Fuqarolarning davlat hisobidan yuridik yordam olish kafolatlari kuchaytirilmoqda

13:05 31 Oktyabr 2025 Siyosat
412 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Senatning 11-yalpi majlisida “Kam taʼminlangan shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va xalqaro majburiyatlarni bajarish, shuningdek, fuqarolarning odil sudlovga boʻlgan ishonchini oshirishga hamda ularning malakali yuridik yordam olishga boʻlgan huquqlari kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Ushbu Qonun ham mazkur islohotlarning mantiqiy davomi sifatida ishlab chiqilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasida har kim oʻz huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli ekanligi belgilangan.

Lekin kam taʼminlangan shaxslar Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilganda ularga davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish amaldagi qonunda oʻz aksini topmagan.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Mazkur qonun toʻliq yoki qisman davlat hisobidan koʻrsatiladigan, jismoniy shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan malakali yuridik yordam koʻrsatishni yanada takomillashtirishni nazarda tutadi. Jumladan:

– Konstitutsiyaviy sud shikoyat bilan murojaat etgan fuqaroning iltimosiga koʻra, “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatning ishtirok etishini taʼminlash choralarini koʻradi;

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

– kam taʼminlangan shaxslar, agar ular muayyan ishda sud tomonidan oʻziga nisbatan qoʻllanilgan qonunning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi toʻgʻrisida Konstitutsiyaviy sudga murojaat etsalar, ular davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega boʻladilar.

Qonunning qabul qilinishi Konstitutsiyaning 55-moddasida belgilangan – har kim oʻz huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli degan normaning ijro qilinishiga, fuqarolarning qonunlarda buzilgan konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini tiklash yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish imkoniyatining kengayishiga xizmat qilishi senatorlar tomonidan qayd etildi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?