Fransiya prezidentligiga daʼvogar Le Pen qamoq jazosiga hukm qilindi. Siyosatchi hukmni “siyosiy oʻlim” deb atadi

Foto: AP
Parij sudi parlament yordamchilari ishi boʻyicha fransuz siyosatchisi Marin Le Pen va uning “Milliy birlashish” partiyasining sakkiz nafar deputatini aybdor, deb topdi.
Sud hukmiga koʻra, Le Pen toʻrt yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Shuningdek, siyosatchining besh yilga davlat lavozimlarida ishlashi taqiqlandi. U Yevropa parlamenti mablagʻlarini talon-taroj qilishda aybdor deb topildi. Bundan tashqari, “Milliy birlashish” partiyasining yana sakkiz nafar deputati sudlangan, 12 nafari esa maʼlumotni yashirganlikda aybdor deb topilgan. Sud hukmiga koʻra, ular saylovda qatnashish huquqidan mahrum qilingan.
Shu tariqa Le Pen 2027-yilgi Fransiya prezidentligi saylovida ishtirok eta olmaydigan boʻldi. “Journal du Dimanche” tadqiqotiga koʻra, respondentlarning 37 foizi saylovning birinchi bosqichida unga ovoz berishga tayyorligini bildirgan edi va u boshqa barcha potensial nomzodlar orasida yetakchilik qilayotgandi.
Shu paytgacha Le Pen uch marta Fransiya prezidentligiga daʼvogarlik qilgan. 2012-yilda u birinchi bosqichda Fransua Olland va Nikolya Sarkoziga yutqazgan. 2017 va 2022-yillarda u ikkinchi bosqichga chiqqan, biroq har ikki safar ham Emmanuel Makronga kichik hisobda imkoniyatni boy bergan.
2016-yil dekabrida Parij prokuraturasi Le Pen tomonidan Yevroparlament deputati sifatida yollangan yordamchilar haqiqatda milliy darajada faoliyat olib borayotgani haqidagi maʼlumotni olgach, tergov boshlagan edi. Tergovchilar 2010-yildan beri Le Penning Yevroparlamentdagi yordamchisi boʻlib ishlagan Ketein Grije aslida oʻz partiyasining Nanterdagi (Parij chekkasi) shtab-kvartirasida ishlagani va uning avvalgi yordamchisi Terri Lejer aslida otasi Jan-Mari Penning qoʻriqchisi boʻlganini aniqlagan. Oxir-oqibat, Le Pen va uning partiyasini Yevropa Ittifoqi parlamentning har bir aʼzosiga oʻz yordamchilariga maosh toʻlash uchun ajratadigan oyiga 21,000 yevroni “oʻgʻirlash sxemasini” yaratganlikda ayblashdi.
2024-yil 30 sentabrida Parijda Marin Le Pen va uning sheriklari ustidan sud jarayoni boshlandi (ishda jami 27 kishi, jumladan, sobiq partiya yetakchilari ham jalb qilingan).
Sud qaroriga koʻra, 12 kishi 11-yil davomida Yevropa parlamentida xayoliy ishlagan. Yevropa Parlamentiga yetkazilgan umumiy zarar 4,1 million yevroga baholanmoqda. Sud ularni, jumladan, Le Penni ham shaxsiy boyishga intilmagan, biroq bu partiyaning boyishiga olib keldi, deb topdi.
Le Pen hukmni “siyosiy oʻlim” deb atadi. Bundan tashqari, uning fikricha, sud qarori bilvosita 2027-yilgi prezidentlik saylovlarining qonuniyligini shubha ostiga qoʻyadi. Fuqarolarni demokratik tanlovdan mahrum qilish boʻlajak davlat rahbariga ishonchni yoʻqotishiga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi Le Pen.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring