FIFA Argentinaga nisbatan intizomiy ish ochdi. Jamoa jahon chempionatidan chetlatiladimi?

19:56 10 Dekabr 2022 Sport
1302 0

Foto: Reuters

Qatarda davom etayotgan jahon chempionatining chorak finalida Argentina Niderlandiyaga qarshi bahs olib bordi. Ushbu uchrashuvning asosiy va qoʻshimcha boʻlimlari 2:2 hisobida yakunlandi hamda oʻyinda argentinaliklar penaltilar seriyasidagi 4:3 hisobida gʻalaba qozondi.

Mazkur bahsni ispaniyalik hakam Antonio Mateu Laos boshqarib bordi va oʻyin davomida umumiy hisobda 15 ta sariq kartochka koʻrsatdi. Bu jahon chempionatlari tarixidagi rekord koʻrsatkich hisoblanadi.

«Mundo Deportivo» nashri xabariga koʻra, FIFA Argentina terma jamoasiga nisbatan intizomiy ish ochgan. Bunga 3 ta jihat — Lionel Messining Niderlandiya murabbiylar shtabi bilan janjallashib ketgani hamda hakamni keskin tanqid qilgani, Argentina darvozaboni Emiliano Martinesning bosh hakam Mateu Laosni jahon chempionatlari tarixidagi eng yomon hakam, deya atagani va argentinalik futbolchilarning oʻyin davomida sodir etgan nomaqbul xatti-harakatlari asos boʻlgan.

Oʻyin yakuni arafasida Argentina terma jamoasi aʼzosi Leandro Paredes raqib jamoa aʼzosini atay oyogʻidan chalib, keskin janjal kelib chiqishiga sababchi boʻlgan. Shuningdek, Otamendi va boshqa argentinaliklar Niderlandiya zaxira futbolchilari oldiga borib penaltilar seriyasidagi golni masxara qilib nishonlashgan. Intizomiy ish boʻyicha yakuniy qaror tez orada eʼlon qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?