Fuqarolarni xorijga ishga yuborishni vaʼda qilgan “uddaburonlar” qoʻlga tushdi

10:22 27 Oktyabr 2025 Jamiyat
186 0

Janubiy Koreya va Slovakiya davlatlariga ishga yuborishni vaʼda qilgan firibgarlar ushlandi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali xabar berdi.

Unda aytilishicha, Namangan shahridagi xususiy bandlik agentligining norasmiy ishchisi Toʻraqoʻrgʻon tumanida yashovchi 4 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, tanishlari orqali ularni Janubiy Koreya davlatiga ishlash uchun yuborish evaziga 2 ming AQSH dollari talab qilgan.

Shundan soʻng, ushbu shaxs oldindan ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

Shu kabi yana bir holatda esa Namangan shahrida faoliyat yurituvchi turistik firma rahbari ham mansabdor tanishlari orqali oʻz hamshaharini Slovakiya davlatiga ishga yuborish evaziga 40 million soʻm talab qilib, oldindan viza chiqartirib berish uchun 600 AQSH dollari va 2,8 million soʻm olgan vaqtida ushlangan. Maʼlum boʻlishicha, ushbu shaxs muqaddam firibgarlik bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan boʻlgan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 1-qismi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari boshlab yuborilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?