Fargʻonada shakar narxi 25 ming soʻmga chiqdimi?

21:09 09 Iyun 2022 Iqtisodiyot
907 0

Foto: Illustrativ foto

Ijtimoiy tarmoqlarda Fargʻona shahridagi dehqon bozorida bir kilogramm shakar 22-25 ming soʻmdan sotilayotgani hamda uzundan-uzun navbatlar yuzaga kelgani aks ettirilgan videolavha tarqatildi. Xoʻsh, Fargʻonada shakarning narxi nega oshib ketdi?

“Xalq soʻzi” muxbiri ushbu savolga aniqlik kiritish maqsadida Fargʻona viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Dilmurod Jumaboyevga murojaat qildi.

Maʼlum boʻlishicha, mazkur holat yuzasidan Fargʻona viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Avaz Oʻrinboyev, Fargʻona shahar hokimi Vosiljon Nazarov hamda sektor rahbarlari ishtirokida bozor hududida tezkor oʻrganish ishlari olib borildi.

Bozorda har kuni 8 tonna arzonlashtirilgan narxda – 10 ming soʻmdan shakar sotuvi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, videolavhada aks etgan holatda arzon narxdagi shakarni sotib olish istagida boʻlgan xaridorlardan shakllangan navbat tasvirga tushirilgan.

— Bundan buyon bu kabi tartibsiz navbat yuzaga kelishining oldini olish maqsadida bozor hududida arzon sotish nuqtalari hamda sotuvchilar soni koʻpaytirildi, — deydi Fargʻona shahar hokimi Vosiljon Nazarov. — Milliy gvardiya xodimlari tartibli navbat bilan sotuv yoʻlga qoʻyilishini taʼminlaydi. Shuningdek, arzonlashtirilgan narxlarda shakar mahsuloti sotuvini Fargʻona shahrining aholi gavjum bir necha hududlarida yoʻlga qoʻyish boʻyicha aniq chora-tadbirlar rejasi belgilandi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер