Fransiya Jahon chempionatiga yoʻl oldi, Portugaliya safardan magʻlubiyat bilan qaytdi

10:13 14 Noyabr 2025 Sport
166 0

Kecha, 13-noyabr kuni Jahon chempionati saralashining navbatdagi tur oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Kun doirasidagi muhim bahslarga alohida toʻxtalib oʻtamiz.

Fransiya Jahon chempionatiga yoʻl oldi

Kunning eng katta voqeasi Jahon chempionatining amaldagi vitse-chempioni Fransiya terma jamoasining Jahon chempionatiga yoʻl olgani boʻldi. Didye Desham boshchiligidagi jamoa kecha oʻz maydonida Ukraina terma jamoasini qabul qildi. Oʻyin oldidan fransuzlar hisobida 10 ochko bor edi va ushbu oʻyindagi ehtimoliy gʻalaba jamoaga Jahon chempionati chiptasini taqdim etardi. Amalda ham shunday boʻldi.

Uchrashuvning birinchi boʻlimida Ukraina himoyada tartibli oʻyin namoyish etdi. Natijada boʻlim 0:0 hisobida yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimning 55-daqiqasida Ukraina darvozasiga penalti belgilandi. 11 metrlik jarima zarbasini Kilian Mbappe aniq amalga oshirib, hisobni ochdi.

76-daqiqada Maykl Olise katta sahnaga chiqdi. Ngola Kanteing uzatmasidan soʻng “Bavariya” futbolchisi hisobni 2:0 koʻrinishiga keltirdi. Oradan 7 daqiqa oʻtib, Kilian Mbappe dublga erishdi.

Oʻyinga yakuniy nuqtani esa Xyugo Ekitike qoʻydi. Zaxiradan oʻyinga qoʻshilgan futbolchi 88-daqiqada hisobni 4:0 qilib belgiladi. Shu tariqa oʻyin «fransuzlar“ning yirik gʻalabasi bilan yakunlandi.

Bu orqali Desham jamoasi mundialda ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan 29-jamoaga aylandi. Shu kungacha Yevropadan faqatgina Angliya terma jamoasi Jahon chempionati masalasini muddatidan avval hal etgan edi.

Fransiya — Ukraina 4:0

Gollar: Mbappe (55 penalti, 83), Olise (76), Ekitike (88).

Fransiya — Menyan, Kunde, Saliba, Upamekano, Din, Kante, Kone (Zair-Emeri, 80), Olise, Sherki (Akliush, 68), Barkolya (Ekitike, 67), Mbappe.

Ukraina — Trubin, Karavayev, Zabarniy, Svatov, Mixavko (Zubkov, 75), Mixaylichenko, Ocheretko (Shaparenko, 64), Yarmolyuk (Voloshin, 85), Nazarina, Gutsulyak (Vanat, 64), Yaremchuk (Sыgankov, 76).

Italiya gʻalaba qozondi, biroq…

Soʻnggi 2 ta Jahon chempionatini oʻtkazib yuborgan Italiya terma jamoasi oʻz muxlislarini yaxshigina xafa qilgani aniq. Bu gal ham jamoa soʻnggi tur oldidan mundialga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻl olish imkonini yoʻqotishi mumkin edi. Ammo soʻnggi daqiqalarda kiritilgan gollar evaziga Gattuzo shogirdlari nazariy imkoniyatni saqlab qolishdi.

Lekin bu shunchaki nazariy imkoniyat. Italiya toʻgʻridan-toʻgʻri Jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritmoqchi boʻlsa, soʻnggi turda Norvegiya terma jamoasini 9 ta toʻp farqi bilan magʻlub etishiga toʻgʻri keladi. Chunki reglamentga koʻra, ochkolar teng kelib qolsa, toʻplar nisbati ustunlik beradi.

Ayni vaqtda “italyanlar”da toʻplar nisbati 20-8 ni tashkil etmoqda. Gollandiya jamoasida esa ushbu koʻrsatkich 33-4. Shuning uchun Italiyani faqat moʻjiza pley-offsiz mundialga olib chiqishi mumkin.

Yakunlangan turda Italiya Moldova termasi mehmoni boʻldi. Taʼkidlash kerakki, FIFA reytingidagi 156-oʻrindagi Moldova 80 daqiqa Italiya bilan mardonavor kurash olib bordi.

Hisob 88-daqiqada “Roma” himoyachisi Janluka Manchini tomonidan ochildi. Hakam tomonidan qoʻshib berilgan daqiqalarda esa Franchesko Espozito hisobni 2:0 qildi.

Shu tariqa oʻyin “italyanlar”ning gʻalabasi bilan yakunlandi. Lekin jamoani soʻnggi turda jiddiy sinov kutib turibdi.

Moldova — Italiya 0:2

Gollar: Manchini (88), Espozito (90+3).

Italiya — Vikario, Bellanova, Manchini, Buonjorno, Kambiyazo (Dimarko, 74), Tonali, Kristante, Raspadori (Espozito, 65), Orsolini (Politano, 74), Skamakka (Retegi, 66), Zakkani (Frattezi, 82).

Moldova — Andri Kojuxar, Kalin Revenko, Mixayl Stefan, Artur Krasiun, Daniyel Dumbravanu, Oleg Reabchuk, Serjio Perchun, Vadim Rata, Artur Lonita, Lon Nikolesku, Postolachi.

Portugaliya magʻlubiyatga uchradi

Portugaliya terma jamoasi bu tur safarda Irlandiya bilan kuch sinashdi. Ushbu oʻyindagi gʻalaba jamoani muddatidan avval Jahon chempionatiga olib chiqishi mumkin edi. Ammo bunday boʻlmadi.

Krishtianu Ronaldu sardorligidagi jamoa birinchi boʻlimda raqib darvozasiga 15 ta zarba yoʻlladi, birortasi golga aylanmadi.

Ammo birinchi boʻlimda jami 3 ta aniq zarba yoʻllagan mezbonlar ushbu zarbalarning 2 tasini gol bilan yakunlashdi.

17-daqiqada Niderlandiyaning “Az Alkmaar” jamoasida oʻynayotgan Troy Parrott hisobni ochdi. Taymning soʻnggi daqiqasida esa yana oʻzi hisobni 2:0 koʻrinishiga keltirdi.

Ikkinchi boʻlim ham Portugaliya uchun omadsiz boshlandi. 60-daqiqada Krishtianu Ronaldu raqibga tirsagi bilan zarba bergani uchun maydondan chetlatildi. Bu Krishtianuning terma jamoadagi birinchi qizil kartochkasi boʻldi.

Oʻyin shu tariqa mezbonlarning 2:0 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi. Portugaliya terma jamoasi endi mundialga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanma olishni istasa, soʻnggi turda Armanistonni magʻlub etishi talab etiladi.

Irlandiya — Portugaliya 2:0

Gollar: Parrott (17, 45).

Irlandiya — Kelleher, Kolumen, Kollinz, OʼShi, OʼBrayen, Skeylz (Dann, 86), Azaz (Ebosele, 79), Teylor (Koventri, 68), Kallen, Ogbene (Jonston, 86), Parrott (Ayda, 68).

Portugaliya — Koshta, Kanselu (Semedu, 46), Inasiu (Veyga, 46), Diash, Dalot, R.Nevesh, Vitinya, J.Nevesh (Ramush, 78), Silva (Trinkau, 63), Feliks (Leau, 63), Ronaldu.

Chetlatish: Ronaldu (61).

Angliyadan yana bir gʻalaba

Muddatidan avval mundial masalasini ijobiy hal etgan Angliya terma jamoasi qolgan oʻyinlarni ham yuqori darajada oʻtkazishni maqsad qilgan koʻrinadi. Jamoa bu tur oʻz maydonida Serbiya bilan kuch sinashdi.

Uchrashuv mezbonlarning 2:0 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi. Hisob 28-daqiqada “Arsenal” futbolchisi Bukayo Saka tomonidan ochildi. Birinchi boʻlim 1:0 hisobida tugadi.

Ikkinchi boʻlimning soʻnggi daqiqasida hisob yanada ishonchli koʻrinishga keldi — bu gal zaxiradan tushgan “Arsenal” futbolchisi Eberechi Eze gol urdi.

Shu tariqa oʻyin Angliya terma jamoasining 2:0 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi. Jamoa soʻnggi turda Albaniyaga qarshi maydonga tushadi.

Angliya — Serbiya 2:0

Gollar: Saka (28), Eze (90).

Angliya — Pikford, Jeyms, Stounz, Konsa, OʼRayli, Anderson (Uorton, 85), Rays (Henderson, 65), Saka, Rojers (Bellinghem, 65), Reshford (Eze, 64), Keyn (Foden, 65).

Serbiya — Raykovich, Mimovich, Milenkovich, Pavlovich, Terzich (Radonich, 77), Jivkovich (Yovich, 77), Ilich, Gudel (Samarjich, 69), Lukich (Gruyich, 76), Kostich, Vlaxovich.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?