Fargʻonada “Umummilliy birdamlik festivali” boʻlib oʻtmoqda

10:52 07 Avgust 2025 Jamiyat
185 0

Ayni kunlarda Fargʻona viloyati boʻylab mamlakatimiz mustaqilligining oʻttiz toʻrt yillik bayramini munosib kutib olish maqsadida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida “Umummilliy birdamlik festivali” boʻlib oʻtmoqda.

Undan koʻzlangan asosiy maqsad milliy birdamlikni mustahkamlash, yoshlar va keng jamoatchilik oʻrtasida Vatanga muhabbat, tinchlik, doʻstlik va bagʻrikenglik gʻoyalarini keng targʻib etish, jamiyatimizda ijtimoiy faollik hamda maʼnaviy barqarorlikni kuchaytirishga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.

— Shahar-tumanlarda oʻtkazilayotgan tadbirlar doirasida “Inson qadri”, “Umummilliy birdamlik”, “Dildagi gaplar”, “Maslahat oshi”, “Farovon hayotga ilk qadam”, “Baxtli bolalik sharafiga”, “Kitob marafoni” singari aksiyalar tashkil etilmoqda, — deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Fargʻona viloyati boʻlimi rahbari Madiyor Turimov. — Oʻz navbatida “Shijoat” vatanparvarlik loyihasi amalga oshirilmoqda Har bir hududda festivalning yakuniy qismi sifatida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida gala-konserlar oʻtkazilayotir.

Fargʻona, Qoʻqon va Margʻilon shahri, Uchkoʻprik, Oltiariq kabi bir qator hududlarda uyushtirilgan yuzma-yuz muloqotlar samimiy diydor onlari bilan yodda qoladigan boʻldi. Poytaxtdan tashrif buyurgan professor-oʻqituvchilar, sanʼatkor va ijodkorlar ishtirokidagi maʼrifiy suhbatlar, adabiy-badiiy dasturlar barchada unutilmas taassurotlar qoldirdi.

— Festivalda “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati yosh aʼzolari tomonidan sahnalashtirilgan “Qasamyod” spektakli keng jamoatchilikda katta qiziqish uygʻotdi, — deydi yosh ijodkor Madaminjon Solijonov. — Boisi ushbu sahna asarida milliy oʻzlik va fidoyilik tuygʻulari, oʻtgan asrda kechgan murakkab tarixiy voqealar aks ettirilgan.

Bunday uchrashuvlar yosh ijodkor va sanʼatkorlarga oʻz isteʼdodini namoyon etish imkonini berishi bilan ham eʼtiborga molik.

Fargʻona shahridagi Ekoshahar amfiteatrida ham festival doirasida gala-konsert tashkil etilib, tadbir qatnashchilari Oʻzbekiston xalq artistlari, taniqli professor, olimlar, shoir va yozuvchilar, kino va teatr aktyorlari, xushovoz xonandalar hamda yosh ijodkorlar chiqishlaridan bahramand boʻldi.

Shu kunlarda Fargʻonada festival tadbirlari davom etmoqda.

Botir MADIYOROV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер