Futbol: “Surxon” katta oʻzgarishlar ostonasida, jamoaga “Real” Madrid tarbiyalanuvchisi taklif etildi
Hozirda Superliga va Pro-liga klublari yangi mavsum uchun allaqachon tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborishgan. Faqat “Surxon” klubi bundan mustasno. Bu jamoadagi sukunat negadir choʻzilib ketdi.
Ushbu klubga yangi homiy egalik qilishi munosabati bilan endilikda yangicha qiyofaga kirishi kutilayotgan “Surxon” aynan qanday koʻrinishda boʻlishi koʻpchilikni qiziqtirayotgani rost. Lekin yanvarning yarmi ham ortda qoldiki, hali-hanuz jamoadan sado chiqmayotgandi. Bu esa turli savollarni keltirib chiqardi. Qolaversa, oʻtgan yildan qarzdorliklarning mavjudligi borasida ham maʼlumotlar bor. Buning ustiga hozirda jamoaning aksar oʻyinchilari boshqa klublarga oʻtib ketishdi. Koʻrinib turibdiki, “Surxon” yangidan shakllantiriladi.
Maʼlum boʻlishicha, klub 19-yanvardan Toshkentda mashgʻulotlarni boshlaydi. www.sports.uz sayti bergan maʼlumotga koʻra, “Surxon”ni ispaniyalik mutaxassislar boshqarishadi. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, jamoada ishlaydigan murabbiylar hamda yangi takliflar etilayotgan legionerlar ham maʼlum boʻlgan.
“Surxon”ning sport direktori lavozimida ispaniyalik Xuan Manuel Barroso ish boshladi. U faoliyati davomida “Eybar” klubi sport direktori, shuningdek, “Rayo Valyekano”da ham sport direktori hamda akademiya direktori lavozimlarida mehnat qilgan. Endi u “Surxon”da oʻz ishini boshladi.
Klubni ham ispaniyalik mutaxassislar boshqarishadi. “Surxon” jamoasi bosh murabbiyi lavozimini 61 yoshli ispan mutaxassisi Xordi Fabregat Valmanya egallaydi. U futbolchilik faoliyati davomida himoyachi boʻlgan. Valmanyaning oxirgi ish joyi mahalliy “Ordino” klubi hisoblanadi. Bundan tashqari, “Kuenka, “Arandina”, “Gixuelo”, “Amposta” va yana bir qator nomi unchalik tanish boʻlmagan jamoalarda faoliyat olib borgan. Uning yordamchilari ham Ispaniyadan, jismoniy tayyorgarlik boʻyicha Xorxe Erediya Ruiz ishlaydi. Uning boshqa yordamchilari ham shu kunlarda oydinlashib qoladi.
Jamoaga taklif etilayotgan yangi legionerlarga kelsak, toʻrt nafar ispaniyalik futbolchi yangi mavsumda “Surxon” sharafini himoya qilishi kutilmoqda.
Xaver Ximenes Kamarero – 1987-yil 8-iyunda tugʻilgan, ampluasi – darvozabon. “Alaves” klubi tarbiyalanuvchisi sanaladi. Faoliyati davomida “Valyadolid”, “Mursiya”, “Levante”, “Alkorkon”, “Elche”, “Ueska”, “Salamanka” singari jamoalar darvozasini qoʻriqlagan.
Serxio Rodrigez Sidonya – 1989-yil 5-oktyabr kuni tavallud topgan. Ampluasi chap qanot himoyachisi. U ham Ispaniyaning qator klublarida oʻynagan. “Levante B”, “Granada”, “Ovyedo”, “Marbelya”, “Melila”, “Ekstramadura”, “Lorxa Deportivo” va yana boshqa jamoalar. Asosan Ispaniya ikkinchi divizionida oʻynagan.
Aytor Monroy Rueda – 1987-yil 18-oktabrda dunyoga kelgan. Ampluasi – yarim himoyachi. Bu futbolchi Ispaniyadan tashqari boshqa chempionatlarda ham toʻp surgan. U Madridning “Atletiko B” jamoasida, shuningdek, “Logronyes” klubida oʻynagan. 2011-yildan 2014-yilga qadar Ruminiya chempionatida faoliyat koʻrsatgan boʻlib, u yerda “Chaxleul” hamda ”CHFR Kluj” jamoalarida toʻp surdi. Soʻngra Moldovaning “Sherif” klubi tarkibida ham maʼlum vaqt harakat qilgan. 2015-2017-yilgi mavsumlarda Isroilning “Makkabi” klubida faoliyat olib bordi. Futbolchining oxirgi klubi Hindistonning “Jamshedpur” jamoasi boʻldi.
Luis Migel Kesada Sanches – 1996-yil 11-fevral kuni tavallud topgan. Ampluasi – qanot himoyachisi. U Ispaniya va Donimikan Respublikasi fuqaroligiga ega. 26 yoshli oʻyinchi “Real” Madrid futbol klubi tarbiyalanuvchisidir. 2013-2015-yillar davomida Luis Sanches “Real”ning U-17, U-18 va U-19 jamoalarida toʻp surgan. Soʻngra “Real Madrid Kastilya”da oʻynadi. Shuningdek, “Kordova” va “Kadis” klublari sharafini ham himoya qilgan. Oxirgi klubi aynan “Kadis” sanaladi. Bu futbolchi oʻz vaqtida “Real”ning asosiy mashgʻulotlarida ham muntazam ishtirok etgan. Himoyachi boʻlishiga qaramay, universal oʻyinchi sifatida ham nom qozongan.
Yangi rahbariyat murabbiylar shtabi va legionerlarni aniqlashtirib oldi. Ammo tarkibni yana qaysi oʻyinchilar bilan toʻldiradi? Asosiy tarkib aʼzolari deyarli ketishgan va oʻrniga boshqa mahalliy futbolchilarni jalb etish zarur. Klub rahbariyati bu borada ham ishlarni olib boryapti.
“Turon” bilan xayrlashgan himoyachi Davron Umirov hamda “Andijon”da toʻp tepgan yarim himoyachi Baxtiyor Qosimov katta ehtimol bilan yangi mavsumni “Surxon”da boshlaydi. Shuningdek, “Bunyodkor”dan ketgan Sanjar Rashidovga Termizliklarda qiziqish bor. Legionerlar bilan birga mahalliy oʻyinchilar ham yangi yigʻinda qatnashadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring