Fargʻonada yoshlar uchun kasblar festivali oʻtkazilmoqda

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Bu yil Fargʻona viloyatida kasbiy taʼlim tashkilotlariga 38 mingdan ziyod yoshlar qabul qilinib, qoʻshimcha 10 dan ortiq yangi va zamonaviy mutaxassisliklar ochilishi rejalashtirilgan.
Ayni jarayonda oʻquvchi-yoshlarni oʻzlari istagan kasb-hunarga yoʻnaltirish, mehnat bozorida raqobatdosh kasblarni egallashga qiziqtirish dolzarb vazifalar sirasiga kiritilgan.
— Prezidentimizning 2024-yil 16-oktyabrda qabul qilingan “Kasbiy taʼlimda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro taʼlim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga koʻra, yangi tashkil etilgan texnikum va politexnikumlarga endilikda umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 9 va 11-sinf bitiruvchilari qabul qilinadi, — deydi Fargʻona viloyati oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshligʻi Toʻychiboy Boymatov. — Shu maqsadda viloyatdagi barcha kasbiy taʼlim tashkilotlarida “Kasb va yoshlar” ochiq muloqot oyligi doirasida tanishuv tadbirlari boʻlib oʻtmoqda. Unda umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilari, maktab ruhshunoslari, masʼullar va ota-onalar ishtirok etishi taʼminlanayotir.
Uchkoʻprik tumanidagi 2-sonli politexnikumida oʻtkazilgan “Kasb va yoshlar” tadbirida maktab oʻquvchilari kasb oʻrganish uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻldi. Yangi oʻquv yilidan taʼlim muassasasiga 700 nafar oʻquvchi qabul qilinadi.
— Bizda payvandlovchi, avtomobillar elektr jihozlariga texnik xizmat koʻrsatish, sartarosh-modelyer, oshpaz-qandolatchi, traktorchi-mashinist kabi kasb yoʻnalishlari bor, — deydi politexnikum direktorining oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari Iqboljon Abdukarimov. —Bugungi tadbir mobaynida har bir kasb yoʻnalishi boʻyicha taqdimotlar oʻtkazilib, oʻquvchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Bagʻdod tuman politexnikumida tashkil etilgan ochiq muloqot va “Kasblar festivali” oʻquvchi-yoshlarda katta qiziqish uygʻotdi. Tadbirga tuman hokimligi masʼullari, ota-onalar, umumtaʼlim maktablarining 9-11-sinf oʻquvchilari taklif etildi.
— Politexnikumda oʻqitiladigan taʼlim yoʻnalishlari, yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar menga juda ham yoqdi, — deydi Bagʻdod tumanidagi 31-maktab oʻquvchisi Ilhom Sobirjonov. — Shu bois “Kompyuter grafikasi va dizayn operatori” yoʻnalishida oʻqishni davom ettirish niyatidaman.
“Yoshlar markazi”dagi qulayliklar, shaxmat, xorijiy tillar toʻgaraklari faoliyati ham barchaga birdek manzur boʻldi. Darslardan soʻng bemalol qoʻshimcha mashgʻulotlar hamda toʻgaraklarga qatnash mumkinligi bizni behad quvontirdi.
Aytish joiz, oʻzaro hamkorlik asosida politexnikumda Fargʻona davlat universiteti professor-oʻqituvchilari tomonidan xorijiy tillarni oʻrganish kursi tashkil etildi. Haftada ikki kun oʻtadigan mashgʻulotlar kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun mutlaqo bepul boʻladi. Umuman olganda, xorijiy til oʻrganish kursida oʻqish istagidagi boshqa oʻquvchilar uchun ham nisbatan arzon narxlar belgilangan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring