Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatiga chiqish imkoniyati qay darajada?
Soʻnggi yillarda yurtimizda sport, jumladan, futbolga katta eʼtibor qaratilmoqda. Yaratib berilayotgan sharoitlar esa bugungidek ulkan gʻalabalarga sababchi boʻlayotir, desak, mubolagʻa emas. Buni oʻzbek futbolida kuzatilayotgan katta oʻsishdan ham bilish mumkin. Turli yosh doirasidagi katta-kichik musobaqalar qatori katta turnirlarda ham milliy terma jamoamiz yaxshi natijalarni qoʻlga kiritmoqda. Mana, ikki yildirki muzaffarlik tugʻi ularning qoʻlida.
Darhaqiqat, oʻtgan davr mobaynida maydondagi hech bir nuqtada raqiblarga imkoniyat qoldirmayapmiz. Oxirgi oʻtkazilgan oʻyinda ham jamoamiz xalqimizni xursand qildi, yaʼni saralash doirasidagi Birlashgan Arab Amirliklari milliy terma jamoasiga qarshi oʻtgan bahsda vakillarimiz 1 – 0 hisobida zafar quchdi. Garchi ular bosh murabbiysiz oʻynagan boʻlishsa-da har bir harakatlarida jamoaboshi Srechko Katanes imzosi borligi sezilib turdi. Qayd etish joizki, hali shu paytgacha jahon chempionati saralashi doirasida imkoniyatlarimiz bu qadar yuqori boʻlmagandi. Bu, albatta, ularga bildirilgan katta ishonch bilan birga, ulkan masʼuliyat ham yuklaydi.
Tarkib haqida toʻxtaladigan boʻlsak, jamoamizda optimal tarkib shakllangan. Oxirgi bahsda ham asosiy tarkibda tushgan oʻyinchilarining sakkiz nafari xorij klublarida toʻp tepishi bunga yorqin isbot. Ular orasida kuchli beshlik chempionatida faoliyat olib boradiganlari ham bor. Bundan tashqari Osiyoning grand klublari, Rossiya va Turkiya chempionatlarida muvaffaqiyatli qatnashayotgan futbolchilarimiz ham jamoaning asosini tashkil etdi.
Milliy terma jamoamiz soʻnggi oʻyindan soʻng hisobida 1429.26 ochko bilan FIFA reytingida 58 oʻringa koʻtarildi va Osiyoda ham asta-sekin raqiblarimizni quvib oʻtyapmiz. OFKda bizdan oldingi oʻrinlarda Yaponiya (15), Eron (19), Janubiy Koreya (22), Avstraliya (24), Qatar (46), Iroq (56) milliy terma jamoalari turibdi. Umuman olganda, yuqorida nomlari qayd etilgan terma jamoalar bilan Oʻzbekiston MTJ futbolchilari tengma-teng kurasha olishadi, FIFA reytingi ham nisbiy albatta.
Xoʻsh, 2026-yilda AQSH va Meksika yashil maydonlarida boʻlib oʻtadigan nufuzli musobaqaga vakillarimiz chiqa olishadimi? Keyingi oʻyinlarda qanday natijalarni qoʻlga kiritsak, mundial yoʻllanmasiga ega boʻlamiz?
Keling, bir hisob-kitob qilib koʻrsak. Maʼlumki, oldinda bizni yana oltita bahs kutmoqda. Bu oʻyinlarning atigi uchtasida gʻalaba qozonolsak jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritishimiz mumkin. Ayni paytda guruh jadvalida 10 ochko bilan, toʻplar nisbatini hisobga olgan holda 2 oʻrinda boryapmiz. Uchta oʻyinda qoʻlga kiritiladigan 9 ochko bilan jami 19 ochko jamgʻara olamiz. Bu esa Oʻzbekiston termasining nufuzli bellashuvi sari yoʻl olishiga yetarli boʻladi.
Turnir jadvalida bizdan keyingi oʻrinlarni band etgan jamoalarning eng yaqini bizdan 6 ochko orqada. Oʻzbekistonning yaqin taʼqibchilari — BAA va Qatar termalarida 4 ochkodan mavjud boʻlib, oldinda yana 6 ta oʻyin borligi hisobga olinsa ular 19 ochko jamgʻarish uchun kamida 5 ta oʻyinda gʻalaba qozonishlari kerak boʻladi. Ular orasida oʻzaro oʻyinlar va guruh favoriti Eron bilan bahs ham bor.
BAA termasi oʻz maydonida Eronga imkoniyatni boy bergani va javob oʻyini Tehronda oʻtishini inobatga olsak, ular uchun bu natija deyarli imkonsizdir. Qatar termasi esa xuddi shunday vaziyatda BAA bilan bellashadi. Bundan tashqari Qatarning Oʻzbekiston bilan ikkita va BAAning bitta oʻyini borligini hisobga olsak, ushbu bahslarda ham raqiblar gʻalaba qozonishi oson kechmaydi. Shuningdek, guruhda hammaga bosh ogʻrigʻi boʻla oladigan Shimoliy Koreya terma jamoasi ham bor. Asosiy raqiblarimiz esa ushbu jamoa bilan keraksiz duranglar qayd etib, oʻz imkoniyatlarini pasaytirib yuborishdi. Vakillarimiz esa keyingi uchta bahsni Qatar, Shimoliy Koreya va Qirgʻizistonga qarshi olib borishadi. Ushbu oʻyinlardagi maksimal natijalar jahon chempionati yoʻllanmasini Oʻzbekiston milliy terma jamoasiga taqdim eta oladi.
Xayriyat, endi bu safar hisobni biz emas, faqat raqiblar amalga oshirishadi. Bir paytlar 1 ochko yoki bitta gol farqi bilan qolib ketgandik guruhda. Umid qilamizki, bu gal unday boʻlmaydi. Saralash bosqichi yakuniga yetmasdanoq bayramni boshlayversak boʻladi. Jamoamizga esa matonatli oʻyin va omad yor boʻlishini tilaymiz.
Anvar ESHNAZAROV,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti talabasi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring