgan holda NATOga aʼzo boʻlishdan bosh tortishi qayd etilgan.

Toʻrtinchi va beshinchi bandlar hududiy masalalarga tegishli. Nashrning yozishicha, AQSH Rossiyaning Qrim ustidan suverenitetini tan olishga, 2022-yilda Rossiya tarkibiga kirgan toʻrtta hududni (Xerson, Zaporojye viloyatlari, Donesk Xalq Respublikasi, Lugansk Xalq Respublikasi) amalda Rossiya Federatsiyasi nazorati ostidagi deb tan olishga tayyor.

Oltinchi band AQSH va Ukraina oʻrtasida resurs shartnomasini imzolashni oʻz ichiga oladi. Yettinchi bandda Moskva va Vashington oʻrtasida yangi munosabatlar oʻrnatish, energetika sohasida hamkorlik va Amerika sanksiyalarining barchasi bekor qilinishi mumkinligi koʻzda tutilgan. Rejada Zaporijye atom elektr stansiyasini AQSH nazoratiga oʻtkazish taklifi ham mavjud.

AQSH prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Keyt Kellogg Londondagi uchrashuvda Ukraina va Yevropa vakillariga tashabbuslarni taqdim etadi, maxsus elchi Stiv Uitkoff esa Rossiya tomoniga tafsilotlarni yetkazadi.

Nashrning taʼkidlashicha, buning evaziga Ukraina Yevropadan xavfsizlik kafolatlari, tovon puli va rekonstruksiyada yordam oladi va Rossiya Xarkov viloyatining Rossiya Qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan qismini tark etadi.

Avvalroq, “The Financial Times” xabardor manbalariga tayanib, Rossiya AQSHga hozirgi front chizigʻi boʻylab harbiy harakatlarni toʻxtatishni taklif qilgani haqida xabar bergan edi. Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bu fikrni aprel oyi boshida Uitkoffga aytgan.

“Washington Post” gazetasining yozishicha, AQSH Ukraina va Yevropa Ittifoqiga Qrimni Rossiyaning bir qismi sifatida tan olishni va harbiy harakatlarni tugatish sharti sifatida amaldagi harbiy harakatlar chizigʻini muzlatib qoʻyishni taklif qiladi. Shuningdek, Vashington bu masalada Kiyevga “hayratlanarli” bosim oʻtkazayotgani taʼkidlangan.

Shu yilning 17-aprel kuni Parijda bir qator diplomatik uchrashuvlar ham boʻlib oʻtgandi. Taʼkidlanishicha, bu Ukrainadagi mojaroni tartibga solishning yangi bosqichini belgilab berdi. Shu kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron AQSH Davlat kotibi Marko Rubio va AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoffni qabul qildi.

Shu bilan birga, Parijda Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak, tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixa va mudofaa vaziri Rustem Umerovdan iborat Ukraina delegatsiyasi hamda 30 ga yaqin davlat, jumladan, Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniyadan iborat “koʻngillilar koalitsiyasi” vakillari oʻrtasida uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

Ishtirokchilar oʻt ochishni toʻxtatish rejimiga rioya etilishini nazorat qilishning mumkin boʻlgan mexanizmlarini, tinchlikparvar koʻpmillatli kontingentni joylashtirish va kelajakdagi xavfsizlik arxitekturasi parametrlarini muhokama qilgandi.

Londonda boʻlib oʻtishi kutilayotgan muzokaralar ana shu muloqotning mantiqiy davomi hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер