Farmonbibining “halollik vaksinasi”

10:10 27 Fevral 2024 Jamiyat
440 0

Dunyo yaralibdiki, inson bir bedavo dard bilan ayovsiz kurashib keladi. Tibbiyotdagi yuksak taraqqiyot va olamshumul kashfiyotlar ham bu kasallikka davo topolmay, uning qarshisida ojizlik qilmoqda. Bu — korrupsiya, yaʼni qorin qaygʻusida nafsning istagiga tobelik, desak, xato boʻlmaydi. Uni esa faqat “halollik vaksinasi” bilan davolash mumkin. “Halollik vaksinasi” inson qalbiga igna bilan emas, iymon nuri orqali oʻtib, uning vijdonini poklaydi. Bola tugʻilganidayoq unga ona suti orqali “halollik vaksinasi” singib boradi. Bu immunitetni shakllantirish, eng avvalo, ota-onalar, qolaversa, xalqimizning ziyoli, maʼnaviyatli qatlami zimmasidagi muhim vazifa.

Onaning gapini ikki qilmagan oʻgʻillar

Bu haqda gap ketganda, Said Ahmadning “Kelinlar qoʻzgʻoloni” spektakli esga tushadi. Gap shundaki, satira va yumorga boy bu asarda oʻta jiddiy, tomoshabinni oʻyga choʻmdiradigan sahnalar ham bor. Masalan, davlat mulkini talon-toroj qilgani uchun qamoqqa olingan farzandini 15 ming soʻm (oʻsha vaqtda katta pul) pora evaziga chiqarib olmoqchi boʻlgan ayol Farmonbibiga murojaat qilib, undan bu masalada militsioner oʻgʻli yordam berishida vositachi boʻlishni soʻraydi. Shunda Farmonbibi oʻgʻillarini chaqirib bunday deydi:

— Bolajonlarim, men sizlarga harom tomoq yedirganmanmi? Oʻgʻirlik qil deb oʻrgatganmanmi?

— Yoʻq, — deydi bir ovozdan yetti oʻgʻil.

— Bir gapimni ikki qilganmisizlar, oʻrtaga tushsam pora olasizlarmi?

— Oyijon, sizni hurmat qilamiz, lekin bu iltimosingizga yoʻq deymiz.

— Hammalaringga ming rahmat! Ming marta qulluq, — deb Farmonbibi farzandlariga taʼzim qiladi. Bu taʼzim zamirida bolalariga halollikdan bergan saboqlari besamar ketmagani, ularning diyonatli va toʻgʻrisoʻz boʻlib ulgʻayganiga shukronalik tuygʻusi bor edi. Va Farmonbibi pora taklif qilayotgan ayolga yuzlanib:

— Endi xafa boʻlmaysiz, mening oʻgʻillarim shunaqa, gapga koʻnmaydiganlar xilidan, — deya kesatiq qiladi.

Farmonbibi obrazi oʻta qattiqqoʻl, hammaga oʻz hukmini oʻtkazadigan ayol sifatida tasvirlanganiga qaramasdan xalqimiz mehriga sazovor boʻlganining boisi ham uning yuragi tozaligi, farzandlarini halol luqma bilan boqqani, ularni oʻgʻirlik, harom-xarishdan yiroq boʻlishga undaganidadir, aslida. Bugun dunyoda eng global muammo boʻlib turgan korrupsiyaning oldini olishda onalarning oʻrni nihoyatda katta ekani shu asarda yorqin boʻyoqlarda aks ettirilgan. Binobarin, onaning halolligi, harom luqmadan hazar qilishi farzandlarga ham yuqadi. Ana shuning oʻzi Farmonbibining ona suti orqali oʻtgan “halollik vaksinasi”dir.

Korrupsiya ildizi oiladagi tarbiyaga borib taqalishini oʻgʻli qamalib, Farmonbibidan najot soʻrab kelgan ayolning gaplaridan ham anglasa boʻladi. U “Oʻzi yemay, yeganni koʻra olmaydigan insofsizlar koʻpayib ketdi, bittagina arzanda oʻgʻlimni qamab qoʻyishdi” deydi. Koʻryapsizmi, ayol “yeganni koʻra olmaydigan” deganda huquq-tartibot organlari xodimlarini nazarda tutyapti. Davlat mulkini talon-toroj qilgan oʻgʻlini oqlab, uni hibsga olganlarni ayblayapti. Demak, u oʻgʻli noqonuniy ish bilan shugʻullanayotganidan xabardor boʻlgan va buni notoʻgʻri deb hisoblamagan.

Afsuski, bunday holatlar jamiyatimizda koʻp uchraydi…

Shamol boʻlmasa daraxtning uchi qimirlamaydi

Taʼbir joiz boʻlsa, korrupsiya saraton xastaligiga oʻxshaydi. Bu kasallik inson tanasining turli aʼzolariga tarqalib borgani kabi u ham jamiyatning barcha sohasida tomir otib, uni falajlaydi. Masalan, taʼlim tizimini olaylik.

Tan olish kerak, uzoq yillar oliy taʼlimda korrupsiya hukmronlik qilib, oʻqishga kirishdan tortib, talabaning oʻqish jarayonida ham ilm emas, shaxsiy manfaatdorlik ustunlik qildi. Oʻqishga kiritib qoʻyishda turli firibgarliklar avj oldi. Telefonni yashirincha olib kirib, undan foydalanish, pulini toʻlagan abituriyentlarga tayyor javoblarni yetkazib berish, “bunker”lar tashkil qilish kabi qallobliklar bilimli qolib, bilimsiz bolalar talabalikka qabul qilinishiga olib keldi.

Shukrki, bugun bunday illatlarga barham berilmoqda. OTMga bilimli, salohiyatli yoshlar qabul qilinyapti. Yurtimizda taʼlimda dunyo standartlariga chiqish yoʻlida tinimsiz saʼy-harakatlar olib borilyapti.

Lekin “Oʻrgangan koʻngil oʻrtansa qoʻymas” deganlaridek, bugun ham pana-pastqam joylarda abituriyentlarni “ovlab” yurgan firibgar shaxslar ahyon-ahyonda uchrab turibdi. Mana bir misol. Korrupsiya holatlari haqida xabar beruvchi “Xavfsizlik” telegram kanali maʼlum qilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi va viloyat IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Namangan davlat universiteti oʻqituvchisi oʻzganing ishonchiga kirib, tanishlari orqali uning qarindoshini Qirgʻiz Respublikasidagi oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kiritib, soʻngra Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasasiga koʻchirib berishni vaʼda qilgan va buning evaziga 4 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Yoki Samarqand viloyatining Pastdargʻom tumanidagi umumtaʼlim maktabining ingliz tili oʻqituvchisi tanishlari yordamida Toyloq tumanida yashovchi fuqaroning xorijiy oliy taʼlim muassasasi talabasi ekanligi toʻgʻrisida soxta hujjat tayyorlab, Samarqand davlat tibbiyot universitetining 2-bosqichiga oʻqishga kiritib qoʻyish uchun 6 ming dollar hamda uning qarindoshiga ingliz tili boʻyicha milliy sertifikat olib berish uchun 1200 dollar, jami 7,2 ming dollarni olgan vaqtida DXX Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi va IJQK departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan qoʻlga olinganiga nima deysiz?

Bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin. Lekin kishini masalaning boshqa jihati oʻylantiradi. Firibgarlarga porani aksariyat hollarda talaba boʻlish ilinjidagi yoshlar emas, ularning ota-onalari beradi. Farzandlarini yoshligidanoq muammolarini bilim bilan emas, pora bilan hal qilishga oʻrgatayotgan bunday ota-onalarning oʻzlari “halollik vaksinasi”ga muhtojday, nazarimizda…

Xalq puliga koʻz olaytirmang!

Prezidentimiz raisligida shu yil 16-yanvar kuni iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha hukumat oldidagi ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida oʻtgan yili byudjetdan 1,2 trln. soʻmlik noqonuniy xarajat hamda 200 mlrd. soʻmlik kamomad va oʻgʻirliklarga yoʻl qoʻyilgani aniqlangani aytildi.

Eʼtibor bering, shuncha mablagʻ xalqimizning ezgu maqsadlari yoʻlida sarflanishi belgilangan. Shunday ekan, nafsining quliga aylangan va el-yurt taraqqiyotidan oʻz manfaatini ustun qoʻygan bunday kishilarni kim deb atash mumkin? Nahotki, ularning maqsad-muddaosi faqat qorin qaygʻusi va mol-dunyoga hirs qoʻyish boʻlsa?

Vaholanki, hayotda uchrayotgan bunday illatlarga murosasiz boʻlish, uni fosh etish bugungi kunning eng dolzarb vazifasidir.

Yana ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilgan maʼlumotlarga murojaat qilamiz. DXXning Jizzax viloyati boʻyicha boshqarmasi materiallari asosida viloyat Davlat moliyaviy nazorati boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tekshiruv natijasida Mirzachoʻl tumani xalq taʼlimi boʻlimi faoliyatidagi qonunbuzarlik holatlari aniqlangan. Xususan, oʻrnatilgan tartib-qoidalarga zid ravishda sinflar shakllantirilishi, taʼtil, ish haqi va ustama pullar ortiqcha toʻlanishi, qurilish-taʼmirlash ishlarida qoʻshib yozish, umumiy oʻrta taʼlim maktablaridagi tovar-moddiy boyliklarda kamomadlar mavjudligi va boshqa holatlar natijasida davlatga 1 mlrd. 593 mln. soʻm miqdorida zarar yetkazilgan.

DXXning Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQK departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda viloyat Soliq boshqarmasi soliq nazorati boʻlimi bosh inspektori Pastdargʻom tumanida faoliyat yurituvchi masʼuliyati cheklangan jamiyatda oʻtkazilgan tekshiruvda aniqlangan 2,5 mlrd. soʻmlik soliq qarzdorligini ushbu tekshiruvni oʻtkazgan hamkasbi orqali 1 mlrd. soʻmga tushirib berish uchun 15 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Eng yomoni, bunday korrupsiya holatlari kasb taqozosiga koʻra adolatni himoya qilishi lozim boʻlgan shaxslar orasida ham uchraydi. Masalan, Namangan shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik firmasi xodimi mahalliy fuqaroning maʼmuriy sudda koʻrilayotgan mulkiy nizo bilan bogʻliq masalasini sud idoralarida ishlovchi tanishlari orqali uning foydasiga hal qilib berish evaziga 10 ming dollar, shuningdek, koʻrilayotgan ish doirasida ekspertiza xulosasini rasmiylashtirib berish evaziga 2 ming dollar, jami 12 ming dollar talab qilib, oldindan 7 ming dollar olgan vaqtida qoʻlga olingan.

Boshqa bir holatda esa Surxondaryo viloyati sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining sudya katta yordamchisi mahalliy tadbirkorning ishonchiga kirib, uning apellyatsiya bosqichida koʻrilayotgan daʼvo arizasini hamkasblari orqali ijobiy hal qilib berish evaziga 6 ming dollar olgan vaqtida DXXning viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan hibsga olingan. Baʼzan “Qoʻlga tushibdi, ajab boʻpti, qadamini oʻylab bossin edi” deb qoʻya qolamiz. Aslida esa qoʻlga tushganni qoralash bilan ish bitmaydi…

Korrupsiyaga qarshi aytar soʻzimiz bormi?

Korrupsiya shunday illatki, u jamiyatda adolatsizlikni, haqsizlikni vujudga keltiradi. Ishda sifat va samaradorlik yoʻqoladi. “Yashirin iqtisodiyot” rivojlanadi.

Albatta, bunday boʻlishiga hammamiz qarshimiz, ammo bilib-bilmay oʻzimiz ham ishtirokchiga aylanib qolayotganimiz, gohida korrupsiyaga yoʻl qoʻygan xodimni koʻrib, koʻrmaslikka olayotganimiz achinarlidir. Chunki korrupsiya aynan oʻsha loqaydligimiz tufayli rivojlanadi.

Masalan, koʻpincha qoidani buzgan haydovchi yoʻl-patrul xizmati vakiliga iltimos qiladi, yolvoradi. Lekin u oʻz vazifasini sidqidildan bajarib, haydovchiga jarima yozsa, “Gapga koʻnmaydigan, nomard odam ekan” deydi. Shaxsiy manfaatdorlik evaziga haydovchining qilgan aybini yashirgan xodimni esa maqtaydi, “Mard ekan, gapga koʻndi” deydi. Bu bilan korrupsiyaga yoʻl ochib berayotganini xayoliga ham keltirmaydi.

Korrupsiyaning katta-kichigi boʻlmaydi. Binobarin, korrupsiya “tegirmoni”ga oʻzimiz suv quyib, tagʻin bu illatdan oʻzimiz nolib yurishimiz ortiqcha.

— Insonni qiyin ahvolga tushiradigan, ruhan ezadigan holatlar ichida eng ogʻiri adolatsizlik hisoblanadi, deyish mumkin, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi aʼzosi Dilbar Mamajonova. — Uning bir ildizi korrupsiya bilan bogʻliq boʻlib, bu shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishida ifodalanadi. Keyingi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi keskin kurash olib borilayotganiga barchamiz guvohmiz. Bu kurashda esa nafaqat biz, deputatlar, balki keng jamoatchilik, oʻqituvchilar, ayniqsa, ota-onalar faol ishtirok etishi lozim. Jamiyatdagi bu illatning yurtimiz taraqqiyotiga Qov, inson shaʼniga qora dogʻ ekanini farzandlarimiz chuqur idrok etishiga erishishimiz kerak.

Maʼlumki, 2023-yil 19-dekabr kuni “Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida dunyo hamjamiyatining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi saʼy-harakatlarini ifodalovchi monument ochildi. Kafti ochiq qoʻl koʻrinishida metalldan ishlangan ushbu oʻn ikki metrlik kompozitsiya halollik, pok amal va niyatlarni, korrupsiyaga nisbatan mutlaq toqatsizlikni, dunyoning barcha mamlakatlarini unga qarshi kurashishda birlashishga chaqiriqni anglatadi. Bu esa Oʻzbekiston korrupsiyaga qarshi kurashdagi mintaqaviy va global tashabbus hamda yangi loyihalarni qoʻllab-quvvatlashini, ularda faol qatnashishga tayyorligini bildiradi. Demak, korrupsiyaning payi qirqilmoqda.

Xulosa qilib aytish mumkinki, Oʻzbekiston korrupsiyaga qarshi kurash sohasida amaliy ishlar bosqichiga chiqdi va bu jarayon uzluksiz davom etadi.

Halollik doimiy dasturimiz boʻlsin

Bugun jamiyatni poraxoʻrlikdan tozalash, bu illatning mamlakat taraqqiyotiga qay darajada salbiy taʼsir koʻrsatayotgani haqida koʻp gapiryapmiz. “Korrupsiya” degan istiloh tilimizdan tushmay qoldi. Ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda kunda-kunora qaysidir sudyaning, taʼlim muassasasi maʼmurining, bojxona yoki prokuratura xodimining katta miqdorda pora bilan qoʻlga tushgani haqida xabar tarqalmoqda.

Bu saʼy-harakatlar natijasida hozirgi kunda aholi orasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat qaror topmoqda. Korrupsiya bilan bogʻliq holatlar tez-tez fosh etilayotgani va aybdorlar jazoga tortilayotgani shuning natijasidir.

Demak, bu harakat yanada keng quloch yoysa, yaʼni har bir shaxs tamagirlik holatiga duch kelganda, bu haqda tegishli organlarga xabar qilsa, pora berishdan tiyilsa, birovning haqidan hazar qilsa, yanada samaraliroq natijaga erishishimiz muqarrar. Zero, korrupsiyadan qutulish — yemirilishdan qutulish ekanini barchamiz anglashimiz shart. Unutmang, korrupsiya uchun faqat pora oluvchi mansabdor emas, balki beruvchi shaxs ham javobgar boʻladi.

Haqiqat shuki, korrupsiyaning oldini olishning eng maqbul yoʻli — halollik. Halollik bor joyda fayzu baraka boʻladi. Bu fazilat esa oilada shakllanib, jamiyatda oʻzini koʻrsatadi.

…Dehqonobod tumanida Oqrabot qishlogʻi bor. Bu manzil purviqor togʻlarga tutashib ketgan. Odamlarining qalbi ham buloq suvidek toza va togʻ havosidek musaffo. Bu qishloqqa yaqin hududdagi togʻda gʻor boʻlib, uning ichidagi harorat qishin-yozin salqin boʻladi. Aholi shu gʻor tokchalarida mol qorniga solingan sariyogʻni saqlashadi. Mahsulot xuddi muzlatkichda turgandek saqlanadi. Hayratlanarli tomoni gʻorning na eshigi bor, na qulfi. Lekin hech kim birovning haqiga xiyonat qilmaydi. Bu holat, shubhasiz, qishloq ahlining “halollik vaksinasi” bilan emlanganidan darak beradi.

Albatta, yurtimizda bunday mahallayu qishloqlar, qalbi pok va begʻubor kishilar koʻplab topiladi. Yaxshi odamlarning borligi uchun ham dunyo mavjud, tiriklik bardavom.

Shu oʻrinda ulugʻ bobokalonimiz, sohibqiron Amir Temurning oʻz vasiyatida “Oʻgʻillarim, adolat va ezgulik qilmoq doimiy dasturingiz, rahbaringiz boʻlsin” degan soʻzlarini yodga olmoqning ayni mavridi. Zotan, biz ulugʻ ajdodlarimizning vorisi ekanimizni, ularga munosib farzand boʻlish vijdoniy burchimiz ekanini hech qachon unutmaylik.

Faxriddin BOZOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?