Fuqarolarni noqonuniy tarzda Saudiya Arabistoniga yuborishni vaʼda qilgan shaxslar qoʻlga olindi – DXX (+video)

09:41 14 May 2025 Jamiyat
162 0

Davlat xavfsizlik xizmati “Haj” va “Umra” ziyoratlarini qonunga xilof ravishda tashkil etishga uringan bir nechta sayyohlik firmalari faoliyatiga chek qoʻydi. Toshkent shahri, Fargʻona va Namangan viloyatlarida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida fuqarolarni noqonuniy tarzda Saudiya Arabistoniga yuborishni vaʼda qilgan shaxslar qoʻlga olindi.

Toshkentda faoliyat yurituvchi turistik firmalardan birining toʻrt xodimi uch nafar fuqaroni ishchi vizasi orqali “Haj” safariga, yana bir fuqaroni esa sayyohlik vizasi orqali yuborish evaziga jami 26 ming AQSH dollari talab qilgan. Ulardan 20 ming dollari oldindan olingan va ushbu holatda gumondorlar ushlangan.

Fargʻonada esa Margʻilon shahrida faoliyat yuritayotgan turistik firmalardan birining vakili ikki nafar fuqaro uchun “Umra”, yana uch nafar fuqaro uchun esa “Haj” safarini tashkil qilish evaziga jami 17,4 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida ushlandi.

Namanangan viloyatida ham ikki alohida holat qayd etildi. Ulardan birida, 1999-yilda tugʻilgan shaxs ijtimoiy tarmoqlarda “Haj” safariga olib borish boʻyicha soxta eʼlonlar joylashtirib, uch nafar fuqaroning har biridan 4,9 ming AQSH dollaridan, jami 14,7 ming dollar olgan. Ikkinchi holatda esa Chust tumanidagi turistik firma rahbari tegishli litsenziyasiz “Umra” safarini taklif qilib, uch fuqaroning har biridan 1350 AQSH dollaridan, jami 4050 dollar olib, ushlandi.

Yana bir holatda, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirda, Toshkentda yashovchi shaxs besh nafar fuqaroni “Haj” vizasi orqali ziyoratga yuborishni vaʼda qilgan. U jami 27 ming AQSH dollar evaziga xizmat taklif qilgan va oldindan 13,5 ming dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda. Davlat xavfsizlik xizmati va Din ishlar boʻyicha qoʻmita fuqarolarga murojaat qilib, “Umra” yoki “Haj” safariga borishdan oldin sayyohlik firmalarining rasmiy litsenziyaga ega ekanligini albatta tekshirishni tavsiya etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер