Gʻalaba xushxabarini keltirgan oʻzbek uchuvchisi

09:16 09 May 2024 Jamiyat
566 0

Arxiv surat

Ikkinchi jahon urushida erishilgan gʻalaba, soxta tarixlarda keltirilgani kabi, bir yoki bir nechta xalqlarninggina emas, balki butun insoniyatning ulkan muzaffariyati edi. Bu gʻalabada sobiq ittifoq tarkibidagi barcha respublikalar va xalqlarning, shu jumladan, oʻzbeklarning ham bemisl hissasi bor. Ammo ana shu tarix haqiqatini shoʻro zamonasida boʻlganidek hozirgi kunlarimizda ham buzib koʻrsatishga boʻlgan urinishlar tez-tez koʻzga tashlanib turadi.

Masalan, xalqimizning olovli yillardagi buyuk xizmati ataylab kamroq qilib koʻrsatilgan, qahramon bobolarimizning nomlari roʻyxatlardan tushirib qoldirilgan. Buni birinchi oʻzbek uchuvchisi Abdusamat Taymetovning tarixiy xizmatlari boʻlgan munosabat misolida ham koʻrish mumkin.

Bu oʻzbek yigiti to urushgacha koʻplab yigit-qizlarni uchuvchilikka oʻrgatadi. Uning urush davridagi qahramonliklari va jasorati esa har qanday insonning hayotini bezaydigan darajada rang-barangdir.

Abdusamat Taymetov 1944-yil davomida 109 ta jangovar parvozni amalga oshiradi. Bular shunchaki parvozlar emas, balki front chizigʻini kesib oʻtib, dushman orqasidagi partizanlarga oziq-ovqat va qurol-yarogʻ yetkazib bergan yoki razvedkachilarni dushman orqasiga yetkazib qoʻygan. Bu parvozlarning barchasi tunda amalga oshirilganligini hisobga olsak, oʻzbek uchuvchisi qanchalik uquv va malakaga ega boʻlganligini tasavvur etish qiyin emas.

«Uzbekistan Airways» AJ maʼlumotlariga koʻra, 1941-1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushi frontlarida Oʻzbekistondan 2500 nafar aviator qatnashgan.

Abdusamat Taymetovning nomini mangulikka muhrlagan yana bir voqea borki, buni kelgusi avlodlar ham faxr bilan tilga oladilar.

Gap 1945-yil 9-mayda boʻlgan tarixiy voqea haqida bormoqda. Oʻsha kuni oʻzbekistonlik uchuvchi Abdusamat Taymetov Li-2 samolyoti ekipaji tarkibida magʻlub boʻlgan Berlindan fashistlar Germaniyasining soʻzsiz taslim boʻlganligi toʻgʻrisidagi aktni, shtandartlar, Gʻalaba bayrogʻi va nishonini Moskvaga yetkazib keladi.

Oʻsha yili jurnalistlar bilan boʻlgan suhbatda uchuvchi voqealar davomini shunday eslaydi: «…tongda harbiy transport samolyoti Moskvadagi aerodromga qoʻndi. Tarixiy yuk Oliy Bosh qoʻmondonning vakiliga topshirildi. Oʻsha paytda ertalab soat toʻrt эди...”

«Oʻzbek uchuvchisi Abdusamat Taymetov 1945-yilda Berlindan Moskvaga fashistlar Germaniyasi magʻlub boʻlgani haqidagi aktni keltirgan samolyotni boshqargan edi», Andrey Litvinov, oʻzbek uchuvchisi.

Ushbu voqea oʻta maxfiy topshiriqlar tofasiga kirishi mumkin. Ammo bu bir insonning ulkan xizmatlarini koʻmib tashlash kerakligini anglatmaydiku. Eng yomoni, bunday munosabat uzoq davom etadi.

Aniq aytadigan boʻlsak, gʻalabadan soʻng sal kam 35-yil oʻtib, yaʼni 1979-yil may oyida «Smena» gazetasida Abdusamat Taymetov haqida maqola beriladi va unda soʻz yuritilayotgan tarixiy voqea ham eslab oʻtiladi.

«1979-yil may oyida «Smena» jurnalida Vladislav Monaxovning Abdusamat Taymetovich Taymetov haqidagi katta maqolasi chop etilgan. Unda oʻzbek uchuvchisining Ukrainadagi partizan otryadlari qoʻmondoni Sidor Kovpak bilan uchrashuvi haqidagi xotiralari ham bayon etilgan», Sergey Levchenko, «Narodnoye slovo» gazetasi muxbiri.

Baʼzi tarixchilar aytganidek, balki uchuvchining oʻzi xalqimizga xos boʻlgan kamtarinlik bilan Berlindan Moskvaga boʻlgan tarixiy parvozni hech qayerda eslatmagandir.

Balki, uchuvchining oʻzbek millatiga mansubligi ushbu voqeaning bir qadar unutilishiga sabab boʻlgandir. Negaki, ayrim shovinist siyosatchi va tarixchilar tomonidan boshqa xalqlar xizmatlarini ataylab kamsitib koʻrsatish hozirga qadar davom etayotganligini koʻrib turibmizku.

Balki, oʻsha davr maxsus xizmatlari mazkur voqeani har joyda huda-behuda tilga olmaslikni yaxshilab tushuntirib qoʻygandir.

Balki…

Yanayam kim bilsin…

Tarixning achchiq haqiqati barchamizga saboq boʻlmogʻi darkor!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?