Forumda oʻrmonchilik sohasi fidoyilari eʼtirof etildi

05:56 28 Mart 2025 Jamiyat
239 0

Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University)da “Xalqaro oʻrmonlar kuni” munosabati bilan xalqaro forum boʻlib oʻtdi.

Forumda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi agentligining mutasaddi xodimlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, oʻrmonchilik sohasi fidoyilari, xalqaro ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Anjumanni Ekologiya vaziri A.Abduhakimov kirish soʻzi bilan ochib, mamlakatimizda oʻrmonzorlar barpo etish, yashillik darajasini oshirish borasida sohada amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, oʻrmon hududlarini kengaytirish va ularni qayta tiklash hozirgi kunda har qachongidan ham muhim ekanligi, ekologiyani muhofaza qilish barchaning burchi ekanligini taʼkidladi. Vazir oʻrmon xoʻjaligi sohasida mehnat qilib kelayotgan xodimlarni ushbu sana bilan samimiy tabrikladi.

Tadbirda Oʻrmon xoʻjaligi agentligi direktori Erkin Muhitdinov soʻzga chiqib, oʻrmon xoʻjaliklarida amalga oshirilayotgan ishlar, choʻllanishning oldini olish, himoya oʻrmonzorlari barpo etishda oʻrmonchi xodimlar koʻrsatayotgan xizmatlar katta ekanini qayd etdi. Shundan soʻng sohada uzoq yillardan buyon samarali faoliyat yuritib kelayotgan bir guruh xodimlar “Oʻrmon fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Taʼkidlash joizki, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi agentligi tomonidan oʻtgan yilda mamlakatimizda oʻrmonlar hududini kengaytirish, yashillik darajasini oshirish, iqlim oʻzgarishlari muammolariga qarshi kurashish va ularning salbiy oqibatlarini yumshatish hamda choʻllanishning oldini olish maqsadida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Joriy yilda ham bu saʼy-harakatlar belgilangan rejaga asosan tizimli ravishda olib borilmoqda.

Zoom platformasi orqali davom etgan muzokaralarda Rossiya Federatsiyasi Oʻrmon xoʻjaligi agentligi direktori Ivan Sovetnikov hamkorlik loyihalari haqida soʻz yuritdi.

Forum doirasida oʻrmonchilar yetishtirayotgan dorivor oʻsimliklar koʻrgazmasi tashkil etildi. Rejissyor Tojiboy Isroilov tomonidan sahnalashtirilgan “Ota ekkan daraxt” spektakli namoyish qilindi. Universitet hovlisiga daraxt koʻchatlari ekildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер