Fuqarolik jamiyati: rivojlanish, imkoniyat va natijalar

17:38 03 Dekabr 2024 Jamiyat
246 0

Toshkent shahrida 2 — 6-dekabr kunlari Fuqarolik jamiyati haftaligi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur tadbir “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Oliy Majlis palatalari, Adliya vazirligi, shuningdek, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi kabi qator nodavlat notijorat tashkilotlari, shu jumladan, aql markazlari hamkorligida o‘tkazilmoqda.

Haftalik doirasida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati xalqaro forumida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ishtirok etdi.

Ishtirokchilar Markaziy Osiyoda demokratlashtirish jarayonida fuqarolik jamiyatining o‘rni, nodavlat notijorat tashkilotlarining mahalliy rivojlanishga qo‘shayotgan hissasi va islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlikning samarali strategiyalarini muhokama qilishdi.     

— Bugungi kunda mamlakatimizda yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan fuqarolik jamiyati institutlari sohalar bo‘yicha ixtisoslashib, jamiyat uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlamoqda, ular esa turli masalalarga o‘z yechimlarini ilgari surmoqdalar, — dedi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov. — Aytish joizki, hozirgi kunda hukumat va barcha davlat organlari islohot va o‘zgarishlarni fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorliksiz amalga oshirib bo‘lmasligini yaxshi anglamoqda. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan “Jamiyat islohotlar tashabbuskori” tamoyilining ilgari surilayotganligini ham buning yorqin dalili sifatida ko‘rsatish mumkin.

Shuningdek, Eldor Tulyakov mamlakatda aql markazlariga bo‘lgan e’tiborning ortishi, ularning qarorlar va strategiyalarni ishlab chiqishdagi ta’siri haqida so‘z yuritib, bu borada O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslarning ahamiyatiga to‘xtaldi.

“Yaqinda O‘zbekiston Prezidentining parlamentga murojaatida, fuqarolik jamiyati institutlari bilan muloqotni yanada kuchaytirish uchun Qonunchilik palatasining har bir qo‘mitasi qoshida jamoatchilik kengashlarini tuzish taklifi berildi.

Shuningdek, fuqarolar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Jamoaviy tashabbuslar bo‘yicha parlament komissiyasini tashkil etish taklifi ham bildirildi. Ushbu tashabbuslar davlat va jamiyat boshqaruvida fuqarolik jamiyati institutlarining samaradorligini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan bo‘lib, ularning faol ishtirokini yanada rag‘batlantiradi”, —dedi Markaz rahbari.

Fuqarolik jamiyati haftaligida dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun beshta davlat, 40 ta xalqaro tashkilot vakillari hamda mahalliy va xorijiy ekspertlar qatnashmoqda. Ular ishtirokida ochiq muhokamalar va muloqotlar, muhim mavzularga bag‘ishlangan o‘nga yaqin xalqaro forumlar, uchrashuvlar, ekologlar va atrof-muhit faollari uchun treninglar, xayriya aksiyalari hamda taqdirlash tadbirlari o‘tkaziladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?