Fuqarolar huquq va erkinliklari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonunlar muhokama qilindi

18:30 07 Yanvar 2025 Siyosat
233 0

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»

Joriy yilning 7 yanvar kuni Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida bir qator qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Majlisda senatorlar, mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari raislari, Yoshlar parlamenti a’zolari, Qo‘mita huzuridagi ekspertlar guruhi a’zolari, qonun tashabbuskorlari, mutasaddi vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida sud-tergov amaliyotida insonning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga qaratilgan ilg‘or va samarali mexanizmlar yo‘lga qo‘yilmoqda.

Jumladan, mazkur Qonun bilan jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxsning erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka oid konstitutsiyaviy huquqlarini sud tomonidan ishonchli ta’minlash maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi joriy etilmoqda.

Tergov sudyalari tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yuritish bosqichida prosessual qarorlarga sanksiya berish va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish masalalarini qonunchilikda belgilash uchun tergov sudyalarining vakolatlari jumlasiga kiritilgan ishlarni ko‘rib chiqish asoslari hamda tartibini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Muhokama davomida senatorlar tomonidan Qonunning qabul qilinishi tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, Qo‘mita majlisida “Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni ham ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining zimmasiga byudjet to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishlarining profilaktikasini ta’minlash, iqtisodiy jinoyatlarni o‘z vaqtida fosh etish, har tomonlama, to‘liq va xolisona tergov qilish sohasida qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.

O‘z navbatida, muhokamadagi Qonun bilan Jinoyat-prosessual kodeksi va “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunga Departamentning jinoyat ishlari bo‘yicha tergovni yuritish borasidagi vakolatlari aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilayotganligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Qonunga muvofiq Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Byudjet kodeksga Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlat moliyaviy nazorati organlarining vakolatlari Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasining zimmasiga yuklatilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilayotganligi alohida qayd etildi.

Muhokama jarayonida senatorlar tomonidan mazkur Qonun sohada qonuniylikni, qonunlar normalarining aniq va bir xil qo‘llanilishini ta’minlashga, shuningdek sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Majlis yakunida Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?