Fargʻonalik bir guruh tadbirkorlar ragʻbatlantirildi
Ayni paytda Fargʻona viloyatida 59 ming nafarga yaqin tadbirkorlar faoliyat koʻrsatmoqda. 2017-yili ushbu koʻrsatkich 18 mingdan ziyodroqni tashkil etar edi. Birgina joriy yilning olti oyida viloyatda salkam 3 mingta tadbirkorlik subyekti tashkil etilgani bu boradagi ishlar koʻlami nechogʻli yuksak ekanligidan dalolat beradi.
Fargʻona viloyati hokimligida tadbirkorlar bilan yuzma-yuz muloqot chogʻida keyingi yillarda erishilayotgan ana shu kabi yutuqlar alohida eʼtirof etildi.
Maʼlumki, davlatimiz rahbarining 2025-yil 18-avgustda qabul qilingan “Tadbirkorlar kuni munosabati bilan soha vakillaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan mamlakatimizda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, yurtimizning iqtisodiy qudrati va eksport salohiyatini yuksaltirishda salmoqli natijalarga erishayotgan hamyurtlarimiz yuksak orden hamda medallar bilan taqdirlandi. Ularning tashabbuskorligi, zamonaviy bilim va tajribasini namoyon etib, investitsiyalarni jalb qilish, import oʻrnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish, aholi bandligi va farovonligini taʼminlash yoʻlida alohida jonbozligi munosib ragʻbatlantirildi.

Bunday mukofotga loyiq koʻrilganlar orasida Quva tumanida faoliyat olib boruvchi yakka tartibdagi tadbirkor, gul yetishtiruvchi Elyorjon Jalolov ham bor. U gulchilik va koʻchatchilik sohasidagi koʻp yillik samarali faoliyati uchun “Shuhrat” medaliga sazovor boʻldi.
Shuningdek, joriy yil 18-avgust kuni Prezidentimizning “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisida"gi farmoyishi eʼlon qilindi. Farmoyishga asosan fargʻonalik 7 nafar tadbirkor ham koʻkrak nishoniga munosib koʻrildi.
Tantanali tadbirda ana shu mukofotlar oʻz egalariga topshirildi.
— Fargʻona viloyatida xizmat koʻrsatish sohasi soʻnggi yillarda iqtisodiyot drayverlaridan biriga aylandi, — deydi Fargʻona shahridagi “Xayrixon Kamol orzu” oilaviy korxonasi rahbari Kamoliddin Zokirov. —Korxonamizda ham zamonaviy xizmatlar yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bu soha rivojiga qaratilgan yuksak eʼtibor tufayli faoliyatimiz jadal rivojlanmoqda. Menga “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni topshirilishi ertangi kun istiqboli yoʻlida yangi-yangi loyihalarni amalga oshirish uchun motivatsiya beradi. Buning uchun esa imkoniyatimiz va salohiyatimiz yetarli.
Botir MADIYOROV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring