Farzandlar kamoli bugungi farovon hayotimiz va yorugʻ kelajagimiz poydevori

Yuragimizning eng tubida nodir gavhardek asrab yurganimiz Vatan bizga til-zabon berdi, aql-idrokli qildi, tafakkurimizni charxladi, milliy eʼtiqodimizni tarbiyaladi. Shuning uchun ham Vatan — eng ulugʻ tuygʻu va u onadek qadrli hamda muhtaram.
Oʻzbekistonimizda eng ulugʻ, eng aziz ayyom zoʻr tantana sifatida nishonlandi. 1991-yilda tugʻilgan farzandlar bugun 34 bahorni qarshiladi. Keling, yoshlarimizning biz barpo qilayotgan yangi Oʻzbekistonni qurishga qoʻshayotgan hissasi va uchinchi Renessansga poydevor qoʻyish yoʻlida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar haqida fikr yuritaylik. Yurtimizning jahonda maʼlum-u mashhur boʻlib borayotganida, albatta, ilmga intiluvchi, maʼnaviyatli va shijoatli oʻgʻil-qizlarimizning ham hissasi beqiyos.
Mehr ulashayotgan bola
— Oling, amaki, hayotingiz shirin boʻlsin!
Notanish bola qoʻlidan shirinlikni olish bahonasida, u bilan tanishishga ham ulgurdik. Elyor Nurillayev Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanidagi Tinchlik mahallasidan ekan. Shu yil maktabni bitirib, Toshkent shahridagi “Millat umidi” xalqaro universitetiga oʻqishga qabul qilinibdi. U universitetda ingliz tilini yanayam mukammal oʻrganish uchun oʻqishga kiribdi.
Aytmoqchi, “Kelgusida kim boʻlmoqchisan?” deb soʻraganimizda, uning “Millatning umidi boʻlmoqchiman”, degan javobi koʻnglimizni togʻdek yuksaltirdi. Keyin u biroz oʻylanib turdi-da, kim boʻlishimdan qatʼi nazar, elga nafim tegadigan odam boʻlmoqchiman, dedi. Va nega odamlarga shirinliklar hadya qilib yurganining sabablarini izohlashga tushdi.
— Men shirinlik ulashib, xalqimiz yuzida, ozgina boʻlsa-da, tabassum uygʻotishni istayman, — deydi u. — Elning quvonchi biz kabi yoshlarning quvonchi-da. Odamlar qalbidagi bayramona shukuhga mening ham kamtarona hissam qoʻshilsa, deyman. Shirinliklar — mehr ramzi. Axir bir-birimizga mehr ulashishdan ham ulugʻ narsa bormi? Mehr shu jonajon oʻlkaning suvini ichgan har bir kishi yuragini ilitsa, shu emasmi oqibat?
Elyorning ortidan qarab qoldik. U yoʻlida uchragan har bir kishiga shirinliklar ulashar, hadyani qabul qilib olgan odamlar yuzidagi tabassum esa nihoyatda goʻzal edi...
Biz doim yoshlar haqida gap ketsa, salbiy fikrlarni qalashtirib tashlaymiz. Qulogʻida “naushnik”, qoʻlida telefon, kitob oʻqimaydi, keksalarning gapiga quloq solmaydi, deymiz. Aslida esa oʻgʻil-qizlar orasida Elyor kabi ingliz tilini mukammal biladigan, shu bilan birga, maʼnaviyatni, madaniyatni, milliy qadriyatlarni unutmagan, yurt ertasiga daxldorligini yurakdan his qiladigan farzandlarimiz juda koʻp.
Darvoqe, bugun oʻgʻil-qizlarimiz orasida chet tillarini oʻrganishga qiziqish oshib boryapti. Bu dunyo bilan integratsiyalashib borayotganimiz va oʻzbek yoshlari hech kimdan kam emasligini koʻrsatadigan omillardan biridir. Birgina misol, soʻnggi uch yilda til oʻrganayotgan yigit-qizlar soni 2 million nafardan oshgani ularning zehni oʻtkir va qobiliyatli ekanidan dalolat berib turibdi. “IELTS” imtihoni — til oʻrganishning muhim mezoni. Bu imtihondan yuqori ball olgan yoshlarimiz soni 5 karra oshgani ham yuqoridagi fikrimizni tasdiqlaydi. Bilasizmi, yurtimizdagi yoshlar siyosati xalqaro jamoatchilik tomonidan ham eʼtirof etilayotgani kishini bir quvontirsa, Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Yoshlar — 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoridan joy olgani koʻngillarni yanada oʻstiradi...
El-yurt umidlari roʻyobi
Ilmga chanqoqlik — bugungi yoshlarimizga xos eng ulugʻ fazilatlardan biri. Farzandlarimiz qalbida oʻqishga, ilmli boʻlishga ishtiyoqni uygʻotayotgan omil yurtimizda taʼlim-tarbiyaga eʼtibor nihoyatda kuchayayotgani, davlat tomonidan ragʻbat va qulaylik yaratilayotgani, desak, mubolagʻa emas. Aytaylik, avvalgi 25-yil ichida davlat hisobidan 800 nafar yigit-qiz xorijga oʻqishga ketgan boʻlsa, birgina “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali soʻnggi yetti yilda 2 300 nafar vatandoshimiz shunday imkoniyatga ega boʻldi.
Axir dunyoning manaman degan universitetlarida qorakoʻzlarimizning ajnabiy tilda burro-burro gapirib, zoʻr talaba boʻlib oʻqiyotgani har birimizda Qurur uygʻotishi barobarida ota-onalar oʻz farzandini ular qatorida koʻrishni istayotgani ham bor gap. Demak, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali xorijda tahsil olayotgan farzandlarimiz safi kelgusida yanada koʻpayishi turgan gap. 110 ming nafar oʻgʻil-qizimiz xorijdagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgani istiqlol bergan shirin mevalar, desak, sira xato boʻlmaydi.
Mavridi kelganda bir eslaylik, huv, oʻsha bobolarimizning bobolari xorijga oʻqishga borganida boshiga ne-ne kulfatlar tushgani haliyam yuraklarni zirillatadi. Millatning oydinlari yurtni taraqqiy ettirish uchun ilmli kadrlarga ehtiyoj sezilayotganini anglab, oʻsha paytda “Koʻmak” uyushmasini tuzib, mablagʻ toʻplab, qorakoʻzlarni Germaniyaga oʻqishga yuborishgan. Afsuski, ular tahsil olib yurtga qaytgach, mislsiz qiynoq, qamoq jazosi, baʼzilari esa otib tashlangani kishini dahshatga tushiradi.
Mustaqillik, Oʻzbekiston suvereniteti xalqimiz uchun qanchalik qadrli ekanini oʻsha davrlardagi xunrezliklarni eslab ham anglash qiyin emas. Gohida gugurtning bir tiyinligini roʻkach qilib, oʻsha kunlarni qoʻmsayotganlar, millat or-nomusi, qadr-qimmati bir tiyin boʻlganini nahotki oʻylab koʻrishmaydi?.. Bugun davlatimiz tomonidan farzandlarimizning ilmli, maʼrifatli va yetuk, professional kadrlar boʻlib voyaga yetishi uchun qilinayotgan gʻamxoʻrliklarni koʻrib, oʻsha mashʼum kunlarni bir esga olib qoʻysak, xato boʻlmas axir.
“Ustoz, siz haq ekansiz...”
...Gulchehra opa qizarib pishgan nonlarni tandirdan uzib olayotgan paytda mobil telefoni jiringladi. U nonlarni savatga joylar ekan, qoʻngʻiroq uzoq Yaponiyada tahsil olayotgan shogirdidan ekanini koʻrib, shoshib qoldi.
— Va alaykum assalom, Jahongir, — deya oldi, xolos. Koʻzlaridan oqayotgan shashqator sevinch yoshlari unga gapirishga izn bermasdi. Oʻzi taʼlim bergan oʻquvchisi Yaponiyadagi nufuzli universitetda oʻqiyotganidan quvonmay boʻladimi? Shogirdning muvaffaqiyati ustoz uchun katta mukofot-ku! Shuning uchun ham Gulchehra muallimning quvonchi koʻz yoshlarida aks etdi. Buni sezib turgan Jahongir ham bir pas tin oldi.
— Ustoz, siz haq ekansiz, “Odamzodning imkoniyati cheksiz, hamma narsaga erishsa boʻladi”, degan fikringiz oʻzini oqladi. Yaponiyada eng iqtidorli talabalar roʻyxatiga kirdim. Bunda sizning mehnatingiz buyuk...
Nishon tumanida boshlangʻich sinflarga saboq berib, ayni paytda keksalik gashtini surayotgan muallima Gulchehra Bozorova bu soʻzlardan mukofot olgandek quvondi. Xorijda oʻqiydigan har bir shogirdini unga berilgan mukofot deb hisoblasak, sanashga barmoqlar yetmaydi. Oʻqituvchi aslida shunday shogirdlar tayyorlasa, kasbiga sadoqati, yutuqlari shu bilan baholanadi. Bugun yurtimizdagi maktablarda ana shunday fidoyi oʻqituvchilar safi tobora kengayib borayotganini bitiruvchilarning nufuzli oliygohlar talabasi boʻlayotgani misolida kuzatish mumkin. Yoki oʻtgan yili maktablarni 14 mingdan ziyod oʻquvchilar oltin va kumush medallar bilan bitirgani zamirida oʻqituvchilarning zahmatli mehnati mujassam emasmi? “Katta beshlik” fan olimpiadalarida qoʻlga kiritilgan medallar oxirgi toʻrt yilda 2 karra koʻpaygani-chi? Ana shu raqamlar ortida yotgan zahmat va uyqusiz tunlar millat uchun qaygʻurish va mamlakat taraqqiyoti uchun masʼullik sharafi, desak, sira yanglishmaymiz.
Gohida “Institutni muvaffaqiyatli bitirib, qoʻlimga diplomni oldim, lekin ish topa olmayapman...” degan gaplarni eshitib qolamiz. “Ha, ish oʻrni yoʻq, shuning uchun yoshlarimiz xorijga chiqib ketgan”, deya ularning fikrini maʼqullaydigan kishilar ham topiladi. Agar muammoga chuqurroq nazar tashlaydigan boʻlsak, aslida ayb oʻsha yosh mutaxassisning ishga layoqati bilan bogʻliq. Chunki yaxshi mutaxassisga kompaniya va korxonalar eshigi doimo lang ochiq. Ular yetuk va zarur bilimga ega mutaxassisni jon-jon deb ishga qabul qilishadi. Koʻrinib turibdiki, ishli boʻlish uchun oʻz kasbini chuqur bilish va katta salohiyatga ega boʻlish talab etiladi. Masalan, hozirgi kunda biznesdagi aylanma mablagʻini 1 million AQSH dollaridan oshirgan yosh tadbirkorlar soni 1,5 ming nafardan ortib ketdi. Eʼtiborlisi, qanday mutaxassis oʻz aylanma mablagʻini million dollarga yetkaza oladi? Albatta, oʻz sohasini mukammal bilgan, ilm-u salohiyati oʻtkir mutaxassis bunday ulkan natijani qayd etadi. Diplom uchun emas, ilm uchun oʻqish davri keldi. Sandiqda chang bosib yotgan diplomlarning esa hech kimga keragi yoʻq.
Duo bilan el koʻkarar
Otalar choyxonasida gurung qizigandan qiziydi. “Instagram” yoki “YouTube”dan ham bunday ajabtovur gapni topa olmaysiz. Mahallaning u boshidan kirib, bu boshidan chiqishadi bu gurungchi keksalar. Gʻiybat-u adovat yoʻq bu suhbatlarda. Yurakdan aytiladi hamma gaplar. O, Neʼmat ota, uni gapi juda keskir, hammani ogʻziga qaratadi. Yuzing-koʻzing demay, tarbiyasi yomon bolalarning ota-onasini gap bilan savalaydi, kibrdan kerilib ketgan zamonaviy boyvachchalarni bir gap bilan oʻtirgʻizib qoʻyadi. Polvon boʻlmaganmi, salomlashsangiz, qoʻlingiz uch kun ogʻrib yuradi. Bugun Neʼmat ota yangi gap topib keldi.
— Shu deyman, mahallamizda bir tadbirkor yigit savob ishga qoʻl uribdi, — dedi otaxon soqolini tutamlab.
— Kim ekan, aniqroq gapiring, — deyishdi davradagilar.
— Ahrorjonni aytyapman, oʻz mablagʻidan qishloqqa asfalt yoʻl tortib kelyapti.
— Ey, shu yigitning otasiga... — dedi-yu Neʼmat otaning gapi uzilib qoldi...
Davrada Ahrorjonning otasi Nusratulla ham oʻtirgan edi. U har kuni ichib yurishi, gohida koʻchalarda mast holda qolib ketishini hamma biladi. Shuning uchun “Tadbirkorning otasiga rahmat” degan gapni aytishga otaxonlar ikkilanib qolishdi. Nusratulla oʻrnidan turdi-yu, joʻralarining hayhaylashiga qaramay chiqib ketdi. Keksalar uning hamiyatiga tegishgan edi. Uning ori keldi. Oʻzi dunyoga keltirgan, oʻqitgan, odam qilgan oʻgʻilga munosib ota boʻla olmayotgani uchun oʻksindi.
Gohida oʻgʻil ham otaga ibrat boʻladi, desak, ayni haqiqatdir. Shu voqeadan soʻng Nusratulla ichishni butkul tashladi. Boshqa odamga aylandi. Hovlisida bogʻ yaratdi, uning ishkomida yetilgan sarxil uzumlarni koʻrib, odamlar havas qiladigan boʻldi. Bir kuni oʻgʻli unga “Dada, sizga rahmat”, dedi. Ota esa “Yoʻq, bolam, senga rahmat, sen ibrat koʻrsatding”, dedi. Endi davralarning eng toʻri Nusratullaniki boʻldi.
Demak, gurungchi otalar davrasi ham yoshlar-u kattalar uchun ibrat maktabi vazifasini oʻtayapti. Yoshlar ruhiyatini koʻtarishda, ularga mehnatga ragʻbat berishda keksalardan oʻtadigani yoʻq. Qaysi mahallaning keksalari donishmand, oqil va dono boʻlsa, oʻsha hududda baraka bor, fayz bor.
Mana birgina misol. Shahrisabzlik yosh tadbirkor Mahliyo Mannonova bundan toʻrt yil oldin mahalla keksalaridan duo olib, turmush oʻrtogʻi Nodir Mannonov bilan iroqi kashtachilik, zargarlik buyumlari, milliy liboslar kabi bir necha turdagi hunarmandchilik buyumlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan edi. Buni qarangki, toʻrt yil ichida mahsulotlar 50 turdan oshib, Turkiya va Yevropa davlatlariga eksportga chiqarish ham yoʻlga qoʻyilibdi. 200 nafar mahalliy yoshning doimiy ish bilan band etilganini aytmaysizmi? Hozir ular Qamashi tumanida 250 nafar xotin-qizni kasbga oʻrgatishayotgan ekan.
— Albatta, men nuroniylardan duo olib shunday muvaffaqiyatlarga erishdim, — deydi “Shahrisabz hunarmandlar klasteri” MCHJ rahbari Mahliyo Mannonova. — Oʻtgan yili qilgan kamtarona mehnatimiz davlatimiz rahbari tomonidan eʼtirof etilib, “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandim. Bu yil Prezidentimizning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida u kishi bilan uchrashish baxtiga muyassar boʻldim. Oʻzimning yangi loyihalarim haqida maʼlumot berdim. Prezidentimizning tadbirkorlar bilan uchrashuvida ishtirok etish asnosida yanada yangi ruh, shijoat oldim.
Aytmoqchi, yosh tadbirkorlar faoliyati qoʻllab-quvvatlanayotgani, ular qalbida Qayrat-shijoat toshib borayotgani natijasida bugungi kunda mamlakatimizda ishsiz yoshlar soni 2 karra kamaydi. Ishsizlikdan xoli mahallalar soni 1 889 taga yetdi. Oʻtgan 8-yilga bir nazar tashlaydigan boʻlsak, davlatimizning qoʻllab-quvvatlovi bilan yosh tadbirkorlar soni 3 karra koʻpaydi va ular biznes sohasi vakillarining salkam 40 foizini tashkil etayotgani ham kishini quvontiradi.
Bugungi kunda chuqur mamnuniyat bilan baralla ayta olamizki, yoshlarimiz bizning faxrimiz, gʻururimiz va koʻzimizning oq-u qorasi. Ularning butun dunyoda fan, taʼlim, madaniyat va sport sohalarida qoʻlga kiritayotgan olamshumul yutuq va gʻalabalari yurtimiz shaʼni, gʻururi va obroʻ-eʼtiborini yanada yuksaklarga koʻtarib, Oʻzbekistonning dunyo hamjamiyatidagi nufuzini oshirmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan nutqida aytilganidek, “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson boʻlib kamolga yetishi bilan bogʻliq. Bizning asosiy vazifamiz — yoshlarning oʻz salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zoʻravonlik Qoyasi “virusi” tarqalishining oldini olishdir”.
Faxriddin BOZOROV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring