Filippe Koutinyodan xulosa chiqarmagan Aleksandr Isak

11:05 02 Sentyabr 2025 Sport
415 0

Foto: SI

Kecha, 1-sentyabr kuni “Liverpul” klubi yozgi transferlar oynasida eng koʻp gapirilgan va eng kutilgan transferni amalga oshirdi. “Nyukasl Yunayted”ning shvetsiyalik hujumchisi Aleksandr Isak 150 million yevro evaziga transfer qilindi. Taʼkidlash kerakki, bu Angliya klublarining bir futbolchi uchun sarflagan rekord summa hisoblanadi.

Albatta, bu transfer “Nyukasl Yunayted” klubiga yaxshi daromad keltirdi. Ammo klub Isak bilan juda “sovuq” xayrlashdi.

Klub oʻzining rasmiy saytida Isakning jamoadan ketgani haqida quyidagicha xabar berdi:

“Nyukasl Yunayted oʻz hujumchisi Aleksandr Isakni Britaniya futbolidagi rekord narx evaziga “Liverpul”ga sotganini eʼlon qilamiz. Shvetsiya terma jamoasi futbolchisi 2022-yilda “Real Sosyedad”dan jamoamiz safiga qoʻshilgan va barcha musobaqalarda 109 ta oʻyinda maydonga tushgan”.

Ushbu bayonotda na futbolchining klubdagi faoliyati uchun minnatdorchilik bildirildi, na kelgusi faoliyatida omad tilandi. Hatto “Nyukasl Yunayted” safida nechta gol urgani ham qayd etilmadi. Bundan anglash mumkinki, klub ushbu transferdan umuman rozi emas.

Dastlab “Nyukasl Yunayted” klubi “mersisaydliklar”ning 120 million yevrolik taklifini rad etgandi. Bu holat esa Isakning keskin noroziligiga sabab boʻldi.

Futbolchi klub bazasini tark etdi. Hatto oʻzining sobiq jamoasi “Real Sosyedad” safida mashgʻulotlar oʻtkazdi va ijtimoiy tarmoqda “Nyukasl Yunayted” rahbarlari oʻz vaʼdalarini bajarmayotgani, unga nomdorroq klubdan taklif boʻlsa, transfer qilinishga soʻz berilgani haqida yozdi.

Bunga javoban “Nyukasl Yunayted” quyidagicha izoh berdi:

“Biz Aleksandr Isakning ijtimoiy tarmoqlarda bildirgan fikrlarini afsus bilan qabul qildik. Shuni maʼlum qilamizki, uning klubdan ketishi uchun hech bir rasmiy shaxs tomonidan hech qanday vaʼda berilmagan. Uning klub bilan shartnomasi bor. Biz eng yaxshi futbolchilarimizni saqlab qolishni xohlaymiz, lekin ularning istaklarini ham tinglaymiz. Ammo hozirgi paytda uni sotish imkoniyatiga ega emasmiz. Biz “Nyukasl Yunayted” oilasining bir qismiga aylangan Aleksandrning yaqin kunlarda jamoaga qaytib kelishini kutamiz”.

Lekin yakunda baribir Isak xohlaganidek boʻldi. “Qargʻalar” transferlar oynasi yakunlanish arafasida uni “Liverpul”ga sotdi. Futbolchi uchun hammasi yaxshi koʻrinadi. Ammo Premyer-liga yaqin tarixida bunday voqealar boʻlgan va oxirida futbolchilarning oʻzi yutqazgan holatlar koʻp.

Koutinyo voqeasi

2013-yilning yanvar oyida “Liverpul” klubi “Inter”dan yosh isteʼdod egasi Filippe Koutinyoni 13 million yevro evaziga transfer qiladi. U “mersisaydliklar” safida oʻtkazgan 5-yilida APLning eng yaxshi futbolchilaridan biriga aylanadi. 2016/2017-yilgi mavsumga kelib jamoaning haqiqiy lideriga aylanadi.

Shundan soʻng Koutinyoga “Barselona”, “Bavariya”, “Manchester Siti” kabi klublar qiziqish bildira boshlaydi. Ammo “Liverpul” yaqin orada yana grandlar qatoriga qaytishni istab, uni hech kimga sotmasligini maʼlum qiladi.

“Barselona” dastlab 78 million, soʻngra 97 million yevrolik taklif bilan chiqadi, lekin ular rad etiladi. Shu payt Koutinyo “Barselona”ga oʻtishni qattiq xohlaydi va rahbariyatdan sotishlarini, Kataloniyada katta sovrinlar yutishni istashini aytadi.

“Liverpul” rahbarlari jamoaga Yurgen Klopp kelganini, yaqin orada katta yulduzlar olib kelinishini va “mersisaydliklar” ham Yevropa sovrinlari uchun kurashishini aytadi. Biroq braziliyalik futbolchi ishonmaydi va “Barselona”ga ketish fikrida turib oladi.

U mashgʻulotlarda yaxshi ishlamaydi, hatto sogʻlom boʻlsa ham turli bahonalar bilan oʻyinlarda maydonga tushmaydi. Oxiri “Liverpul” uni sotishga majbur boʻladi.

Lekin ushbu transferdan soʻng, “Liverpul”ni emas, Koutinyoning ishlari chappasiga ketadi. U ketganidan soʻng, “qizillar”da Roberto Firmino, Sadio Mane va Muhammad Saloh triosi shakllanadi va bir necha yil Yevropani titratadi. Klub u ketganidan soʻng oʻtgan yaqin 5-yilda Angliya Premyer-ligasi, UYEFA Chempionlar ligasi va Klublar oʻrtasidagi Jahon chempionati kabi katta turnirlarda gʻolib boʻladi. Yurgen Klopp boshchiligidagi “Liverpul” 2018/2019-yilgi UYEFA Chempionlar ligasi yarim finalida Koutinyoning “Barselona”sini sharmandalarcha magʻlub etib, musobaqa finaliga yoʻl oladi.

Koutinyo esa “Barselona”ga moslasha olmaydi. Shu sabab dastlab, “Bavariya”, soʻng “Aston Villa” kabi klublarga ijaraga beriladi. Hatto 2023-yili Qatarning “Al-Duxail” jamoasida ham oʻynaydi. Hozirda u Braziliya chempionatida toʻp surib kelmoqda. Shu tariqa “Liverpul”da yurgan paytida Oltin toʻpga daʼvogar sifatida eʼtirof etilgan futbolchi, oʻz xohishlari qurboniga aylanadi.

Isak bilan ham xuddi shunga oʻxshash voqea yuz bermoqda. Lekin albatta, bu har qanday holatda ham “Liverpul”da Aleksandrni baxtsiz kelajak kutyapti, degani emas. Angliya futbolida Robin van Persi kabi asosiy raqibi safiga oʻtib, oʻz orzusi roʻyobga chiqqan futbolchilar ham bor. Bu ishlarning oxiri qanday tugaydi? Yaqin yillarda bilib olamiz...

Muhammadamin Zuhriddinov,

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер