Finlyandiya rasman NATOga aʼzo boʻldi

23:13 04 Aprel 2023 Dunyo
869 0

Foto: Getty Images

Finlyandiya Shimoliy Atlantika alyansining 31 aʼzosiga aylandi.

Finlyandiya tashqi ishlar vaziri Pekka Haavisto NATOning Bryusseldagi qarorgohida AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenga rasmiy hujjat topshirib, aʼzolik jarayonini yakunladi.

Blinken Finlyandiyaning NATOga kirishini “tarixiy kun” deb atadi va bu Ukrainada Vladimir Putin boshlagan urush sabab boʻlganini aytdi.

“Bu janob Putinga rahmat aytishimiz mumkin boʻlgan yagona narsa, chunki u Rossiya agressiyasi bilan oldini olmoqchi boʻlgan jarayonni yanada tezlashtirdi”, dedi Blinken.

“Bu Finlyandiyani xavfsizroq va NATOni yanada kuchli qiladi”, dedi jurnalistlarga NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg.

Finlyandiya Shvetsiyaning NATO aʼzoligiga intiladi, dedi Finlyandiya prezidenti Sauli Niinistyo.

“Finlyandiyaning aʼzoligi Shvetsiya aʼzoligisiz toʻliq boʻlmaydi. Shvetsiyaning NATOga tezroq aʼzo boʻlishi uchun ish tinimsiz davom etmoqda”, dedi Niinistyo bayonotida.

Shvetsiya va Finlyandiya 2022-yilning may oyida NATOga kirish uchun ariza topshirgan edi.

Shu yilning 21-yanvar kuni Daniyaning Islom diniga qarshi “Stram Kurs” partiyasi rahbari Rasmus Paludan Turkiyaning Stokgolmdagi elchixonasi oldida Qurʼonni yoqib yubordi. Aksiya shahar maʼmuriyati bilan kelishilgan va Paludan bunday chiqish uchun toʻlovni amalga oshirgan.

Shundan soʻng, Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan Shvetsiya NATOga aʼzolik masalasida Turkiya yordamiga umid qila olmasligini aytdi.

“Shvetsiyadagi, hattoki diplomatik vakolatxonamiz yaqinidagi bu nopok harakatlar musulmonlar, umuman, barcha insonlar, barcha huquq va erkinliklarni haqorat qilish hisoblanadi”, dedi Turkiya prezidenti.

Uning soʻzlariga koʻra, Shvetsiya Shimoliy Atlantika alyansiga kirishda “endi yordam kutmasligi kerak”, chunki mamlakat “terrorchilarni qoʻllab-quvvatlashda davom etmoqda”.

Shu yilning 1-aprel kuni Rejep Tayyip Erdogʻan Finlyandiya arizasini ratifikatsiya qilishni maʼqulladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?