Fidoyi ustoz xotirasi yod etildi
Foto: Xalq so‘zi
— Oʻtgan asrning 60- yillari edi, — deya eslaydi jondorlik keksa muallim, 81 yoshli Joʻra Joʻrayev. — Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi BuxDU) da oʻqirdim. Xotiram juda kuchli edi. Baholarim - “aʼlo”. Ammo mantiq fanidan imtihon topshirar mahalimiz bizga saboq bergan oʻqituvchini malaka oshirgani Toshkentga yuborishdi. Oʻrniga bizni tuzukroq bilmagan domla imtihon oldi. Oʻzimga ishonchim kuchliligi bois savollarga tayyorgarlik koʻrmayoq javob bermoqlik uchun oʻqituvchidan izn soʻradim. Rozi boʻldi. Lekin javoblarimni tinglagach, “4” baho qoʻyishga chogʻlandi. Koʻnmadim. Qoʻshimcha savollar berdi. Javob berdim. Qaysi manbaga tayanganimni soʻragandi, stolida turgan kitobga ishora qilib, “141- sahifada shunday deb yozilgan”, deya javob qaytardim.
Oʻqituvchi “Bu fanni mening oʻzim ham «5” bahoga bilmayman. Sizga “4” qoʻyaman», deb turib oldi. Uzoq tortishdik. Bir mahal eshik ochilib kutilmaganda institut rektori, professor Juma Namozov kirib keldi. Rektor oʻqituvchiga qarab, “Domla, men bu talabaning qoʻshimcha savollaringizga bergan javoblarini eshik ortida tinglab turdim. Mabodo, «10” baho qoʻyish imkoni boʻlganida men bu bahoni shu yigitchaga ravo koʻrgan boʻlur edim», dedi.

Imtihondan qushday yengil boʻlib chiqdim. Keyin bilsam, bizning tortishuvimizni kimdir kabineti sal narida joylashgan rektorga yetkazgan, u kishi atayin kelib bahsning nima bilan yakunlanishini kuzatib turgan ekan. Oʻshandan buyon “Ustoz” deyishganida Juma Namozovga oʻxshab yoshlarni qoʻllab - quvvatlagan, shogirdlariga qoʻl – qanot boʻlgan insonlar koʻz oldimga keladi.
Darhaqiqat, institutga oz emas, koʻp emas, 17 yil davomida rektorlik qilgan J. Namozov koʻpchilikning yodida adolatparvar, fidoyi, ajoyib tashkilotchi sifatida qolgan. Shu oʻrinda birgina misol. Buxoro davlat universitetining hozirgi muhtasham oʻquv binolari, talabalar yotoqxonalari aynan shu insonning yelib-yugurishi, tashkilotchiligi ortidan bunyod etilgan.
— Juma Namozov 1922-yilning 12-noyabrida Qiziltepa tumanida tugʻilgan, — deydi ustozning shogirdi, BuxDU professori, tarix fanlari doktori Sulaymon Inoyatov. — Maktabda “aʼlo” baholarda oʻqigan. Qoʻlidan kitobu gazeta- jurnallar tushmagan. Bilimi, zukkoligini hisobga olgan xalq taʼlimi masʼullari oʻrta maktabni tugatgan zahoti uni oʻqituvchi sifatida ishga qabul qilganlar. Bunaqasi kamdan-kam boʻlgan.
Prezidentimiz shu yil 1-oktyabr-Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan yoʻllagan tabrigida “Muallimning obroʻ-eʼtibori — bu, avvalo, millatning, butun xalqning obroʻ- eʼtiboridir”, degan soʻzlar bor. Bu eʼtirof nafaqat biz, balki bugun oramizda boʻlmagan ustoz va murabbiylarga ham berilgan yuksak bahodir. Agar iqtisodiyot fanlari doktori, professor Juma Namozov hayot boʻlganida bugun 100 yoshga kirgan boʻlur edi.
Shu munosabat bilan Buxoro davlat universitetida xotira kechasi oʻtkazildi. Tadbirda universitet rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Obidjon Hamidov hamda Juma Namozovning shogirdlari, hamkasblari soʻz olib, ustozning insoniy fazilatlari, yuksak tashkilotchiligi, bagʻrikengligi haqida gapirdilar. Universitet professor – oʻqituvchilari, J. Namozovning yor- birodarlari, talaba – yoshlar ishtirok etgan tadbirda ustoz haqidagi xotiralar jamlangan kitob taqdimoti ham oʻtkazildi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Reuters: Asadning Moskvadagi tarafdorlari Suriyada qoʻzgʻolon rejalashtirmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring