Iroqda yiliga 1 million dollar oladigan futbolchilar bor — Baxtiyor Qosimov
Soʻnggi vaqtlarda oʻzbekistonlik futbolchilar toʻp surayotgan mamlakatlar roʻyxati sezilarli darajada kengaydi. Bunga bir tomondan futbolchilarimiz koʻrsatayotgan sifatli futbol, bir tomondan hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan oqilona islohotlar sabab boʻlmoqda.
“Qizilqum”, “Surxon”, “Andijon”, “Qoʻqon-1912”, OKMK kabi klublardagi faoliyati bilan oʻzbek futboli muxlislariga tanish boʻlgan Baxtiyor Qosimov 2025-yilning avgust oyida Iroq Yulduzlar ligasi vakili “Amanat Bagʻdod” klubiga koʻchib oʻtgandi. Oʻtgan vaqt mobaynida Qosimov chiroyli oʻyinlari bilan jamoa muxlislari ishongan futbolchiga aylanib kelmoqda. U 2025-yilning 30-dekabr sanasida boʻlib oʻtgan “Amanat Bagʻdod” va mamlakatning amaldagi gʻolibi “Al-Shorta” jamoalari oʻrtasidagi oʻyinda chempion darvozasiga 2 ta gol kiritib, jamoasiga gʻalaba keltirdi.
Oʻz navbatida “Xalq soʻzi” sayti ushbu futbolchi bilan intervyu tashkil etdi. Unda Iroq, u yerdagi futbol va boshqa masalalar haqida fikr yuritildi. Quyida ushbu intervyuni mutolaa qilishingiz mumkin.
Assalomu alaykum Baxtiyor. Bizga Iroq chempionatiga koʻchib oʻtishingiz va bu taklif qayerdan kelgani haqida gapirib bera olasizmi?
— Assalomu alaykum sizga va siz orqali butun oʻzbek futboli muxlislariga. Iroq chempionatiga kelishimga Hamid Merix sababchi boʻldi deb ayta olaman. (Izoh: Hamid Merix — eronlik futbol agenti. Jaloliddin Masharipov, Odil Hamrobekov, Jamshid Iskandarov, Abduvohid Neʼmatov va boshqa qator oʻzbek futboli yulduzlari bilan ishlagan va ishlab kelmoqda). U menga Iroq chempionatidan qiziqish borligini aytdi. Koʻp oʻylab oʻtirmay uning taklifini qabul qildim. Boisi bu mamlakatda oʻynash men uchun juda qiziq boʻldi. Shuningdek, men Iroqqa kelgan birinchi oʻzbek futbolchisi boʻldim.
Iroq haqida xalq orasida har xil stereotip fikrlar hali hamon uchraydi. Harqalay yaqin tarixda katta jang maydoniga aylangan davlat. Hozirda bu mamlakatda yashash darajasi qanday?
— Ha, toʻgʻri. Iroq desa koʻpchilikning xayoliga urush maydoniga aylangan mamlakat keladi. Ammo, menga jamoaga oʻtishimdan oldin hozirda bu mamlakatda hammasi joyida ekanini aytishgandi. Kelib bu narsaga oʻzim ham amin boʻldim. Hozirda Iroqda tinchlik hukm surmoqda. Barcha narsa hukumat nazorati ostida.
Iroq chempionati haqida qanday fikrdasiz? Koʻpchilik oʻzbekistonlik muxlislar bu chempionatga mensimayroq qaraydi. Aslida chempionatning darajasi qanday? Oʻzbekiston chempionati va Iroq chempionatini solishtira olasizmi?
— Iroq chempionati haqida maʼlumoti yoʻq odamlar kuchsiz deyishi mumkin. Aslida Oʻzbekiston Superligasi va Iroq Yulduzlari ligasi oʻrtasida katta farq yoʻq. Bu yerda Yulduzlar ligasida 20 ta jamoa oʻynaydi va har bir oʻyin qiyin kechadi. Har ikki chempionatda oʻynagan futbolchi sifatida Oʻzbekiston va Iroq chempionatini teng deb baholagan boʻlar edim.
Iroq chempionati oʻyinlariga boʻlgan qiziqish xalq orasida juda yuqori ekanligi haqida eshitdik. Bu haqda nima deya olasiz? Bu borada Iroq bizdan oldindami?
— Ha, Iroqda futbolga boʻlgan qiziqish juda yuqori. Har bir oʻyinga oʻrtacha 10 ming atrofida muxlis keladi. Shuningdek, Iroq mediasini biznikidan ancha ustunroq deb aytgan boʻlar edim.
“Al-Shorta”ga qarshi oʻyin haqida nimalar deya olasiz? Ushbu jamoa mamlakatning amaldagi chempioni edi. Siz kiritgan 2 gol evaziga chempion magʻlub etildi?
— Ha, unutilmas oʻyin boʻldi deb ayta olaman. “Al-Shorta” Iroqning eng kuchli 3 ta jamoasidan biri, mamlakatning amaldagi chempioni. Xalqaro musobaqalarda Oʻzbekiston klublari bilan ham doimo yaxshi oʻynab kelgan. Bu oʻyinda jamoam men kiritgan 2 ta gol evaziga gʻalaba qozondi. Bundan juda xursandman.
Iroq klublari moliyaviy jihatdan qanday holatda? Iroq chempionatida futbolchilar qancha maosh oladi?
— Iroq klublari moliyaviy jihatdan juda yaxshi holatda. Aniq raqamlar haqida gap ketsa, shuni ayta olamanki, bu mamlakatda yiliga 1 million dollar maosh oladigan futbolchilar bor. Yaxshi bilasizki, Oʻzbekiston futbolida buncha maosh hozirda hech qaysi futbolchiga toʻlanmayapti.
Murod Bobojonovni sizing jamoangizga oʻtishida sizning qanchalik hissangiz boʻldi?
— Hozirda Iroq klublari oʻzbekistonlik futbolchilarga jiddiy qiziqib qolishgan. Mendan markaziy hujumchi soʻrashdi. Men oʻtgan mavsum “Xorazm”da 10 ta gol kiritgan Murod Bobojonovni taklif qildim. Klub uni oʻrganib chiqdi va u bilan shartnoma imzolandi.
Baxtiyor, biz bilan suhbatlashganingiz uchun jamoamiz nomidan minnatdorchilik bildiramiz. Sizga kelgusi faoliyatingizda ulkan zafarlar tilaymiz.
— Sizga ham taklif uchun kattakon rahmat.
Muhammadamin Zuhriddinov suhbatlashdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring