Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʻgʻrisida

08:59 12 Mart 2019 Hujjatlar
17354 0

Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni

Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 15 fevralda qabul qilingan

Senat tomonidan 2019 yil 28 fevralda maʼqullangan

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari

Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.

3-modda. Fuqarolarning reproduktiv salomatligi

Fuqarolarning reproduktiv salomatligi insonning jismoniy, aqliy va ijtimoiy jihatdan sogʻlomligi holati boʻlib, bu holat uning bola tugʻilishiga qodirligini belgilaydigan reproduktiv tizimi, ushbu tizimning funksiyalari, hayotiy jarayonlari bilan bogʻliq boʻladi.

Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash:

fuqarolarning reproduktiv salomatligi toʻgʻrisida ishonchli va toʻliq axborot olishni;

homiladorlikni saqlab yurishni va bolaning asoratlarsiz hamda nuqsonlarsiz tugʻilishini taʼminlaydigan, homiladorlik, tugʻish va tugʻishdan keyingi davrdagi tadbirlar, muolajalar hamda xizmatlarni;

reproduktiv tizim kasalliklarining oldini olishni va ularni davolashni;

jinsiy yoʻl bilan oʻtadigan kasalliklarning oldini olishni va ularni davolashni;

ehtimoldagi asoratlarning va reproduktiv tizim funksiyalari buzilishi oqibatlarining oldini olishga koʻmaklashgan holda homiladorlikni xavfsiz ravishda sunʼiy toʻxtatishni;

kontratsepsiya usullari va ulardan foydalanish toʻgʻrisida axborot olishni nazarda tutadi.

4-modda. Ushbu Qonunning asosiy prinsiplari

Ushbu Qonunning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

reproduktiv muammolarni hal qilishda insonparvarlik;

reproduktiv salomatlikni saqlash sohasida erkaklar va ayollarning tengligi;

fuqaroning shaxsiy hayotiga aralashmaslik, shaxsiy va oilaviy sirning saqlanishi;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi tibbiy xizmatlardan foydalanishni va ularning sifatini taʼminlash;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash boʻyicha xizmatlarning davlat tomonidan kafolatlangan hajmini taʼminlash.

5-modda. Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari

Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish, tasdiqlash hamda amalga oshirish;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash tizimini rivojlantirish va takomillashtirish;

fuqarolarda sogʻlom farzandlar tugʻilishiga nisbatan ongli va masʼuliyatli munosabatni tarbiyalash;

erkaklar va ayollarning oʻz reproduktiv huquqlarini amalga oshirishida ularning imkoniyatlari tengligini taʼminlaydigan sharoitlarni yaratish;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini yaxshilash uchun ilmiy tadqiqotlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, zamonaviy uslublar va texnologiyalarni joriy etish;

reproduktiv salomatlikni saqlash sohasida fuqarolarning tibbiy bilimlarini va tibbiy madaniyatini yuksaltirish;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasida kadrlarni tayyorlashni, qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;

fuqarolar oʻz reproduktiv huquqlarini amalga oshirishi uchun ularga tibbiy-ijtimoiy, shuningdek psixologik yordam koʻrsatish.

6-modda. Fuqarolarning reproduktiv huquqlarini amalga oshirishdagi davlat kafolatlari

Davlat fuqarolarga:

reproduktiv salomatlikning saqlanishini va ularning reproduktiv huquqlari amalga oshirilishini;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlashga doir xizmatlardan foydalanilishi va bu xizmatlarning izchilligi taʼminlanishini;

sogʻlom oilani shakllantirish toʻgʻrisidagi qarorning kamsitishlarsiz, tahdidlarsiz va zoʻravonliksiz qabul qilinishini;

ularning shaxsiy hayotiga aralashmaslikni, shaxsiy va oilaviy sirning saqlanishini;

birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining bepulligini;

fuqarolarning mustaqil qaror qabul qilishga boʻlgan reproduktiv huquqi amalga oshirilishini kafolatlaydi.

Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlashga doir xizmatlar reproduktiv salomatlikni saqlash sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi tibbiyot tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladi.

7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi vakolatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi davlat dasturlarining ishlab chiqilishini, tasdiqlanishini va amalga oshirilishini taʼminlaydi;

davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash boʻyicha davlat tomonidan kafolatlangan xizmatlarning hajmini belgilaydi.

8-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi vakolatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash boʻyicha davlat tomonidan kafolatlangan xizmatlarning hajmini belgilash yuzasidan takliflar ishlab chiqadi va kiritadi;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasida kadrlarni tayyorlashni, qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni taʼminlaydi;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash va himoya qilish tizimini rivojlantirishga hamda reproduktiv salomatlikni saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatishga doir chora-tadbirlarni belgilaydi;

reproduktiv salomatlikni saqlash sohasida fuqarolarning tibbiy bilimlarini va tibbiy madaniyatini yuksaltirish yuzasidan tushuntirish ishlarini olib boradi;

yordamchi reproduktiv texnologiyalardan foydalanish tartibini, kafolatlangan xizmatlar, ularni qoʻllashga doir koʻrsatmalar, moneliklar va cheklovlarning roʻyxatini tasdiqlaydi;

yordamchi reproduktiv texnologiyalar usullarini qoʻllovchi tibbiyot tashkilotlarining faoliyatini tartibga soladi va nazorat qiladi;

homiladorlikni sunʼiy ravishda toʻxtatishni amalga oshirish tartibi va shartlarini, homiladorlikni sunʼiy ravishda toʻxtatish uchun tibbiy koʻrsatmalar roʻyxatini belgilaydi;

jarrohlik kontratsepsiyasini amalga oshirish tartibi va shartlarini belgilaydi.

9-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi vakolatlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlari:

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining ijro etilishini taʼminlaydi;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi hududiy dasturlarning ishlab chiqilishini, tasdiqlanishini va amalga oshirilishini taʼminlaydi;

tegishli davlat boshqaruvi organlari hududiy boʻlinmalarining fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;

tegishli hududdagi tibbiyot muassasalarida koʻrsatilayotgan, shu jumladan fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasida koʻrsatilayotgan tibbiy yordam sifati ustidan nazoratni taʼminlaydi.

10-modda. Fuqarolarning reproduktiv huquqlari

Fuqarolar quyidagi huquqlarga ega:

xavfsiz va samarali reproduktiv texnologiyalardan foydalangan holda oʻz farzandlarining tugʻilishi xususida mustaqil ravishda qarorlar qabul qilish;

oʻzining reproduktiv salomatligi toʻgʻrisida ishonchli va toʻliq axborot olish;

tugʻilishni tartibga solishning xavfsiz usullaridan va kontratsepsiyadan foydalanish;

tibbiy-profilaktika xizmatlaridan foydalanish va sogʻliqqa xavf soluvchi vositalardan, shu jumladan ilmiy tajribalar qoʻllanilishidan himoyalanish;

oʻz reproduktiv huquqlarini amalga oshirish chogʻida tibbiy-ijtimoiy, shuningdek psixologik yordam va axborot olish;

yordamchi reproduktiv texnologiyalardan foydalanish.

Yuridik va jismoniy shaxslar fuqarolarning oʻz reproduktiv huquqlarini amalga oshirishi bilan bogʻliq axborotni sir saqlashi shart.

11-modda. Ayollarning reproduktiv salomatligini saqlash

Ayollarning reproduktiv salomatligini saqlash quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

oʻzining reproduktiv salomatligi, bepushtlikni davolash uslublari va kontratsepsiya toʻgʻrisida ishonchli hamda toʻliq axborot olish;

reproduktiv salomatlikni saqlash sohasidagi xizmatlardan foydalanishni taʼminlash;

reproduktiv salomatlik masalalari yuzasidan maxfiylikka rioya etilgan holda tibbiy maslahatlar va xizmatlar olish.

Ayol bepushtlikdan davolanish, reproduktiv salomatligini homilador boʻlguniga qadar, homiladorlik davrida, tugʻish va tugʻishdan keyingi davrda davolashning zamonaviy uslublaridan foydalangan holda saqlash hamda davlat tomonidan ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlanish huquqiga ega.

Homiladorlik davridagi tibbiy aralashuv er va xotinning yozma roziligi bilan, er boʻlmagan taqdirda ayolning oʻz roziligi yoki ota-onasining roziligi yoxud u voyaga yetmagan yoki muomalaga layoqatsiz boʻlgan taqdirda boshqa qonuniy vakillarining roziligi bilan amalga oshiriladi.

Tibbiy aralashuvni rad etish fakti ehtimoldagi oqibatlar koʻrsatilgan holda tibbiy hujjatlarda qayd etiladi va homilador ayol tomonidan, buning imkoni boʻlmagan taqdirda uning eri yoki qarindoshlari tomonidan yozma tarzda, tibbiy aralashuvni rad etish haqida yozma javob olishning imkoni boʻlmagan taqdirda esa, shifokorlar konsiliumining xulosasi bilan tasdiqlanadi.

Ayol homiladorlikka, uni sunʼiy ravishda toʻxtatishga va kontratsepsiyaga majbur qilinishi mumkin emas.

12-modda. Erkaklarning reproduktiv salomatligini saqlash

Erkaklarning reproduktiv salomatligini saqlash quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

oʻzining reproduktiv salomatligi, bepushtlikni davolash uslublari va kontratsepsiya toʻgʻrisida ishonchli hamda toʻliq axborot olish;

reproduktiv salomatlikni saqlash sohasidagi xizmatlardan foydalanishni taʼminlash;

yangi tibbiy, shu jumladan yordamchi reproduktiv texnologiyalardan, shuningdek kam invazivli (kam jarohatlaydigan) aralashuvlardan foydalangan holda bepushtlikni davolash;

reproduktiv salomatlik masalalari yuzasidan maxfiylikka rioya etilgan holda tibbiy maslahatlar va xizmatlar olish.

13-modda. Voyaga yetmagan shaxslarning reproduktiv salomatligini saqlash

Voyaga yetmagan shaxslarning reproduktiv salomatligini saqlash:

tibbiy-profilaktika tadbirlarini, shu jumladan reproduktiv aʼzolar patologiyasini, shuningdek irsiy kasalliklarni aniqlashga qaratilgan tibbiy-profilaktika tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishni;

jinsiy tarbiya va ularni oilaviy hayotga tayyorlash boʻyicha tadbirlar oʻtkazishni;

ularni reproduktiv salomatlik masalalari boʻyicha oʻqitish va axborot berishni oʻz ichiga oladi.

Reproduktiv salomatlik muammolari boʻyicha tibbiy aralashuv voyaga yetmagan shaxsni, shuningdek uning qonuniy vakilini xabardor etgan holda ularning ixtiyoriy roziligi bilan amalga oshiriladi. Voyaga yetmagan shaxsning hayoti va sogʻligʻini saqlash uchun tibbiy aralashuv tavsiya etilgan taqdirda hamda qonuniy vakildan va voyaga yetmagan shaxsdan rozilik olishning imkoni boʻlmaganda, tibbiy aralashuv shifokorlar konsiliumining xulosasi mavjud boʻlganda amalga oshiriladi.

Voyaga yetmagan shaxslarni reproduktiv salomatlikni saqlash masalalari boʻyicha tarbiyalash, oʻqitish hamda ularga axborot berish, ularni oilaviy hayotga tayyorlash tegishincha oilada, taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalarida amalga oshiriladi.

Reproduktiv salomatlik, shu jumladan jinsiy tarbiya masalalari boʻyicha oʻqitish taʼlimni va sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari bilan birgalikda voyaga yetmagan shaxslarning yoshi, psixologik va jismoniy oʻziga xosliklari hisobga olingan holda, ularning oilalari bilan yaqin hamkorlikda ishlab chiqilgan, maxsus tasdiqlangan dasturlarga koʻra amalga oshiriladi. Oʻqitishga tegishli tibbiy tayyorgarlikka ega boʻlgan mutaxassislar jalb etiladi.

Voyaga yetmagan shaxslarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi xizmatlar davlat tomonidan kafolatlangan va bepul asosda amalga oshiriladi.

Voyaga yetmagan shaxslarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasida axborot berish anonim va maxfiy tarzda amalga oshiriladi.

14-modda. Fuqarolarning reproduktiv salomatligi toʻgʻrisidagi axborot

Fuqarolarning reproduktiv salomatligi toʻgʻrisidagi axborot:

reproduktiv salomatlikning holati haqidagi;

reproduktiv salomatlikni saqlash boʻyicha xizmatlar olish shartlari va usullari toʻgʻrisidagi;

zamonaviy kontratsepsiya usullari, ularning afzalliklari va kamchiliklari haqidagi;

yordamchi reproduktiv texnologiyalarni qoʻllashdagi har qanday psixologik va fiziologik oqibatlar, ehtimoldagi asoratlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.

Fuqarolarning reproduktiv salomatligi toʻgʻrisidagi axborot ishonchli va toʻliq boʻlishi kerak.

15-modda. Yordamchi reproduktiv texnologiyalardan foydalanish

Yordamchi reproduktiv texnologiyalar urugʻlantirishning ayrim yoki barcha bosqichlari ayolning organizmidan tashqarida amalga oshiriladigan homiladorlikka erishishga qaratilgan tibbiy texnologiyalar, davolash usullari va muolajalaridan iboratdir.

Yordamchi reproduktiv texnologiyalardan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.

16-modda. Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash boʻyicha profilaktika chora-tadbirlari

Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash boʻyicha profilaktika chora-tadbirlari quyidagi tadbirlarni oʻz ichiga oladi:

fuqarolarning reproduktiv salomatligi buzilishi xavfini, shu jumladan atrof-muhit va ishlab chiqarish omillarini aniqlash;

reproduktiv salomatlik sohasidagi buzilishlarni aniqlash va davolash maqsadida fuqarolarning majburiy profilaktika tibbiy koʻriklarini (dastlabki va davriy) oʻtkazish;

reproduktiv yoshdagi fuqarolarni va homilador ayollarni reproduktiv salomatlikning buzilishi xavfi hamda uning reabilitatsiyasi haqida xabardor qilish;

fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash boʻyicha taʼlim dasturlarini va ilmiy dasturlarni ommaviy axborot vositalari orqali yoritish;

fuqarolarni sogʻlom turmush tarzini yuritishga va profilaktika tadbirlarida ishtirok etishga ragʻbatlantirish tizimini yaratish, birinchi navbatda, fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash va mustahkamlashga koʻmaklashuvchi hayot tarzini va uslubini ommalashtirish orqali yaratish;

ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklarning, reproduktiv tizim aʼzolari kasalliklarining rivojlanishiga doir xavf guruhlarini ajratgan holda aholini, shu jumladan bolalar va oʻsmirlarni dispanserizatsiyadan oʻtkazish hamda yakka tartibdagi profilaktika dasturlarini ishlab chiqish;

fuqarolarga tibbiy-genetik yordamni takomillashtirish, homiladagi nuqsonlarga erta tashxis qoʻyish uchun yangi perinatal texnologiyalarni joriy etish.

17-modda. Kontratsepsiyadan foydalanish

Fuqarolar kontratsepsiya usullarini tanlash, ulardan foydalanish, shuningdek ularni rad etish huquqiga ega.

Fuqarolarga sogʻligʻining holati, yoshi va individual xususiyatlari hisobga olingan hamda ehtimoldagi har qanday nomaqbul oqibatlar haqida ogohlantirgan holda kontratsepsiya usullarini yakka tartibda tanlash boʻyicha tibbiy yordam koʻrsatiladi.

Fuqarolar kontratsepsiyaning jarrohlik usulidan ixtiyoriy ravishda foydalanish huquqiga ega.

Kontratsepsiyaning jarrohlik usuli faqat oldindan albatta xabardor etilgan holda hamda voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqaroning yoki er-xotinning yoxud fuqaro muomalaga layoqatsiz boʻlsa vasiylarning roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

18-modda. Homiladorlikni sunʼiy ravishda toʻxtatish

Homiladorlikni sunʼiy ravishda toʻxtatish:

homiladorlikning oʻn ikki haftagacha boʻlgan muddatida ayolning xohishiga koʻra;

homiladorning hayotiga xavf soluvchi tibbiy koʻrsatmalar mavjud boʻlganida homiladorlik muddatidan qatʼi nazar amalga oshiriladi.

Tibbiyot muassasalari tibbiy koʻrsatmalarga koʻra homiladorlikni sunʼiy ravishda toʻxtatish toʻgʻrisida yoki homiladorlikni toʻxtatishni rad etish haqida qaror qabul qilgan ayolni uning sogʻligʻi uchun har qanday ehtimol tutilgan salbiy oqibatlar haqida xabardor etishi shart.

19-modda. Yordamchi reproduktiv texnologiyalarni qoʻllashda shifokorlik sirini va axborotning maxfiyligini saqlash

Yordamchi reproduktiv texnologiyalar qoʻllanilishi toʻgʻrisidagi, shuningdek yordamchi reproduktiv texnologiyalar dasturlari ishtirokchilarining shaxsi haqidagi maʼlumotlar shifokorlik sirini tashkil etadi va ular toʻgʻrisidagi axborot maxfiy boʻlishi kerak.

Shifokorlik sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar oʻqish chogʻida, kasbiy, xizmat vazifalarini va boshqa vazifalarni bajarish chogʻida oʻziga maʼlum boʻlib qolgan shaxslar tomonidan ushbu maʼlumotlarni fuqaroning yoki uning qonuniy vakilining roziligisiz oshkor etishga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan hollar mustasno.

Shifokorlik sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni fuqaroning yoki uning qonuniy vakilining roziligisiz taqdim etishga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyiladi:

oʻzining holatiga koʻra oʻz xohish-irodasini bildirishga qodir boʻlmagan fuqaroni tekshiruvdan oʻtkazish va davolash maqsadida;

yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi boʻlganda;

tergov yoki sud muhokamasi oʻtkazilishi munosabati bilan surishtiruv, tergov va prokuratura organlarining, shuningdek sudning soʻrovlariga binoan.

20-modda. Nizolarni hal etish

Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

21-modda. Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

22-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.

23-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.

24-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2019 yil 7 mart

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер