Mast holda avtomobil boshqarib, inson umriga zomin boʻlgan uchastka noziri qamoqqa olindi

Fargʻona viloyati Furqat tumanida mast holda avtomobil boshqargan uchastka noziri 63 yoshli fuqaroni urib oʻldirdi. Bu haqda Kun.uz maʼlum qildi.
Maʼlumotlarga koʻra, 2025-yil 16-sentyabr kuni soat 19:15 larda tumanning Bekobod mahallasi hududida Karmak mahallasi uchastka noziri Zafar Qoʻshmatov “Matiz” rusumli mashinada harakatlanib, velosipedda ketayotgan 63 yoshli Noʻmonjon Ahmedovni urib yuborgan. Jabrlanuvchi ogʻir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan.
Guvohlar va marhum yaqinlarining aytishicha, haydovchi birinchi yordam koʻrsatmasdan hodisa joyidan qochib ketgan. Keyinchalik Qoʻshmatov uyiga borib, otasiga voqeani aytgan va otasi boshqa qarindoshi bilan birga marhumni shifoxonaga olib borgan. Ular shifokorlarga fuqaroni yoʻldan hushsiz holda topib olganini bildirgan.
“Otam Noʻmonjon Ahmedov 63 yoshda edi. Paxta qabul qilish punktida 42-yildan beri ishlardi. 16-sentyabr uyda birga kechki ovqat yedik. Taxminan soat 19:15 larda otam velosipedini minib ishiga chiqib ketdi. Ketayotganda qoʻshni mahallada uchastka noziri boʻlib ishlovchi Zafar Qoʻshmatov Matiz mashinasida mast holatda otamning orqasidan kelib urgan. Eng alam qilgani birinchi yordam koʻrsatmay qochib ketgan. Ichib olib mashina boshqargani haqida barcha dalillar bor. Buni oʻzi ham tan oldi.”, — dedi marhumning oʻgʻli Sherzod Ahmedov.
Marhumning turmush oʻrtogʻi Sharifa Ahmedova ham qonun oldida adolat talab qildi:
“Nahotki ichki ishlar xodimi mast holda mashina boshqarsa? IIB xodimi boshqalarga oʻrnak boʻlmaydimi? Turmush oʻrtogʻimga birinchi yordam koʻrsatmaganini eshitib kechira olmayapmiz. Boʻlgan voqeaga chiday olmayapmiz. Turmush oʻrtogʻim halol mehnat bilan 4 oʻgʻil, 1 qizni voyaga yetkazib oʻstirdi. Uyli-joyli qildi. Endi ularning rohatini koʻraman deganida shunday koʻngilsiz voqea boʻlib turibdi. Mast holda mashina boshqargan IIB xodimi qonun oldida jazosini olsin”, — dedi u.
Furqat tumani tibbiyot birlashmasi travmatologi Abdumalik Ermatovning aytishicha, marhum shifoxonaga biologik oʻlik holatda olib kelingan:
“Marhumning ogʻiz-burnida qotgan qonlar boʻlgan. Chap qoʻlining kafti ichki sohasida, bosh ensa tepa sohalarida urilgan-shilingan jarohatlari boʻlgan. Koʻkrak oldi sohasi, orqa sohalarida oʻlim dogʻlari boʻlgan. Marhumni olib kelgan shaxs bemorni yoʻldan topib oldim, yoʻlda yotgan ekan deb aytgan shifokorlarga. Keyinchalik esa marhum YTH oqibatida vafot etgan maʼlum boʻldi”, — dedi shifokor.
Fargʻona viloyati prokuraturasiga koʻra, ayblanuvchi Zafar Qoʻshmatovga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring